Samarqandda 20 qavatli IT-Park bunyod etiladi

2020-02-03T14:34:22+05:003 February, 2020|Samarqand vil.|

Viloyat Matbuot uyida viloyat hokimligi axborot xizmati, viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi, Oʼzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat boʼlimi hamkorligida matbuot anjumani boʼlib oʼtdi.

Unda 2019 yilda viloyatda iqtisodiyotni, tadbirkorlikni rivojlantirish yakunlari, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga muvofiq xizmat koʼrsatish va servis, qishloq xoʼjaligi sohasida amalga oshirilgan ishlar hamda 2020 yil uchun belgilangan vazifalar xususida batafsil maʼlumot berildi.

Taʼkidlanganidek, 2019 yil viloyatda tayyor mahsulotlar, butlovchi qismlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi asosida 40 ta loyiha boʼyicha 20 ta korxonada 587,5 milliard soʼmlik mahsulotlar ishlab chiqarilgan boʼlib, 876 ta yangi ish oʼrni yaratildi. Shu bilan birga, mahalliylashtirilgan mahsulotlarni ishlab chiqarish va eksport hajmi 2,6 martaga koʼpaydi.

– 2020-2022 yillarda viloyatni kompleks rivojlantirish Dasturi asosida 889 ta loyiha amalga oshiriladi, – dedi matbuot anjumanida qatnashgan viloyat hokimining birinchi oʼrinbosari Jamshid Oʼroqov. – Buning natijasida 15 ming 227 ta yangi ish oʼrinlari yaratilishi koʼzda tutilgan.

Shuningdek, 2020 yilda yoshlarning bandligini taʼminlash, tadbirkorlikka keng jalb etish maqsadida bir qator ishlar amalga oshiraladi. Jumladan, yoshlar uchun IT-Park tashkil etiladi. Buning uchun 20 qavatli bino qurilishi rejalashtirilgan. Bu yerda 300 nafar yoshlarning dasturlar yaratish bilan shugʼullanishi uchun barcha sharoit yaratiladi.

Toʼlqin SIDDIQOV.