“QIZILQUMSEMENT”da jurnalistlar bog‘i tashkil etildi

2020-01-31T09:39:35+05:0031 January, 2020|Navoiy vil.|

“QIZILQUMSEMENT” aktsiyadorlik jamiyati tomonidan o‘tgan yili 3 million 636 ming tonna tsement ishlab chiqarilgan bo‘lib, bu davrda korxona hududidan atmosferaga havosiga ko‘tarilgan zararli changlar miqdori 125 ming tonnadan ziyodni tashkil etdi.

Xo‘sh, bu raqam ko‘pmi yoki kam? Korxona tomonidan ona tabiatni asrash, ekologik xavfsizlikni ta’minlash borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

Navoiy viloyati hokimligi Axborot xizmati, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining Navoiy viloyati bo‘limi hamda viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi hamkorligida mazkur korxonada tashkil etilgan media-tur doirasida OAV vakillari bevosita ana shu savollarga javob izlashdi.

Dastlab tsement zavodining yig‘ilishlar zalida matbuot anjumani o‘tkazilib, unda korxona bosh direktori o‘rinbosari A.Salomov aktsiyadorlik jamiyatining o‘tgan bir yillik faoliyati, amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy hamda ekologiya bilan bog‘liq loyihalar yuzasidan axborot berdi.

Hozirda korxona hududida atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar tashlaydigan 303 ta manba mavjud bo‘lib, ularning 116 tasi chang ushlovchi vositalar bilan jihozlangan. Havoga asosan uglerod oksidi, shuningdek azot, oltingugurt oksidlari, klinker va tsement changlari ko‘tariladi. Barcha tsexlarda ekologik xavfsizlik masalalariga etarli darajada e’tibor qaratilgani tufayli mazkur tashlanmalarning 98 foizi ushlab qolinadi. Ayni paytda yurtimiz qonunchiligida belgilangan me’yor bo‘yicha bir tonna tsement mahsuloti ishlab chiqarish jarayonida 8 kilogrammgacha chang havoga ko‘tarilish mumkinligi me’yor sifatida belgilangan bo‘lsa, “QIZILQUMSEMENT”da bu ko‘rsatgich har tonna mahsulot uchun 2,5 kilogrammni tashkil etyapti.

– Kareьrlar va boshqa ochiq maydonlar suv purkagichlar orqali namlanishi natijasida bu erlardan ham chang ko‘tarilishi sezilarli darajada kamaytiriladi, – deydi korxonaning Tog‘-kon boshqarmasi boshlig‘i A.Azimov. – Umuman olganda, ekologik muvozanatni saqlash, korxonaning bosh maqsadlaridan sanaladi.

Jurnalistlar korxona faoliyati bilan yaqindan tanishuv chog‘ida AJning Tog‘-kon boshqarmasi hamda Aspiratsiya bo‘limi faoliyatini ko‘zdan kechirishdi. Bundan tashqari, obodonlashtirish ishlari bilan ham tanishildi.

Zavod hududida ikki mingdan ziyod daraxtlar ekilgan, – deydi aktsiyadorlik jamiyatining Mehnatni muhofaza qilish va Ekologiya boshqarmasi boshlig‘i O.Rajabov. – Mazkur sa’y-harakatlarni jadal davom etayapmiz. Ayni paytda ko‘kalamzorlashtirish ishlari kengaytirib borilmoqda. Bu korxonamizning joriy yilgi dasturida ham alohida belgilangan.

Media-tur davomida jurnalistlar korxona hududida o‘nga yaqin archa ko‘chatlarini ham o‘tqazishdi. Ramziy ma’noda mazkur ko‘kalamzorlashtirilgan hududga “Jurnalistlar bog‘i”, deya nom berildi.

 

Ozod MUSTAFOEV,

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy

uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi mutaxassisi.