Ilm-ma’rifat taraqqiyotni belgilaydi

2020-02-01T05:11:30+05:001 February, 2020|Umumiy yangiliklar|

Prezidentimizning parlamentga Murojaatnomasini tinglab, ilmni yanada qadrlash va chinakam fuqarolik jamiyati zamoni keldi, degan xulosaga keldim.

Ma’ruzadagi aniq faktlar, dalillar, taklif va tavsiyalar hamda ko’rsatmalar salohiyati va tanqidiy-tahliliy ruhi har bir xalq vakilini kelgusidagi vazifalarni aniq amaliy ishlar asosida rejalashtirishni talab etadi.

Davlatimiz rahbarining xalqni, ayniqsa, yoshlarni ma’rifatli qilish uchun bildirgan fikrlari tarixiy jarayonning yorqin namunasi. Ya’ni, bu so’zlarni yillar davomida kutgan insonlar kam emas. Chunki ancha yil oliy va xalq ta’limi tizimidagi mavjud korruptsiya sabab ta’lim va tarbiya sifati, darajasi tushib ketgan edi. Qog’ozbozlik, formal faoliyat sabab haqiqiy ta’limning amaliy ifodasi ko’rinmay qolgan edi. Endi esa haqiqiy ziyoli shaxsning jamiyatdagi mavqei barqarorlashadi.

Murojaatnomada Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “El-yurt umidi” jamg’armasining davlat grantlari hisobidan 700 nafar olimlar va tadqiqotchilar xorijga malaka oshirish uchun yuboriladi. Bu keyinchalik ikki barobarga oshiriladi, deyilishi shunchaki gap emas. Axir, bu minglab olim-tadqiqotchilarimizning orzusi edi. Bu o’z navbatida, mamlakatimizda ilmiy salohiyatning oshishi, yangi tadqiqot va kashfiyotlar, ixtirolarning muhim omili bo’lib xizmat qiladi.

Azaldan har qanday rivojlangan mamlakatning poydevorini ilm-ma’rifat tashkil etgan. Buni Singapur, Yaponiya, AQSh kabi davlatlar misolida ham ko’rish mumkin. Buyuk yozuvchi Onore de Balzak: «Ilmning xo’jayini bo’lishni istagan kishi mehnatning quli bo’lsin», deya ilm va mehnat uyg’unligiga e’tibor qaratadi. Ya’ni, chinakam mehnatsevar odamgina ma’rifatli bo’la oladi, farovon yashaydi va jamiyat rivojiga munosib hissa qo’shadi. Murojaatnomada ham aynan shu aqida ilgari suriladi. Demak, biz har qanday muammoni hal etishimiz uchun avvalo, ilmga e’tibor berishimiz kerak. Chunki bilimsizlik qashshoqlikni keltirib chiqaradi.

Prezidentimiz xalq vakillariga murojaat qilib, yana bir muhim masala – xalq roziligi borasida ham alohida e’tibor bilan shunday ta’kidladi: “Yangi Parlament va Hukumatning kelgusi 5 yildagi faoliyatining pirovard maqsadi – O’zbekistonda yashayotgan ko’p millatli xalqimiz hayotini yuksaltirishdan iborat bo’lishi shart. Shu munosabat bilan deputatlarimizga murojaat qilib, shuni aytmoqchiman: saylovoldi uchrashuvlarida aholi tomonidan ko’tarilgan dolzarb masalalarni hal etish bo’yicha aniq dastur va “Yo’l xaritasi”ni ishlab chiqish hamda uni mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda to’liq amalga oshirish zarur”.

Bu gaplardan har bir deputat va jamoatchilik kengashi vakillari xulosa chiqarishi zarur. Biz allaqachon shu tamoyil asosida ish rejalarni tuzishga kirishdik.

Bu tarixiy Murojaatnoma, shubhasiz, xalqaro tashkilot vakillari va ekspertlari tomonidan ham keng muhokama etiladi. Sababi, unda yangi rivojlanayotgan O’zbekistonning ustuvor yo’li belgilab berildi.

O’ylaymanki, ilm-ma’rifat tamoyili asosida shakllanadigan iqtisodiyot albatta, o’zining ijobiy samarasini beradi. Chunki har qanday iqtisodiy rivojlanish zamirida bilim va tajriba mujassam. Biz tadbirkorlarimizni qo’llab-quvvatlash barobarida ularning ilmiy salohiyatini oshirish, zamonaviy ilmiy yutuqlardan oziqlantirishimiz lozim. Ana shunda biz maqsad qilgan raqamli iqtisodiyot rivojlanadi.

Bahodir RAHMONOV, falsafa fanlari bo’yicha falsafa doktori, xalq deputatlari

Samarqand shahar Kengashi deputati

Manba: zarnews.uz