Jurnalistlar Xo‘jaylidagi o‘zgarishlar bilan tanishdi

2020-01-30T10:42:59+05:0030 January, 2020|Umumiy yangiliklar|

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi tashabbusi bilan Xo‘jayli tumaniga navbatdagi media-tur tashkil etildi.

Ommaviy axborot vositalari, blogerlar hamda faol yoshlardan iborat tadbir ishtirokchilari dastlab davlatimiz rahbarining 2019 yil 20-21 yanvarь kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar va kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan majlis bayoni ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan “Xo‘jayli Agrosanoat markazi” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi.

Loyiha qiymati 69,6 milliard so‘m bo‘lgan mazkur markazga tuman hokimi qarori bilan “Samanko‘l” ovul fuqarolar yig‘ini hududidan 15,3 gektar er maydoni ajratildi. Agrosanoat markazini zamonaviy texnik asbob-uskunalar bilan jihozlash maqsadida jami 4,5 million dollar qiymatida 9 ta import shartnomasi imzolangan. Bugungi kunda Janubiy Koreyaning “Myung Sung Placon LTD.”, Turkiya davlatining “Termodinamic Industrial LTD”, Xitoy Xalq Respublikasining “Chengdu Tianchen Compressors Manufacturing Co. LTD” va boshqa jahonning nufuzli korxonalarining zamonaviy uskunalari olib kelib o‘rnatildi.

Mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh muhandisi R.Bozorboevning ma’lumotiga ko‘ra, issiqxonada har gektardan 50 tonna pomidor, bodring va boshqa mahsulotlar etishtirilmoqda. Ushbu mahsulotlar nafaqat ichki bozorni ta’minlamoqda, balki Qozog‘iston Respublikasiga ham eksport qilinmoqda. Korxonada tashkil etilgan logistika markazida 3 tonnalik muzlatgich o‘rnatilgan bo‘lib, u mahsulotlarni uzoq muddat o‘z holida saqlash imkonini beradi.

Markazning foydalanishga topshirilishi bilan 80 nafar kishining, shu jumladan yoshlarning bandligi ta’minlandi. Ularning unumli mehnat qilishi, dam olishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Media-tur ishtirokchilarining navbatdagi manzili tuman markazidagi “Murtazabiy” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida o‘tgan yilning 20 dekabrida foydalanishga topshirilgan davlat-xususiy sheriklik asosidagi “Bolajon markazi” nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 25 iyundagi “Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 6 milliard 364 million so‘mlik loyiha amalga oshirildi. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamg‘armasidan ajratilgan 3 milliard 816 million so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘i qo‘l keldi. Tuman hokimiyati tomonidan er ajratilgach, 2018 yilning avgustida qurilish ishlari boshlangan edi.

Qisqa muddatda sifatli bitkazilgan “Bolajon markazi” nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida bolajonlarning sifatli ta’lim-tarbiya olishlari uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Tashkilotda 120 nafar bolani tarbiyalash rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 30 nafarini ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalarning farzandlari tashkil etadi. Bugungi kunda 60 nafar tarbiyalanuvchi qabul qilingan va 15 nafar xodim doimiy ish bilan ta’minlandi. Muhtasham bino, malakali mutaxassislar jamoasi, zamonaviy texnika vositalari va jihozlar bilan ta’minlangan muassasada o‘quv xonalari, oshxona, sayr qilish bog‘i, o‘yin atraktsionlari, suzish havzasi, jonli burchak bolajonlar xizmatida.

Tashkilotda ta’lim-tarbiya jarayoni ilg‘or xorijiy tajribalar asosida olib borilmoqda. Rus, ingliz tillari chuqur o‘rgatiladi, Rasm, badiiy gimnastika, suzish, raqs to‘garaklarida malakali mutaxassislar mashg‘ulot o‘tmoqda.

Tadbir ishtirokchilari tumanda yaqinda foydalanishga topshirilgan Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi faoliyati bilan ham tanishdi. Markaz binosining qurilishi uchun Bandlik jamg‘armasi hisobidan tegishli mablag‘ ajratilgan. Bugungi kunda ixtisoslashtirilgan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalarini tashkil etish va o‘tkazish, mehnat organlari tomonidan aholiga va ish beruvchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, ishsizlarni, yoshlarni, birinchi navbatda, kasb-hunar kollejlari va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini hamda aholining boshqa ijtimoiy zaif toifalarini ishga joylashtirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. O‘tgan 2019 yil davomida markazga ish so‘rab 3296 nafar kishi murojaat qilgan bo‘lsa, shundan 1877 nafari doimiy ishga joylashtirildi. Ulardan 662 nafarini yoshlar tashkil qiladi. Shundan 2277 nafari mavsumiy haq to‘lanadigan jamoat ishlariga, 87 nafari qayta kasbga o‘qitishga yuborildi.

Yangi yil bayrami arafasida “Samanko‘l” ovul fuqarolar yig‘ini hududida foydalanishga topshirilgan 4-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabida media-tur ishtirokchilari bilan matbuot anjumani o‘tkazildi. Tadbirda tuman hokimi Jenis Ermashov o‘tgan yilda amalga oshirilgan ishlar va davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan joriy yilgi vazifalarga to‘xtaldi.

Ta’kidlanganidek, tumanda o‘tgan yil mobaynida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 2018 yilga nisbatan 97,4 milliard so‘mga, xalq iste’mol tovarlari ishlab chiqarish 17,4 million so‘mga, qurilish ishlari hajmi 117,8 milliard so‘mga, xizmat ko‘rsatish hajmi 29,7 milliard so‘mga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari etishtirish 16,9 milliard so‘mga ko‘payishiga erishildi. Shuningdek, o‘tgan yili tumanda 2 million 256 ming dollarga teng mahsulot eksport qilindi.

Tumanda 2019-2020 yillarga jami 133 milliard 320 million so‘mlik 40 ta loyiha, shuning hisobidan 475 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan bo‘lsa, shundan bugungi kunga jami 88 milliard 211 million so‘mlik 24 ta loyiha amalga oshirilib, 211 yangi ish o‘rni yaratildi.

Tumanda 214 ta fermer xo‘jaligi mavjud bo‘lib, ular asosan paxta, g‘alla, bog‘dorchilik, polizchilik, chorvachilik, baliqchilik va boshqa sohalar bilan shug‘ullanadi.

Tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi va kelgusidagi hamkorlik bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirishdi.

Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA