Fotimaning orzusi amalga oshdi

2020-02-04T11:44:38+05:004 February, 2020|Sirdaryo vil.|

Oliy Majlis Senati a’zosi Farhod Boqiyev tashabbusi bilan Guliston shahrida yashovchi Oqmirzayevlar xonadonida jurnalistlar bilan uchrashishni orzu qilgan o‘quvchi qiz – Fotimaxon bilan ijodiy muloqot tashkil etildi.

Oilada to‘ng‘ich farzand hisoblangan Fotimaxon Jo‘rayeva oyog‘ida tug‘ma nuqson bilan dunyoga kelgan. Hozirda u faqat aravacha vositasida yura oladi. Uy ta’limini olayotgan, yurtimizning umidli farzandlaridan biri hisoblangan ushbu qizning harakatchanligi hamda bilimga chanqoqligini ko‘chada vaqtini behuda sarflayotgan har qanday to‘rt muchasi sog‘ tengdoshiga namuna sifatida ko‘rsatsa arziydi.

Fotima kitob o‘qishni juda yaxshi ko‘radi. Aytishicha, shu yildan boshlab maqolalar ham yoza boshlabdi. Uning ilmga bo‘lgan muhabbatini ko‘z qarashlaridan, gapirayotgan so‘zlaridan ilg‘ab olish qiyin emas.

«Avvallari maqola yozmas edim. Lekin hayolotimdagilarni oq qog‘ozga qoralab turardim. Yangi yil arafasida senator Farhod aka uyimizga meni yo‘qlab, viloyatimiz hokimi sovg‘a qilib yuborgan bir talay kitoblarni ko‘tarib kelganlarida qoralamalarimni ko‘rib, «Iye, siz yaxshigina qalam sohibi ekansiz-ku, maqolalar ham yozib tursangiz bo‘lar ekan» degandilar. O‘shanda ularning birgina mana shu so‘zi yanada ko‘proq ijod bilan shug‘ullanishimga turtki bergandi. Shunda men hayotda jurnalistlar bilan yuzma-yuz ko‘rishmaganimni, ular bilan uchrashishni juda-juda xohlashimni aytgandim. Farhod aka bu istagimni amalga oshirishda yordam berishni va’da qilgandilar. Mana bugun so‘zlarining isboti sifatida ushbu uchrashuvni tashkillashtiribdilar. To‘g‘risi, kichik bir orzuim amalga oshganidan g‘oyat mamnunman», – deydi Fotimaxon.

Uchrashuvda «Xalq so‘zi» gazetasining viloyatdagi muxbiri Ahmadali Shernazarov, viloyat televideniyesi xodimi Nigora Imomqulovalar tomonidan jurnalistikaga qiziquvchi Fotimaxonga soha bo‘yicha tegishli maslahatlar berib o‘tildi.

Xususan, «Jurnalist kasbi, aslini olganda, juda og‘ir kasb. Lekin mazzasi juda shirin, qachonki sen oldingga qo‘yilgan sinovlarni yengga olsang. Qizim, agar sen mana shu sohani egallamoqchi bo‘lsang, hozirdan chuqur bilim olishga intilgin, o‘zing sevgan mavzularda maqolalar yozgin. Kitob mutolaasidan, ilm sari harakatdan hech qachon to‘xtama, qoralamalaringni ko‘paytirib, qalamingni charxlab borishda davom et. Hozirda masofadan turib ishlash juda rivojlangan. Sen ham bu sohada bemalol faoliyat yurita olasan, ijodiy mahoratingni oshirishingda biz senga yordam beramiz» dedi jurnalist Ahmadali Shernazarov.

Uchrashuv so‘nggida senator Farxod Boqiyev Fotimaxonga nodir kitoblar to‘plamini sovg‘a qildi.

Diyoraxon NABIJONOVA,

O‘zJOKU talabasi.