Xalq sari haq yo‘lidan

2020-01-30T14:54:27+05:0030 January, 2020|Maqolalar, Umumiy yangiliklar|

Zamon evrilmoqda, sen-chi, zamondosh…

So‘nggi kunlarda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi xalqimiz orasida qizg‘in voqea sifatida muhokama va suhbatlarga aylandi. Bu muhim chiqish barcha jamoalarda, xonadonlarda yurt va xalq taqdiriga daxldor katta-yu kichik yurtdoshlarimiz tomonidan teleekran va internet tarmoqlari orqali kuzatib borildi. Buguni, ertasi va kelajakka katta umid bog‘lagan, mamlakatda boshlangan yirik islohotlar jarayoni ishtirokchisiga aylangan xalqimiz turmushi bilan birga huquqiy, ma’naviy-madaniy hayotining o‘sish sur’atlarini ushbu murojaatnomada ko‘rdi, desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.

…Ishdan borsam, keksa enamning ko‘zlari yashnab o‘tiribdi.

– Bugun diqqinafas, tor uyingda birinchi marta zerikmay kun o‘tkazdim, deydi volidam.

– Uyga birov keldimi? Miriqib gaplashibsizlarda, – kayfiyatiga kayfiyat qo‘shgim keladi enajonimning…

– Qaydan? Televizordan Prezidentning chiqishini ko‘rdim, o‘ziyam hamma narsa haqida gapirdi: pensiyaniyam, o‘qishga kirishniyam, ish bitirishga “pul oldi-berdisi”niyam, propiskaniyam, uy berishniyam… Endi avvalgiday pensiyaga chiqquncha, hamma idoraning eshigida sarg‘ayib yurilmasakan, bitta pasportni ko‘tarib borsa, pensiyaga chiqarib qo‘yarkan…

Enam Murojaatnomaning pensiya haqidagi qismini alohida eslab qolibdi. Buning sababi borda, shuncha yil mehnat qilib eng kam tayinlangan pensiya olib keladi. Nima emish, tuman arxividan hujjatlarini topolmagan emish. Enamga o‘xshagan sarsonu sargardon qancha?!.

Mamlakat rahbari o‘z Murojaatnomasida “Elektron hukumat” tizimining barcha tashkiliy va institutsional masalalari hal etilishi, shuningdek, qurilish, energetika, qishloq va suv xo‘jaligi, transport, geologiya, kadastr, sog‘liqni saqlash, ta’lim, arxiv sohalarini to‘liq raqamlashtirish ishlari boshlanishi, yaqin ikki yilda barcha qishloq va mahallalar tezkor internet bilan ta’minlanishini aytib o‘tdi.

Ikki oy ichida “Raqamli O‘zbekiston – 2030” dasturi ishlab chiqiladi va bu ishlarni tizimli tashkil etish uchun hukumatda Bosh vazir o‘rinbosari, vazirlik va idoralarda hamda hokimliklarda o‘rinbosar lavozimi tashkil etiladi. Dunyoda axborot va kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivoj topgan pallada, uning xizmatini xalqimizning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilishga qaratish, jalb qilish muammolarning barham topishiga so‘zsiz xizmat qiladi.

Bir paytlar ko‘zimiz ko‘rgan muammolarni ongimiz bilan xaspo‘shladik. Haqiqatga mulzam boqdik. Davlatning mavjudligiga asos xalq bo‘lsa-da, bosh islohotchi – davlat, deya siyosat darajasiga olib chiqdik, xalq xizmat qilgan davlat tomonidan yetarlicha ehtiyojlari qondirilmadi. Shavkat Mirziyoyev Murojaatnomada bunga javoban “endi esa islohot jamiyatdagi haqiqiy holatdan kelib chiqib belgilanadi. Xalqni qiynayotgan muammolar esa ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlardagi kayfiyatlar, xalq qabulxonalari va boshqa “barometrlar” orqali aniqlanadi”, deya xalq va jamoatchilik fikrini xulosa qilish uchun munosib mezon ekanini ta’kidladi.

