Shodmonqul Salom: “Bizda vatanparvarlik yetishmaydi!”

2020-01-30T08:08:51+05:0030 January, 2020|Umumiy yangiliklar|

Zamon evrilmoqda, sen-chi, zamondosh…

Prezidentimizning parlamentga Murojaatnomasisini barchamiz eshitdik. Qanchalik katta maqsadlar, muddaolar ko’zda tutilgan, tobora o’zgarayotgan O’zbekiston uchun qimmatli bu dasturdan har birimiz o’zimizcha xulosalar qildik.

2020 yilning «Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili» deb atalgani e’tiborimni tortdi. Yilning bunday atalishi bejiz emas. O’tgan uch yil davomida bu bosqichga keraklicha tajriba va zamin hozirlandi. Ilmga, ma’rifatga e’tiborning qay darajada o’zgarganini barchamiz ko’rib, bilib turibmiz. Shu o’rinda bir narsani aytish zarur. Bu zahmatkash kasb egalari bo’lgan muallimning nufuzi, o’qituvchilarning qayta tiklangan obro’sidir. Yurakdan o’tkarib, tan olib aytish lozimki, bu katta yutuq. Negaki, bashariyatni hamisha ilmu ma’rifat qutqargan, jaholat dengizidan ilmu ma’rifatgina kelajak sohilga olib chiqqan. «Dunyoda ilmdan boshqa najot yo’q va bo’lmagay» degan o’lmas hikmatni aytgan, muallimning, ilmning qadrini saqlamoq uchun quvg’inga uchragan Imom al-Buxoriy ham avvalo ustozdir.

Shunday ekan, ilm, ma’rifat, ma’naviyat chinakamiga yuksalgan zaminda taraqqiyot, taraqqiyotki favqulodda yuksalishni o’zida mujassam qilgan jarayon yuz bermay qolmaydi.

Prezidentning O’zbekistonda korruptsiyani yo’qotishga qarshi aytgan keskin so’zlari ham serhosil dalani chirmovuqdan ozoda qilishga mengzab ketadi. Axir qancha dori-darmon, parvarish bo’lmasin parazit o’tlar yulinmasa daladan kutilgan hosil olinmaydida. Shunday bo’lgach, ko’plab mamlakatlar allaqachon yetishib bo’lgan raqamli hisob-kitobga ham qachondir o’tish kerak edi-ku. Muhimi, bunday inqilobiy o’zgarishlarni amalga oshirish uchun aholisi 34 millionga yetgan O’zbekistonda barcha imkoniyat, manbalar mavjud.

Murojaatda tilga olingan «halollik vaktsinasi» iborasi bir qalamkash sifatida meni o’ylantirib qo’ydi: bu ibora zamirida bizning og’riqlarimiz bor. Demak, biz aynan shunday vaktsinaga, shifo vositasiga muhtoj bo’lib qolibmiz-da. Bu dunyoga halol non ulashgan o’zbek uchun xijolatli. Ammo bor gap. Dardni oshkora aytmoq uyat emas.

Yaqinda Yaponiyada safarda bo’lib qaytgan do’stim bilan Toshkent yo’llarida joriy qilingan bir tartib xususida suhbatlashib qoldim. Ya’ni, kimdir mashinasini yo’l chetida, qo’yish mumkin bo’lmagan joyga qoldirsa, buni ko’rgan kishi mashinani rasmga tushirib DAN idorasining tegishli manziliga jo’natsa, o’sha kishining hisobiga o’n ming so’m pul tushadi. Bu o’sha kirakash yo shoshib turgan haydovchi uchun jarima degani. Men bu ishni oqlamadim. Aksincha, bu ishni qilish sotqinlikday gap, dedim. Axir, o’n ming so’m pul uchun bir oilani tebratib turgan kirakashning qarg’ishiga qolish yaxshimi, degan mazmunda gapirdim.

Do’stim esa meni ajablantirib gapimga qo’shilmadi. O’z navbatida Yaponiyada bo’lgan mavzumizga doir bir hodisani aytib berdi:

Tokioning tirband yo’llarida mashinalar ancha vaqt to’xtab qolisharkan. Ertalab edi, men vaqtni tejash, qolaversa, nonushta qilmaganim sababli haydovchidan ruxsat so’rab paketdagi yegulikni ochdim va yengilgina ovqatlanib oldim. So’ngra, odatlanib qolganmizku, bo’shagan paketni derazadan irg’itdim. Haydovchi boshini saraklatib, bekor qildingiz-da, dedi. U yigirma yildan beri Tokioda yashaydigan o’zbek edi. Uning norozi bosh irg’agani sababini bir kundan keyin bildim. Uning uyiga qanchadir jarima ko’rsatilgan qog’oz kelibdi. O’sha mening ishim tufayli shunday bo’libdi. Men atrof-muhitni ifloslantirganim uchun uning mashinasi raqamini ortimizda turgan mashina egasimi, yo’lovchilardan birimi xabar qilgan. Haydovchi akamiz jarimaga tushdi.

Shuning uchun ham 126 milliondan ziyod aholisi bor Yaponiyaning har bir qarich yeri toza-ozoda. Bunga nima deysiz? Siz aytgan haydovchining noo’rin turgan mashinasi sabab kattagina falokat ro’y berishi, odam o’lishi mumkin emasmi? Bunday holatda haydovchining qarg’ishi kimga yetadi?

Ko’zga ilmaydigan, pisand qilmasa ham bo’laveradigan kichik hodisa-voqea zamirida qanday ko’p gaplar bor-a!

Nima uchun bu narsalarni aytayapman. Bizda vatanparvarlik yetishmaydi. Biz o’z manfaatimizni umummanfaatidan ustun qo’yolmayapmiz haliyam. Bunga hatto kulib qaraymiz…

Lo’nda qilib aytganda, Prezidentning parlamentga murojati barchamiz uchun o’ziga xos dastur bo’lishi kerak. Aytganimiz, yozganimiz bilan bajaradiganimiz bir-biriga muvofiq bo’lishi shart! Shundagina murod hosil bo’lur!

Shodmonqul SALOM,

O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.

O’zA