To’y va marosimlarni tartibga solish bo’yicha targ’ibot tadbirlari o’tkazilmoqda

2020-02-07T15:14:07+05:007 February, 2020|Jizzax vil.|

Ma’lumki, joriy yilning 1 yanvar kunidan boshlab Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi Kengashlarining 2019 yil 14 sentyabrdagi “To’y-hashamlar, oilaviy tantanalar, maraka va marosimlar, marhumlar xotirasiga bag’ishlangan tadbirlar o’tkazilishini tartibga solish tizimini takomillashtirish to’g’risida”gi qarori kuchga kirdi.

Albatta, bu jarayon jurnalistlardan targ’ibot va tashviqotning eng samarali usullaridan foydalanishni talab etadi.

Jizzax shahar Sayiljoy mahalla fuqarolari o’rtasida mazkur mavzuga bag’ishlangan davra suhbati o’tkazildi. Tadbirga viloyat adliya boshqarmasi, “Nuroniy” jamg’armasi, O’zLiDeP viloyat Kengashi “Ayollar qanoti” va deputatlar taklif etildilar.

Davra suhbatida so’zga chiqqan O’zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo’limi mutaxassisi N.Alimova o’tkazilayotgan eng namunali to’y va marakalar haqida, shuningdek, tejalgan mablag’larning farzandlar kamoli uchun nufuzli ta’lim muassasalarida o’qitishga, oila farovonligini ta’minlash maqsadida uy-ro’zg’or maishiy texnikalarni xarid qilib ishlatish, salomatlikka e’tibor berish kabi dolzarb masalalarga e’tiborni qaratdi.

Tadbir davomida ishtirok etgan mutaxassislar ham qarorning mazmun-mohiyatini yig’ilganlarga uqtirdilar hamda kelgusida unga amal qilmagan hollarda jarimalarga tortilish tartiblarini tushuntirdilar.

Davra suhbati so’ngida mahalla faollari tomonidan eng namunali to’ylar hamda tartib qoidalarga rioya qilinmagan holatlarni mahalliy ommaviy axborot vositalari orqali ko’rsatib borish haqida kelishib oldilar.

Nodira Aliyeva

O’zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi

Jizzax viloyat bo’limi mutaxassisi