“Sinxua” vakili O‘zAda

2020-02-06T18:21:24+05:006 February, 2020|Umumiy yangiliklar|

Ma’lumki, Xitoy Xalq Respublikasining “Sinxua” axborot agentligi butun dunyoda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalar haqida tezkor xabar tarqatuvchi yetakchi axborot agentliklaridan biridir.

Bugungi kunda mazkur agentlik 160 mamlakatda o‘z bo‘limlariga ega. Dunyoning qator yirik shaharlarida agentlikning bosh ofislari va tahririyatlari joylashgan.

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi “Sinxua”ning mintaqadagi muhim hamkoridir. Agentliklar o‘rtasidagi aloqalar ikki mamlakat xalqlarini O‘zbekiston va Xitoyda hamda dunyoda ro‘y berayotgan voqealar to‘g‘risida xolis, haqqoniy axborotlar bilan tezkor ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi.

Bugun O‘zA Bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov va “Sinxua” axborot agentligining Toshkentdagi vakolatxonasi rahbari Say Godunning uchrashuvida agentliklar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Muloqot chog‘ida OAV sohasidagi aloqalarning rivojlanishi mamlakatlarimizning axborot imkoniyatlarini oshirish, xorijiy davlatlarda O‘zbekiston haqida xolis axborot tarqatish va yurtimiz obro‘-e’tiborini yanada yuksaltirishga xizmat qilishi qayd etildi.

O‘zA