“Jurnalist haqiqatni ayta olmasa, hech bo‘lmasa yolg‘on gapirmasin”

2020-01-29T13:03:49+05:0029 January, 2020|Umumiy yangiliklar|

“Hurriyat”ning bugungi mehmoni ko‘pchilikka tanish bo‘lgan,

tajribali va iqtidorli telejurnalist Gulmira Musajonova bo‘ldi.

— Gulmira opa, siz bilan yanada yaqindan tanishib olsak nima deysiz? Bilamizki, xalqimizning atoqli adibi Farhod Musajonovning qizisiz. Oiladagi adabiyot zavqi va ijodiy muhit sizni jurnalistikaga yetak­lagan ekanda?..

— Men 1972 yil 27 iyunda tug‘ilganman. Bilasiz, aynan shu kuni yurtimizda OAV xodimlari kuni sifatida nishonlanadi. Bu ham (kulib…) bejiz bo‘lmasa kerak?! Xullas, kasb bayramimiz nishonlanadigan kun men uchun qo‘shaloq bayram.

Oilamiz haqida gapirsam, dadam “O‘qchi” mahallasida tug‘ilgan. Toshkentda 1966 yilda ro‘y bergan zilziladan so‘ng oilamiz u yerdan uncha uzoq bo‘lmagan joyga — Labzak mahallasiga ko‘chib o‘tishgan. Bobom Muso Alimuhammad va buvim Bashorat Islomova ziyoli kishilar bo‘lishgan. Bobomni 1937 yil 9 oktyabr kuni Shahidlar maydonida “xalq dushmani” deya qatl etishgan. O‘shanda dadam endigina uch yoshdan oshgan bo‘lgan. Buvim to‘rt nafar yosh bola bilan yolg‘iz qolganlar, ro‘zg‘or tebratishga bir o‘zlarining kuchi yetmay, bolalarining nonsiz, oshsiz qolgan kunlari ko‘p bo‘lgan ekan. Dadamning bolalikda tushgan rasmlarida cho‘pdek ozg‘in, lekin novcha bo‘lgani seziladi. Bobom oqlangunga qadar, ya’ni 1956 yilgacha dadam “xalq dushmanining farzandi” degan tamg‘a bilan yashagan. Jamiyatdan ajratib qo‘yishgan. Bechora buvim va dadamga nechog‘lik og‘ir bo‘lganini tushunish qiyin bo‘lmasa kerak… Albatta, bularning bari haqida menga buvim, dadam ko‘p bora hikoya qilib berishgan.

Buvimning ziyoli va o‘qimishli bo‘lganliklari farzandlarining tarbiyasida aks etgan. Nihoyatda irodali, sabr­-matonatli fazilatlarga ega bo‘lgan buvim gazetada ishlab bolalarini oyoqqa qo‘ygan. Amakim G‘anijon Musajonov Toshkent tibbiyot institutining 1-bosqichini bitirganda Ikkinchi jahon urushi boshlangan. O‘shanda voyaga yetgan yigitlarni vokzalda yig‘ishgan va o‘g‘illarini urushga kuzatishga chiqqan onalarga: “Yigitlarimiz uzoq va sovuq o‘lka — Rossiyaga ketmoqda. Uyingizga borib issiq ko‘rpa-to‘shak, non, qurut, mayiz, yong‘oq olib keling. Tongda jo‘nashadi”, deb onalarni ketkazib yuborishgan. Buvim kechasi bilan aytilgan narsalarni topib, vokzalga kelsalar, onalardan bo‘lak hech kim yo‘q emish. Onalarning yig‘i-sig‘isi vokzalni tutib ketmasligi uchun shu xiyladan foydalanishgan-da. Aslida poyezd kechasi ikkidayoq jo‘nab ketgan…

Ikki yil davomida amakimdan xatlar kelib turgan. U xatlarni o‘qish oson emas, eng bag‘ritosh inson ham ko‘zda yoshsiz o‘qiy olmasa kerak. “…Mehribon onajonim, urush tugab uyga qaytsam, sizni hech narsaga muhtoj qilmayman… Ukam Farhodjonni o‘zim oyoqqa qo‘yaman… Hammamiz juda chiroyli hayot kechiramiz”, kabi jumlalarni hayajonsiz o‘qib bo‘lmaydi. Ammo urush qurbonsiz bo‘lmas, 1943 yilda amakimdan qoraxat kelgan.

