Qonunchilik palatasida yangi tarkibda normativ-huquqiy atamalar komissiyasi tuzildi

2020-02-12T06:11:58+05:0012 February, 2020|Umumiy yangiliklar|

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashining yig‘ilishida yangi tarkibda normativ-huquqiy atamalar komissiyasini tuzish to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi.

Qonun ijodkorligi faoliyatida qonunning matnida birgina so‘z, birgina atamaning, hatto birgina tinish belgisining noto‘g‘ri qo‘llanilishi uslubiy g‘alizlik va chalkashliklarni keltirib chiqaradi. Va bu hol qonunlarni amaliyotda qo‘llashda, shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun ham parlament tasdig‘idan o‘tayotgan har bir qonun, uning har bir moddasi adabiy til qoidalari va me’yorlariga muvofiq tarzda aniq, lo‘nda va tushunarli qilib yozilishi shart. Chunki, har bir qonun va uning moddasi zamirida inson taqdiri turadi.

Shundan kelib chiqqan holda, milliy parlamentimizda Normativ-huquqiy atamalar komissiyasini tuzish an’anaga aylangani sababli Kengash kun tartibiga yangi tarkibdagi Qonunchilik palatasining Normativ-huquqiy atamalar komissiyasini tuzish to‘g‘risidagi masala kiritildi.

Mazkur komissiyaning Nizomiga muvofiq, uning asosiy vazifalari aniq belgilab berilgan. Xususan, qonun loyihalarida atamalarning qonun hujjatlarida qabul qilingan ma’nosiga muvofiq holda, ularni turlicha izohlash ehtimolini istisno etgan tarzda to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlash, qonun loyihalarida adabiy til qoidalari va normalariga, yuridik texnika qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish, qonun loyihalarida kelib chiqadigan grammatik, stilistik va boshqa nomuvofiqliklarni qonunning mazmun-mohiyatiga zarar yetkazmagan holda tahrir qilish kabilar komissiyaning asosiy vazifalari sirasiga kiradi.

Ilk bor bundan 20 yil muqaddam tuzilgan Normativ-huquqiy atamalar komissiyasining faoliyati yillar davomida takomillashib bordi. Ikki palatali parlament tashkil etilgach, ushbu komissiyaga bo‘lgan ehtiyoj yanada kuchaydi. Chunki doimiy asosda faoliyat yurituvchi Qonunchilik palatasida qonun loyihalari ustida ishlash jarayonlari yanada takomillashib, har bir qonun loyihasini palata majlisida moddama-modda muhokama qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

Komissiya o‘tgan chaqiriqda — 2015–2019 yillarda, ayniqsa, samarali faoliyat yuritdi. Besh yil ichida 170 marotaba yig‘ilish o‘tkazilib, ularda jami 300 dan ziyod qonun loyihasi, shu jumladan, 5 ta kodeks atroflicha ko‘rib chiqilib, takomiliga yetkazildi.

Komissiya o‘z faoliyati davomida faqat qonunlarda qo‘llanilayotgan normativ-huquqiy atamalarga e’tibor qaratib qolmasdan, balki ularda ifodalanayotgan qoida va normalarning mazmun-mohiyatiga, tahririga taalluqli ko‘plab jiddiy taklif va fikr-mulohazalarni ilgari surdi. Masalan, birgina 2019 yilning o‘zida komissiyaning qonun loyihalari normalari hamda qoidalarining mazmun-mohiyati va tahririga oid 700 dan ortiq taklifi, matnlarning stilistik va grammatik jihatdan to‘g‘ri bayon qilinishiga doir 2000 dan ziyod taklifi, shuningdek, ularda yuridik texnika hamda boshqa maxsus qoidalarning to‘g‘ri qo‘llanilishi bo‘yicha 500 dan ziyod taklifi ilgari surildi. Ushbu takliflarning barchasi qo‘mitalarning ishchi guruhi tomonidan qabul qilinib, inobatga olindi.

Ushbu masala Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar e’tiboriga havola qilinadigan bo‘ldi.

Nurillo NASRIYEV, Oqil G‘ULOMOV (surat), O‘zA