Qog‘ozni yaxshi ko‘raman

2020-02-06T18:25:53+05:006 February, 2020|Uncategorized|

Kimga qanday, bilmadimu shaxsan menga internet degani yoqmayapti. Avval yaxshi edi, ammo keyingi paytda hamma narsa shu matohga o‘tib ketayotgani asabimni buzyapti.

O‘tgan yil yangi kelgan rahbarimiz endi yuqori idoralarga ham, quyi tizimga ham hujjatlarni elektron shaklda yuboramiz, shu tarzda qabul qilamiz, qog‘ozdan foydalanmaymiz, degandi.

Bu gaplarni avvalgi boshliqlardan ham eshitganimiz uchun unchalik e’tibor qilmagandim. Ha, endi yangi rahbar, yangicha ishlaymiz, deb aytdi-qo‘ydi-da, deya o‘ylagandim.

Yo‘q, adashgan ekanman. Tez orada yangi tizim ishga tushib, hujjatlar elektron shaklda aylana boshladi. O‘rganish qiyin bo‘ldi-yu, ammo uddalasa bo‘lar ekan.

Bir hisobdan shuyam yaxshi bo‘ldi. Ilgari ba’zida ikki kunda bir “pachka” qog‘oz ketib qolardi. “Zavxoz”dan kunora qog‘oz so‘rab, yuzimning suvini oqizganim bilan baribir bermasdi. “Oylik limitingiz tugagan, ukajon”, deb ko‘zimga qarab bez bo‘lib turaveradi.

Keyin nachora, eshigimizni qoqib, xizmat bormi, deya qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib turadigan kishilarga, “boring bir pachka snegurochka olib keling”, deyishga majbur bo‘lardik-da. Yoki ayrim kishilarga “o‘tkazib qo‘ygan” bo‘lsak, bitta telefon qilib aytsak, shes sekundda yoniga boshqa narsalar ham qo‘shib olib kelishardi.

Endi bunaqa gaplar yo‘q. Lekin hisobot ko‘tarib kelib, eshik oldida imomizga mahtal bo‘lib, kutib turadiganlar ham qolmagan-da. Shunisi biroz alam qiladi. Kimga topshiriq bersangiz yoki hujjat jo‘natsangiz, internetdan javob yozadi. Hoy, baraka topkur, shu yozganingni ikki varaqqina qog‘ozga chiqarib, huzurimizga kelmaysanmi. Biz xatni o‘qib, bir-ikkita joyini tuzatgan, o‘chirgan, so‘z qo‘shgan kishi bo‘lib, “Sizga bir soat muhlat, boshqatdan chiqarib keling”, demaymizmi?

Hozir biror bir tadbirdan fotosurat so‘rasangiz ham ahvol shu. Internetdan bir dunyo surat tashlab qo‘ya qoladi. Ilgari-chi? Eh, qanaqangi albomlar tayyorlatardik-a!? Tanlovga aylanib ketardi bu albomlar. Bir-ikkitasi chiroyli tayyorlab kelganini aytsak bormi, keyin ko‘ring-da “Men undan kammi?” deb olib kelgan albomlarini. Ko‘pi bir marta ham ochilmay qolib ketardi-yu, lekin topshiriqqa munosabat boshqacha edi, hurmatimizni joyiga qo‘yishardi. Eh, buning gashti boshqachaligini ishlab ko‘rganlar biladi-da. Hozir-chi, na birovni urisha olasiz, na qattiq gapirib bo‘ladi.

Kecha bir tashkilot xodimiga qo‘ng‘iroq qilib, “Nega oylik hisobotni vaqtida topshirmadingiz” desam, “Aka, kecha telegramingizga tashlab qo‘ygandim, ko‘rmadingiz o‘zingiz” deydi. Men ko‘rmaganimni ham biladi-yey. Shu gapdan keyin indamay qo‘ydingizmi, deysizmi? Qayoqda?! Tashlagan ekansan, shuni bir og‘iz telefon qilib aytib qo‘ysang asakang ketadimi, deb baribir urishdim. Shunday qilmasangiz hurmatingiz qolmaydi-da.

Hujjatlar-ku mayli, ko‘nikib qoldik. Hozir shikoyat, arizani ham internetdan jo‘natishayotgani alam qiladi-da. Avvallari qog‘oz shaklida kelgani ancha qulay edi. Men vaqtida olmadim, desangiz ham yoki bir necha kun avvalgi sanani qo‘yib arizani yopsangiz ham birov bilmasdi. Ayrim xatlar, arizalarni yo‘qotib yuborsangiz juda tiqilinch qilib so‘rab o‘tirishmasdi.

Endi bunaqa gaplar o‘tmayapti. Elektron shaklda kelgan murojaatning vaqti ham aniq-tiniq ko‘rinib turar ekan, aytilgan vaqtda yopmay ko‘ring-chi, ko‘radigangizni ko‘rasiz. Shikoyatchi ham kelib, dardini aytmaydi. Yana internetdan yozadi – bizning masalamiz nima bo‘lyapti, qachon javob yozasiz, falon kun qoldi javob berishingizga, deb shart qo‘yadi.

Ha, aytgancha, sizga kecha yuborgan xatim bor-ku, o‘shaning javobini bugun bering. Qog‘oz variantini ham yuboring, iloji bo‘lsa, suratlari bilan. Yo‘q-yo‘q, hisobot uchun emas, o‘zim uchun. Eshigimdan birov qog‘oz ko‘tarib kelsa, yaxshi-da. Siz o‘zimizning odam bo‘lganingiz uchun aytdim, har xil xayolga borib yurmang, tag‘in. Biz qog‘ozbozlikka qarshimiz, elektron hujjat aylanishini ma’qullaymiz…

Qog‘ozboz mas’ulning

so‘zlarini G‘olib HASANOV kompyuterga tushirdi.