Men yaxshi eslayman, o‘g‘lining diydoriga to‘ymagan buvim urush haqida qanday film bo‘lsa, televizor oldiga o‘rindiq qo‘yvolib, ko‘zoynaklarini taqib, diqqat bilan ko‘rardilar. “Buvijon, televizorni buncha yaqindan ko‘rmang”, desam: “G‘anijonim chiqib qolarmikan, ko‘rarmikanman bolamni», deyman-da qizim”, derdilar. “Bu filmlarda aktyorlar suratga tushgan, voqealar uyushtirilgan”, desam ham bir bora o‘g‘lini ko‘rish ilinji, umidi buvimning yuragida umrbod yashadi.

Dadam mana shunday qiyinchiliklarni ko‘rgani uchun ham yozuvchi bo‘lgan bo‘lsalar kerak, deb o‘ylayman. Og‘ir damlarni, yetimlikni boshdan kechirgan dadam: “Uylansam, farzandlarim qiyinchilik ko‘rmasdan o‘sadi”, deb o‘zlariga so‘z bergan ekanlar. Chindan ham biz hech narsaga muhtoj bo‘lmasdan o‘sib-ulg‘aydik. Dadam hozirgi O‘zbekiston Milliy universitetining fors filologiyasini tugatgan edi. Tilni mukammal bilganliklari uchun xorijga ishga taklif qilishgan, bu haqda buvimga aytganlarida: “Sovuq o‘lkalarda bitta o‘g‘lim qolib ketdi. Ikkinchi o‘g‘limni ham yo‘qotishni istamayman”, degan ekanlar. Dadam buvimning holatlarini tushunib, taklifga rad javobini bergan.

Dadamga qarab, ona uchun ko‘p narsadan voz kechganlarini endi tushunyapman va ota-onam uchun nima qila oldim o‘zi, degan fikr menga tinchlik bermaydi. Qiyinchiliklarda odamning irodasi toblanadi, agar uning ichki o‘zagi, ma’naviyati baquvvat va mustahkam bo‘lsa. Otam ko‘p qiyinchilik ko‘rgan inson, shu sabab ham yozuvchi bo‘lgan bo‘lsa kerak. Odamlar bilan bo‘lishadigan dardi, aytadigan fikrlari bor edi… Asarlarini o‘qib, barchasi o‘zlari, umr yo‘llarida uchragan katta odamlar va mayda kimsalar haqida ekanligini anglayman. Aslida, har bir ko‘rsatuv ortida ham Shaxsning dardi, fikri yotadi. Busiz mumkin emas. Asarlarni, shu jumladan, ko‘rsatuvlarni ham konfetga qiyoslayman — aksariyatining qog‘ozi chiroyli, yaltiroq, darrov ko‘zga tashlanadi, ammo ochib, ichini qarasangiz, bemaza. Ustidagi qog‘ozi uning ma’no-mazmuniga qaraganda ancha-muncha qimmatroq ekanini tushunasiz. Mohiyatan esa bo‘m-bo‘sh. Sayoz. Shunday ko‘rsatuvlar, spektakllar, kinofilmlar ko‘payib ketgani odamni ranjitadi. Liboslariga, musiqasiga, dekoratsiyalariga mahliyo bo‘lamiz va shularni maqtaymiz, chunki boshqa hech narsasi yo‘q, mohiyatan qashshoq. Yangi fikrni ko‘rmaysiz. Ko‘rsatuvda o‘ziga xos fikr, yangi fikr aytilsa — xursand bo‘lib ketaman. Chunki bu nafaqat tomoshabin, uni tayyorlayotgan ijodkorlar — biz uchun ham muhim, biz ham «katta»larga — saviyasi baland, aqlli, tafakkuri keng, bilimi chuqur, o‘z mustaqil fikriga ega, uni erkin ayta oladigan, salohiyatli shaxslar tomon talpinamiz. Kattalar orasida o‘samiz, maydalar orasida maydalashamiz, degan gap bor-ku. Shaxs masalasi, kimni shaxs deb ataymiz, u qanday shakllanadi, yoshlarni o‘z mustaqil fikriga ega bo‘lgan shaxs sifatida qanday qilib tarbiyalash mumkin, degan savollarni deyarli har bir qahramonimga beraman. Chunki millat ana shunday shaxslar — fikrlovchi odamlar bilan tirik.

