Ma’naviyat va ma’rifat bo‘limlarining samarasiz faoliyati sabablari nimada?

2020-02-06T18:31:27+05:006 February, 2020|Navoiy vil.|

Ma’naviyat. Qayta va qayta quloqqa chalinadigan bu so‘zning yuki va mas’uliyatini har kim har xil tushunadi. Sababi, tilimizda “ma’naviyatchi” degan xunuk bir jumla ham tez-tez aylanadiki, bu hisobot uchun xo‘jako‘rsinga u yoki bu tadbirlarni uyushtiradigan kimsani anglatadi.

Ma’naviyat tadbiriga majburiy jalb etilgan auditoriyadan aslida nima naf? Nega bunday keng ko‘lamli tadbirlar avvaldan e’lon qilinib emas, balki falon istitutdan uncha, piston maktabdan mana buncha kishi ishtiroki ta’minlasin mazmunidagi xatlar yo‘naltirib, amalga oshiriladi?

Respublika Ma’naviyat va Ma’rifat markazi Navoiy viloyat bo‘limining 2019 yildagi faoliyati yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida ayni muhokama markazida bo‘ldi.

Navoiy shahridagi “Kovorking” markazida o‘tkazilgan anjuman O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida tashkil etildi.

Unda dastlab Ma’naviyat va Ma’rifat markazi viloyat bo‘limining rahbari vazifasini bajaruvchi Akramjon Muqimov jurnalistlarga o‘tgan yil davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot berdi.

Ochiq va shaffoflik prinsiplari asosida o‘tkazilgan anjumanda ma’naviyat targ‘ibotchilari tomonidan o‘tkazilayotgan tadbirlar orqali aholining ma’naviyatini yuksaltirishga asosiy e’tibor qaratilayotgani alohida ta’kidlandi. Hisobotda bir qator raqamlar ­tilga olindi. Xususan, 14 yanvar – “Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan 160 ga yaqin tadbirlar tashkil etilib, 10 ming 400 nafardan ortiq ishtirokchilar qamrab olingan. Yoki huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha hamkor tashkilotlar ishtirokida 430 ta tadbir uyushtirilib, ularda 24 ming nafardan ortiq aholi qatnashgan.

Aslida bu darajadagi keng ko‘lamli ishlarni viloyatdagi sanoqli xodimlar bilan amalga oshirish imkonsiz, albatta. Ayni shu jihat jurnalistlar tomonidan tanqidga olindi. Ma’naviy ishlarning samaradorligi salmog‘da emas, sifatda ko‘rinishi lozimligi, alohida ta’kidlandi.

­­- ­Nega o‘tkazayotgan ma’naviy tadbirlarimiz faqatgina bayram yoki tavallud kunlarigagina xos bo‘lmoqda, ­- dedi “Xalq so‘zi” gazetasi muxbiri T.Eshboyev. ­– Ma’naviyat masalasi faqat sanalarga bog‘liq emas. Bundan tashqari, alohida nodavlat tashkilot bo‘lgan Ma’naviyat va ma’rifat bo‘limlarining samarasiz faoliyat yuritishiga ularning norasmiy ravishda hokimliklarning bir bo‘limiga aylangani sabab bo‘lmoqda. Bo‘lim mas’ullari nega hokimliklar ishlariga jalb qilinyapti?

Akramjon Muqimov mazkur holatga izoh berar ekan, kamchiliklar haqiqatan borligini tan oldi. Shuningdek, bugungi kunda bo‘limlar faoliyatini takomillashtirish borasida tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqilayotganli ham aytildi.

– Biz xalq orasida hurmat-e’tiborga hamda oratorlik qobiliyatiga ega 70 nafar kishining ro‘yxatini tuzib chiqdik, ­- dedi A.Muqimov. ­– Endilikda tadbirlarda zerikarli ma’ruzalardan voz kechib, aynan shu insonlarning ishtirokini ta’minlamoqchimiz. Ular turli soha vakillari. O‘tgan davrda ma’naviyat tadbirlarimizda ma’ruzachilarimiz asosan san’atkorlar yoki hamma uchun tanish bo‘lgan mahalliy kadrlardan iborat edi. Endilikda olimlar, fan doktorlari, ilmiy salohiyatga ega insonlarni xalq orasiga ko‘proq olib kirishga harakat qilmoqchimiz.

Matbuot anjumani so‘nggida jurnalistlar tomonidan bo‘limlar faoliyatini yaxshilash uchun bir qator takliflar o‘rtaga tashlandi. Jumladan, bo‘limlarning hokimlik idoralaridan alohida binoga ko‘chib chiqishi maqsadga muvofiq. Xususan, Konimex tumanida o‘tgan yili alohida ma’naviyat va ma’rifat markazi tashkil etilgani bunga misol bo‘ladi. Shuningdek, ma’ruzachilarning moddiy manfaatdorligi masalasini ham ko‘rib chiqish lozim. “Ma’naviyat soatlari”ga ma’ruzachi jalb etgan korxona-tashkilot bo‘limlarga buning haqini to‘lab berishi, o‘z o‘rnida bo‘limlar tegishli hamkorlar bilan hisob-kitob qilish tizimini ham yo‘lga qo‘yishi kerak.

Ochiq va shaffof o‘tgan muloqotda tegishli sohani yanada rivojlantirish va istiqboldagi rejalar xususida atroflicha fikr-mulohazalar almashildi. Bo‘lim rahbariyati tomonidan bildirilgan takliflar inobatga olinib, kelgusida amaliyotga qo‘llanilishi bildirildi.

Ozod MUSTAFOYEV.