Adolat tarozusi to’g’ri bo’lsa

2020-02-01T05:01:39+05:001 February, 2020|Andijon vil.|

2020 yil 29 yanvarda Andijon viloyat teleradiokompaniyasida O’zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo’limi va Andijon viloyat sudlari hamkorlikda sudlarning 2019 yildagi faoliyati yuzasidan matbuot anjumani o’tkazildi

Anjumanda to’rt yo’nalish bo’yicha viloyat sudlari raislari ishtirok etdilar. Ular tomonidan qilingan ma’ruzalar mazmunli, tahlil va raqamlarga boy bo’ldi.

Jinoyat ishlari bo’yicha viloyatdagi sudlar tomonidan 2 ming 864 nafar shaxsga nisbatan 2 ming 278 ta jinoyat ishi ko’rilgan. Ularning 53,3 foizi sayyor majlislari shaklida o’tkazilgan. Jamoatchilik kafilligi ostida 34 nafar shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog’liq bo’lmagan yengilroq jazolar tayinlangan. Ahamiyatlisi, 147 nafar shaxs sud zalida qamoqdan ozod qilindi. Yana 662 nafar shaxs bo’yicha qonunchilikka kiritilgan yarashuv instituti tartib-taomillari qo’llandi.

O’tgan yili 24 ming 204 ta ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish ko’rib chiqilgan. Bu 2018 yilga nisbatan 5,8 foizga o’sganligini anglatadi.

Viloyatdagi iqtisodiy sudlarga kelib tushgan da’vo arizalarning 2018 yilga nisbatan 10 ming 444 taga (35,3 foizga) kamayganligini alohida qayd etildi.

Fuqarolik ishlari bo’yicha to’xtaladigan bo’lsak, meros bilan bog’liq fuqarolik ishlari avvalgi yilgidan 35 taga ko’paygan. Sudьyalar oilaviy ajrimlar sonini kamaytirish, ajrashish arafasidagi oilalarni yarashtirishga astoydil urinishmoqda. Ayni turdagi da’volar o’tgan yilga nisbatan 1 ming 441 taga kamayganligining asosiy omili ham shundan.

Tizimda yutuqlar barobarida og’riqli masalalar ham yo’q emas. Jumladan, quyi instantsiya qarorlaridan norozi bo’lib Oliy sudga shikoyat qilganlar soni ko’p.

Qariyb ikki soat davom etgan tadbirda muhim ma’lumotlar va fikr-mulohazalar bildirildi.

Uyushma Andijon viloyati bo’limi.