— Gulmira opa, rahmat, mahzun va yorqin taassurotlar uyg‘otdingiz. Oilangiz tarixi bilan yaqindan tanishtirdingiz. Endi o‘zbek matbuoti, jurnalistikasi, qolaversa, O‘zbekiston Milliy televideniyesi haqida suhbatlashsak, nima deysiz. Sizningcha, matbuotimiz bugungi kunda nima sababdan oqsamoqda?

— Jurnalist nuqtai nazaridan emas, oddiy inson sifatida gapiradigan bo‘lsam, aksariyat odamlar tafakkur, fikrlash dangasaligiga yo‘liqqan. O‘ylash, mushohada yuritish ham mehnat. Aqliy mehnat ham odamdan harakatni talab qiladi. Erinamiz. Biz tayyor javoblarga o‘rgandik. O‘zimizga savollar bermay qo‘ydik. Uzoqqa borib nima qildik, masalan, televideniye bugun ilg‘or va tezkor, millionlab auditoriyaga ega — katta kuch. Buning sababi, uni istagan vaqtda, hattoki nonushta paytida ham ko‘rish mumkin. Televideniye tayyor mahsulotni qo‘lingizga tutqazadi. Alohida vaqtingiz, mablag‘ingiz ketmaydi. Mana shu holat odamlarni fikriy dangasalikka chalinishiga sabab, deb o‘ylayman. Ko‘rsatuvda o‘tirgan ekspertlar ma’lumotni sharhlab, sizga xulosa chiqarib beradi. Tomoshabin ekspertning xulosasiga tayanib, vaziyat haqida o‘zi o‘ylamaydi. Nima qiladi o‘ylab — shundoqqina hammasini tayyor holda tutqazishdi axir! Ol, foydalan. Yangi fikr, yangilik qachon paydo bo‘ladi? Qachonki odam izlansa! Mustaqil mushohada yuritsa. Jamiyatda qabul qilingan tayyor javoblar, mavjud bo‘lgan qoliplar ichida yashash qulay. Ana shu «qulay» hayot quliga aylanib bormoqdamiz. Agar gazeta-jurnallar haqida gapirsak, avvalo, pochta xizmati bizda yaxshi ishlamaydi, shu bois ular obunachining qo‘liga vaqtida yetib bormaydi. Aksiga olib kioskalarga chiqarilmaydi. Ixlosmand odamning ham gazetani topib o‘qishi qiyin. Gazeta-jurnallarga yaqinlashtirish o‘rniga ayrim narsalar bizni ulardan uzoqlashtirish maqsadida qilinayotgandek tuyuladi menga…

Malaka oshirish uchun Yaponiya, Germaniya kabi rivojlangan mamlakatlarda bo‘ldim. Ularda hamon gazetalar “tirik”. Insonlarda ertalabki nonushtada gazeta o‘qish ko‘nikmasi shakllangan. Gazeta o‘qish — ehtiyojga aylangan! Saharda chop etilgan gazetalar soat oltigacha hammaning pochta qutisiga tashlab ketiladi. Bundan tashqari, tushlikda, kechqurun chiqadigan gazetalarni ham kutishadi. Odamlar gazetadagi yangiliklar ishonchli manba ekanligi uchun o‘qishadi.

Yana bir masala, bugungi kunda gazetalarning taqdiri faqat gazetachilarning muammosi yoki fojiasi bo‘lmasligi kerak. Bu bilan butun jamiyat shug‘ullanishi zarur. Xalqimizda gazeta o‘qish ko‘nikmasi susayib ketgan. Ilmiy, salmog‘i yuqori bo‘lgan jurnallarning ham tiraji kam. Uni ham asosan ziyolilar yoki shu sohaning mutaxassislari o‘qiydilar, xolos.