Sobiq tuzumdan mamlakatimiz mustaqilligi davriga ham sizib o‘tgan ta’lim sohasidagi korrupsiya yoshlarning oliy ta’lim muassasalariga kirishiga to‘sqinlik qilib keldi. Bilimli, iqtidorli yoshlar oliy ma’lumotga ega bo‘lolmadi. Natijada salohiyatli kadrlar taqchil bo‘la boshladi. Texnika-texnologiya qanchalik rivoj topmasin, uni tatbiq qiladigan kadrlar salohiyati, bilimi, dunyoqarashisiz rivojlanishga erishib bo‘lmaydi. Taraqqiyotning poydevori ta’lim sohasi ekanini hammamiz yaxshi anglaymiz.

Murojaatnomada davlat rahbari ushbu sohaga alohida to‘xtaldi. Kamchiliklarni, muammolarni kuyunchaklik bilan ko‘tardi. Oliy ta’lim bilan qamrab olish foizini keskin ko‘tarish, oliy ta’lim muassasalariga kirishni soddalashtirish, mutaxassislikka tegishli bo‘lmagan fanlar sonini kamaytirish, tizimda korrupsiyani tugatish, kasb-hunarga yo‘naltiradigan ta’lim muassasalarni yangi tizimga o‘tkazish dolzarb masalalar ekani aytildi.

So‘nggi yillarda yurtboshimiz tashabbusi bilan faoliyat boshlagan, iqtidorli yoshlarni bag‘riga jamlagan Temurbeklar, Prezident va ijod maktablari o‘zining natijasini berayotgani, o‘quvchilarning tengdoshlari qalbiga havas uyg‘otayotganini barchamiz ko‘rib, anglab turibmiz.

Mamlakat rahbari “2020 yil – Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb yangi yilni nomlashida ham ta’lim-tarbiyaning o‘rni nechog‘lik yuksak ekanini ko‘rsatadi.

Xalqimiz ayrim toifalarining yashash sharoitini, kambag‘allikni ko‘rpa bilan bekitishga urinishlarimiz ular hayotining orqaga siljishiga, jarohatlarimiz bitmay gazak olishiga sabab bo‘ldi. Murojaatnomada ta’kidlanishicha, hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatda kam ta’minlangan aholi soni 12-15 foizni (4,5−5 million kishi) tashkil etadi. Oxirgi 2 yil ichida ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni 1,3 barobarga ko‘paygan, nafaqalar miqdori 2 barobarga oshgan.

Kam ta’minlangan aholiga ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam pulini to‘lash yoki ular miqdorini oshirish orqali ushbu muammo to‘liq yechilmasligi bois Jahon banki, BMTning Taraqqiyot dasturi va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan birga O‘zbekistonda Kambag‘allikni kamaytirish dasturi ishlab chiqiladi.

Yurtimizning turli hududlari, poytaxt Toshkentda so‘nggi yillarda ehtiyojmand oilalar uchun ko‘plab uy-joylar, mavzelar bunyod etildi. Bu boradagi ishlar yangi ipoteka tizimi asosida davom ettirilishi ham xalqimizning dilidan joy olgan, dardiga malham bo‘ladigan so‘zlar bo‘lib yangradi. Ayniqsa, aholini ro‘yxatga qo‘yish masalasi borasida qat’iy yechimga kelish, ichki migratsiyaga to‘siq bo‘layotgan bu muammoni bartaraf qilish borasidagi mulohazalari, ko‘rsatmalari el roziligiga tashlangan xayrli qadam bo‘ldi.

Murojaatnomada yana tadbirkorlar va ularning faoliyati uchun yanada ko‘plab yengilliklar yaratish, bu borada qonunchilikni mustahkamlash, qishloq xo‘jaligida kutilayotgan o‘zgarishlarni amalga oshirish, turizmni rivojlantirish borasida ham yangi takliflar ishlab chiqish bo‘yicha tavsiyalar, ko‘rsatmalar berilgan.

Ijodkor sifatida meni eng quvontirgani joriy yilda millatimizni ilmu ma’rifatga, ozodlikka chorlagan, bu yo‘lda jon fido etgan ma’rifatparvar jadidchilarimiz yetakchisi bo‘lgan Mahmudxo‘ja Behbudiyning 145 yilligini keng nishonlash bo‘yicha bildirgan taklifi bo‘ldi.

Faxriddin HAYIT,

“Yoshlik” jurnali bosh muharriri,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.

O‘zAdan olindi