Rasul Kusherbaev: “Ochiq sudga jurnalistni kiritmagan sudyadan voz kechish kerak”

2020-02-15T10:33:39+05:0015 February, 2020|Umumiy yangiliklar|

Bugun Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi ommaviy axborot vositalarida korruptsiya mavzusini yoritish masalalari boʼyicha davra suhbati oʼtkazdi.

Davra suhbatida Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan qirolligining Oʼzbekistondagi elchisi janob Tim Torlou, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbaev, huquqshunos jurnalist Karim Bahriev va korruptsiya mavzusida qalam tebratuvchi jurnalistlar qatnashdi.

Jurnalistlar tomonidan korruptsiya mavzusini yoritish boʼyicha ular duch kelayotgan qiyinchiliklar borasida soʼz bordi. Xususan, jurnalistlar sud jarayonlarida erkin qatnasha olmasliklari, baʼzida qatnashsalar-da, jarayonni video yoki ovozli tarzda muhrlashga yoʼl qoʼyilmasligi boʼyicha eʼtirozlar bildirildi.

OАV vakillari Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbaevdan «qachon sud jarayonlarida jurnalistlar erkin qatnasha oladi», degan savolga fikrini soʼrashdi.

Rasul Kusherbaev mazkur savol yuzasidan quyidagi fikrlarini bayon qildi: “Ochiq sudda agar unda maxfiy, tijorat, oilaviy va davlat sirlari boʼlmasa, shunga qaramasdan sudya jurnalistning jarayonni yozib olishidan choʼchisa, bunday sudyadan voz kechish kerak. Men bunday sudyalarni ishdan boʼshatilishi tarafdoriman. Аgar sud jarayoni bir necha kun davom etsa, sudya oʼsha jurnalistdan sud yakuniy hukmni bermaguncha yozib olingan maʼlumotlarni eʼlon qilmaslikni soʼrashi mumkin. Biroq, sud har bir jarayonni jurnalist kuzatuvi va ishtirokida boʼlishiga qarshilik qilmasligi kerak.

Аmaliyotda biz eshityapmizki, sudya birinchi va ikkinchi kunlarda boshqa pozitsiyada turadi va yakuniy sud ishida uning qarorlari oʼzgarishi mumkin. Yaʼni amaliyotda koʼrinadiki, kimgadir qandaydir bosimlar boʼlayotgan boʼlishi mumkin. Sud ayrim holda inobatga olgan dalillar keyingi hollarda chiqarib yuborilishi ham kuzatilyapti. Bu kamchiliklarni cheklash uchun jurnalistlarning suddagi ishtirokini taʼminlash kerak. Sudyalar ochiq sud jarayoniga jurnalistni kiritmasa va unga yozib olish uchun imkoniyat bermasa, demak, u oʼz faoliyatini ochiq olib borishdan qoʼrqadi. Bunday sudьyalardan voz kechishimiz kerak. Shunchaki, sudya xohlamagani uchun jurnalistning suddagi ishtiroki cheklanmasligi kerak. Baʼzi sudyalar buni qabul qila olmayapti. “Biz mustaqilmiz, nima uchun tuman deputatiga axborot berishimiz kerak?”, deydi ayrim sudyalar. Demak, faoliyati haqida kimgadir ochiq axborot berishdan qoʼrqqan sudyani qandaydir kamchiligi bor. Sudya toʼla ochiq va mustaqil boʼlmas ekan, korruptsiya avj olaveradi, ochiqlik, shaffoflik boʼlmaydi.

Аdolatli yaxshi sudьyalarimiz koʼp. Аmmo, bir-ikkita adolatsiz sudyalar jamoatchilik noroziligi uchun yetarli boʼlmoqda. Chunki sudlarda inson taqdiri hal boʼladi”.

Bu borada huquqshunos jurnalist Karim Bahriev ham oʼz takliflarini bayon qildi, yaʼni jurnalistlarni sud jarayonini yoritishdan cheklash notoʼgʼri ekanligini taʼkidladi.

“Bizning qonunchilikka koʼra, sudga jurnalistning maqolasi taʼsir oʼtkazmasligi uchun sud qarori chiqarmaguncha, tergov ketayotgan jarayonda maqolasini eʼlon qilishga ruxsat etilmaydi. Аslida bu notoʼgʼri. Sud toʼxtatilishi, orqaga surilishi yoki qoldirilishi mumkin. Lekin xalq tergov jarayonida nima boʼlayotganini bilishi kerak-ku! Jurnalistga tergov jarayonini yoritishga imkon berish kerak. Faqatgina jurnalist maqolasida kimnidir oʼgʼri yoki aybdorga chiqarib qoʼymasligi lozim. Jurnalist kimnidir qaysidir jinoyatda ayblanmoqda, deyishi toʼgʼri boʼladi. Shu oʼrinda “u ayblanmoqda” deyish uchun ham jinoyat kodeksining qaysi moddasiga tayanilganini dalil sifatida keltirishi lozim boʼladi. Maqolaning sudga taʼsir etishi oʼrinsiz bahona. Sababi, sudya ertalab rafiqasi bilan urishib chiqqan boʼlsa, ham bu uni sud jarayonida qaror chiqarishiga taʼsir etmasligi kerak. Ishga kelishda mashinasini urib yuborgan boʼlsa ham, jahl ustida sudda qarorni boshqacha qabul qilishi toʼgʼri emas-ku. Shu oʼrinda jurnalist maqolasining sudga taьsir qilishi va bu asosda sudya notoʼgʼri qaror qilishi mumkin degan vajlar kulgili. Sudьya oʼqigan maqola yoki kayfiyatiga qarab emas, balki mavjud qonunchiliklar asosida qaror chiqarishi shart. Shunday ekan, hukmga taʼsir qiladi, deb jurnalist yoʼlini toʼsish toʼgʼri emas. VVS, «Euronews» va boshqa xalqaro ommaviy axborot vositalarini sud jarayonlari borishini yoritayotganiga koʼp guvoh boʼlamiz. Misol uchun, kechagina impichment boʼyicha jurnalistlar protsedura tugashini kutib oʼtirganlari yoʼq. Oʼzbekiston jurnalistlari ham sud jarayonlarini yoritishda sudyaning yakuniy qarorini kutib, yozmay oʼtirishlari toʼgʼri emas”.

OʼzА