— Mutlaqo chin gaplarni aytayapsiz. Shu o‘rinda bir mulohaza dilimga keldi. Bilasizmi, O‘zbekistondagi televideniye tarmoqlari, radio, bosma OAV, internet nashrlarida faoliyat ko‘rsatuvchi jurnalistlar o‘rtasida ko‘rinmas “jarlik” borga o‘xshaydi. Ya’ni, o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilmagan. Masalan, faqat OAV xodimlari kuni arafasida, ya’ni kasb bayramlarimizda (demak, sizning tug‘ilgan kuningizdagina, hazil) telejurnalistlar matbuotda ishlaydigan hamkasblarini “yo‘qlaydi”. Matbuotda chiqayotgan maqolalardan esa aksariyati bexabardirlar. Shunday emasmi?

— Haqsiz. Aslida jurnalistlar hamma joyda va hamma vaziyatda bir-biri bilan jips bo‘lmog‘i kerak. Afsuski, bizda hech kim bir-birini to‘g‘ri ma’noda himoya qilishni istamaydi. Buning guvohi bo‘ldik. Jurnalistlar hamjamiyati yo‘q degim kelmayapti, lekin biz bitta kuch emasmiz. Shuncha yildan beri bitta kuchga aylana olmadik. Rahmatli ustoz Mahmud Sa’diy bilan o‘limlari oldidan suhbatlashgandim. O‘shanda jurnalist aslida qanday bo‘lishi haqida gapirgandi. Shu kundan boshlab, ko‘rsatuvlarimda ismimdan keyin jurnalist so‘zini yozishga uyaladigan bo‘ldim. Chunki avvalo, biz shu nomga munosib bo‘lishimiz kerakligini tushundim. Har holda, men uchun bu shunchaki nom emas.

“Hurriyat”, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” va yana sanoqli gazetalarning o‘z mushtariylari bor. Yaxshi maqola chiqsa, shuning o‘zi — eng yaxshi reklama. Maqola og‘izma-og‘iz bo‘lib, ovozasi bizga ham yetib keladi. Qaysidir nashrda yaxshi maqola chiqqanini eshitsam, albatta topib o‘qiyman. Topa olmagan taqdirimda nusxasini jo‘natinglar deb iltimos qilaman. TV jurnalistlari ham gazetalarning faoliyatini kuzatadi, o‘qiydi. Sizlarda ham qator muammolar borligini bilaman, ammo ular haqida chuqur o‘ylab ko‘rmagan ekanman.

— Navbatdagi savolim ham TV haqida. Yutuqlar o‘zimizniki, uni birov olib qo‘ymaydi, ammo hamon davlat kanallarida haqiqiy hayot, davr ruhi sezilmayapti. Tomoshabinni ekran qarshisiga “mixlab” qo‘yadigan ko‘rsatuvlar deyarli yo‘q. Buning sababi nimada, telekanallarda hamon «senzura» kuchlimi yoki muammo kadrlarga borib taqaladimi?

— Ma’lum ma’noda ichki «senzura» hamon bor. Hamma joyda ham bor. Sizlarda yo‘qmi? Bizning sohada «senzura»ning qay darajada bo‘lishi rahbarlarga ko‘proq bog‘liq. Agar rahbarga Xudo ozgina yurak bergan bo‘lsa, es-hushi joyi­­da, insofli bo‘lsa, albatta, erkin ijod qilish tarafdori bo‘ladi. Ammo amal aziz ekan, deb kursiga yopishvolib, “hammasi joyida” deb yuraversa hech narsa o‘zgarmaydi. Men rahbar emasman, balki shuning uchun ehtimol ularni tushunmasman, ammo baribir jur’at bo‘lishi lozim, deb hisoblayman. Shunday rahbarlar bo‘ladiki, “kel, shu oldinga bir qadam qo‘yay-chi, balki bu men o‘ylaganchalik qo‘rqinchli emasdir”, degan fikrning o‘zi ham yo‘q. Xalqimizning ishonchini yo‘qotganimizga sabablar ko‘p, ulardan biri shu.

O‘zbek Milliy teleradiokompaniyasi shu paytgacha ko‘plab tajribali kadrlarni tayyorladi. Ammo sohamizda moddiy rag‘bat kamligi uchun bugungi kunda eng tajribali kadrlar davlat kanallaridan ko‘ra, yaxshiroq maosh to‘laydigan xususiy kanallarga o‘tib ketdi. Kadr­lar davlat kanallarida olgan bor tajribasini, Alloh yuqtirgan ozgina iqtidori va salohiyatini xususiy kanallarga sarflab kelmoqda.

Aslida davlatniki degani — hech kimniki degani ekan… Xususiylarda rahbar tikilgan pulni oqlash uchun ham eng yaxshi va ish beradigan kadrlarni saralab oladi. Bugun mana “Sevimli” kanali eng reytingi baland kanallardan bittasi. Egasi tikkan pulni oqlash hamda uning ishonchiga loyiq bo‘lish uchun kanal tinimsiz izlanishda, yangilik kiritishdan charchamayapti. Har bir auditoriyaga bag‘ishlab ko‘rsatuvlar yetkazib bermoqda. Aytaylik, davlat kanalida kim “Sevimli”­ kanali bosh rahbaridek qayg‘uradi? Pul davlatdan oqib kelyapti-ku. Agar imkonim bo‘lganida men ham xususiy kanal ochardim. Nega sifatli kadrlarning xususiy kanalga ketib qolayotgani TV rahbarlariga alam qilmayapti? O‘sha kadrlarni shu yerda shakllantirdi, ish o‘rgatdi, oylik to‘ladi, kasal bo‘lsa, imtiyoz berdi. Hammasi bizning kanallar hisobidan bo‘ldi-ku. Davlat kanallari o‘zini yaxshilashi uchun xodimlarini moddiy-ma’naviy jihatdan juda kuchli qo‘llab-quvvatlashi kerak. Toki, jurnalist-ijodkorlar telekanallarga “kerak” ekanligini his qilishsin.

— Sizga ham xususiy telekanaldan ish taklif qilishganida o‘tmagan ekansiz, boisi nima?

— Birinchidan, o‘rgangan joyim, qolaversa, endilikda yosh, kuchga to‘lgan kadr emasman. Boshqa kanalga o‘tib, o‘zimni yana mehnatim bilan ko‘rsatishim uchun boshidan harakat qilishim kerak. Yoshligimda men ham hech qaysi jurnalist borishni istamagan joylarga borib, reportajlar tayyorlaganman. Kechasi 12 gacha montajda o‘tirib, ertalab 6 da yana ishga kelgan vaqtlarim ko‘p bo‘lgan. Hozir esa ish joyimda ko‘rsatuvlarimni bemalol tayyorlash imkoniga egaman. Ishlarim bilan o‘zimni, qaysidir ma’noda, “isbotlaganim” uchun shunday sharoitda ishlayapman, deb hisoblayman. “Madaniyat va ma’rifat” kanalini esa yaxshi ko‘raman. Shuning uchun shu kanalning xodimiman.

— Darhaqiqat, TV kanallarining soni bugun ancha ko‘payib ketdi. Ammo ochiq aytish kerakki, ulardagi ayrim ko‘rsatuvlarni ko‘rishga odamning sabri ham, asabi ham chidamaydi. Sizning “Oddiy haqiqatlar” ko‘rsatuvingizga o‘xshagan joni va fikri bor salmoqli ko‘rsatuvlar, yuqorida aytganimdek, barmoq bilan sanarli. Ko‘rsatuvingizda siz boshdan kechiradigan quvonch-tashvishlarni bizga ilinsangiz…

— Savolingizni tushundim. Men ham ochiq aytaman. Rahbariyat tomonidan ko‘rsatuv efirdan oldin ko‘riladi, qandaydir o‘zgartirishlar kiritiladi va buni to‘g‘ri tushunishga harakat qilaman. Yashirmayman, qahramonlarim oldida uyalib qolgan vaziyatlarim ham bo‘lgan. Misol uchun, faylasuf olim Viktor Alimasov bilan bo‘lgan suhbatim to‘lig‘icha efir yuzini ko‘rmadi. Sababi ushbu faylasuf shablon fikrlar bilan so‘zlamaydi. Hayotga mutlaqo boshqacha nigoh ila qaraydi. Intervyudan ko‘nglim to‘lgandi. Mulohazalar kuchli edi, biroq, hali bunga bir qadar tayyor emasligimiz uchun bor bo‘y-basti bilan efirga berolmadik.

— Suhbatdoshingiz xafa bo‘lgandir?

— Xafa bo‘ldilar. Gulmira, sizga ishongandim-ku, ichimdagilarni ro‘y-rost aytdim. Suhbatdoshlarim menga ishonch bildirib, ichidagilarni to‘kib ketsa-yu men efirga bera olmasam, uyalib qolaman-da. Lekin nachora, bunaqa vaziyatlar, afsuski, bo‘lib turadi. Bir paytlar ko‘rsatuvni to‘xtataman degan qarorga ham kelgandim. Televideniye — bu minbar. Aslida, hozir shular — shu aqlli, savodli, saviyali, tafakkuri keng ziyoli odamlar gapirishi kerak! Lekin, boshqa narsa meni ko‘proq o‘ylantiryapti — so‘zning ta’sir kuchi yo‘qolgandek… foydasi bo‘lmayapti-da. Nega tok-shoulardan ko‘nglim qolgan? Chunki hamma yig‘iladi, bir soatmi, ikki soatmi gapiradi, keyin tarqaladi. Tamom. Gapning amaldagi natijasi ko‘rinmayapti. Odamlar o‘zgaryaptimi bu gaplar, ko‘rsatuvlardan keyin? To‘g‘ri xulosalar chiqarib, xatti-harakatlaridagi qusurlardan xalos bo‘lyaptimi? TVdan turib aytilgan gaplar kor qilyaptimi? Mana masala qayerda. Oddiy misol: rahbarlar kelayotganda ob-havo qanday bo‘lishiga qaramay, yupun kiyingan qizlarning ularga non bilan peshvoz chiqishini yo‘q qi­linglar, bizda kelgan odamni ko‘chaga chiqib, non bilan siylash odati yo‘q, o‘zbekchilikda mehmon uyga taklif qilinadi, keyin non-choy beriladi, deb OAVda qancha aytilyapti! Bu haqda bizning ko‘rsatuvimizda Ahmadjon aka Meliboyev ham gapirganlar, jurnalistlar, blogerlar qayta-qayta yozishyapti, ammo odamlarning tushunchasida o‘zgarish ko‘ryapmizmi? Hamma gap shunda-da…

— Ko‘rsatuvga chaqiradigan mehmonlaringizni qanday mezonlar asosida tanlab olasiz?

— Albatta, hurmat qilgan, xalq sog‘ingan, jamiyat uchun nafi tekkan insonlarni suhbatga chaqirishga harakat qilaman. Gohida yon-atrofimdagilar “Suhbatdoshing yaxshi emas”, deb ham qolishadi, lekin ko‘rsatuv “farishtalar haqida emas, bu hayotning sinovlariga dosh berib, yashab kelayotgan insonlar haqida”, deb javob qilaman. Umrida bir marta bo‘lsayam xato qilmagan, aybi bo‘lmagan, bekamu ko‘st bo‘lgan mukammal inson bormi o‘zi?! Ko‘rsating, deyman.

Bu ko‘rsatuvning paydo bo‘lishiga marhum san’atkor, O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti — Husan Sharipov sababchi bo‘lgan. Otam olamdan o‘tganlaridan keyin kayfiyatimga qarab oramizda yo‘q insonlar haqida «Aziz siymolar» nomli ko‘rsatuvni tayyorlay boshladim. Bir sonini Ergash Karimov xotirasiga bag‘ishladik. Intervyu olish maqsadida Husan akaning yoniga bordim. Telefon raqamimni berib kelganim uchun oradan ko‘p o‘tmay Husan aka qo‘ng‘iroq qilib, kamera bilan borishimni, aytadigan iqrorliklari, uzr so‘rolmay qolgan insonlari borligini aytdilar. O‘sha paytlari “Dunyo bo’ylab”dan “Madaniyat va ma’rifat” kanaliga o‘tayotgan edim. Husan akaning aytgan gaplari kechagidek qulog‘im ostida jaranglab turadi: “Gulmira, ikki, ha, mayli, bir kuningni ayama mendan. Kamerang bilan kel. Ko‘p vaqtingni olmayman. Aytadigan, aytib ketishim kerak bo‘lgan gaplarim bor”, dedilar. — Hali ko‘p yashaysiz, Husan aka, yaqin kunlarda boraman, — deb ko‘ngillarini ko‘tardim. U bo‘ldi bu bo‘ldi Husan aka o‘tib qoldilar. Vaqt topib yetib borolmadim. Va’da berildi, ammo bajarilmadi… Niyatim bor, Xudo xohlasa, ularning xotirasiga bag‘ishlab, albatta, yaxshi ko‘rsatuv tayyorlamoqchiman.

Qolaversa, millatimizning yorqin gullaridan intervyu olish menga zavq bag‘ishlaydi. O‘zim bilmagan javoblarni ulardan qidiraman. Ko‘rsatuvning 3 yo 4 sonini filolog Rahmon Qo‘chqor bilan tayyorladik. Rahmon aka millatimiz haqida juda kuyunchaklik bilan gapirdi.

To‘g‘risi, katta ish qilyapman deb hisoblamayman, lekin u ijtimoiy kuchga, ta’sirga ega ko‘rsatuv bo‘lishini juda istayman. Rahmon aka ham qaysidir ma’noda o‘zlari bilmagan holatda, ko‘rsa­tuvning yo‘nalishini o‘zgartirib, belgilab berdi. Teran fikrlaydigan ziyolilarning jamiyatda kechayotgan jarayonlarga bo‘lgan munosabati doim qiziq. Rahmon aka zamonimizning eng ziyo­­li insonlaridan. Agar esingizda bo‘lsa, ularning «Hayrat» deb nomlangan mualliflik ko‘rsatuvlari bo‘lardi. U ko‘rsatuv juda ko‘pchilikni hayratga sola olgan. Shu jumladan, meni ham. Yashirmayman, Rahmon akaga havasim keladi. Ularni nafaqat olim, balki iste’dodli teleboshlovchi sifatidayam hurmat qilaman. 20 daqiqa davomida bir o‘zi gapirib, tomoshabinning e’tiborini «ushlab turish» hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Hozir ko‘pchilik boshlovchilarning aqli va savodi salom-alikni aytib olishga yetadi, xolos. Rahmon akadek bilimli, tafakkuri, tahlili kuchli odamlar teleekranlarimizda ko‘pmi?

— O‘zbek jurnalistikasining ertasi haqida qanday fikrdasiz?

— Bugun shu jamiyatda biz kimmiz? O‘rnimiz qanday? Nimalar bilan mashg‘ulmiz? Asl maqsadimiz nima? Kim va nima uchun shu ish bilan shug‘ullanyapmiz? Qandaydir mayda manfaatlarimizmi yoki xalq manfaati biz uchun muhimmi, degan savollarga ro‘y-rost javob berishimiz kerak. Avvalo o‘z vijdonimiz oldida. Haqiqiy fojia — ko‘z ojizligida emas, qalb so‘qirligida, deyishadi. Ayrim jurnalistlarning xolis emasligini ko‘rib, xafa bo‘lib ketaman. Nahotki uyalishmasa? Jurnalistning vazifasi — voqea-hodisa haqida to‘g‘ri, haqqoniy xabar berish, muammoni imkon qadar atroflicha yoritish, tahlil qilish, odamlarning e’tiborini qaratish emasmi? Shu jurnalistlar qayerda yasharkan, jamoat transportida yuradimi? Met­roga tushadimi? Qishloqlarda xalq qanday sharoitda yashayotganini bilarmikan? Bilishni istarmikan? Yaqindagina ta’mirlanganiga qaramay, yana avvalgi ahvolga kelib qolgan yo‘llardan o‘tarmikan? Bolalar kasalxonasiga bir borganmikan? — deb o‘zimga savol beraman. Kasbim borasida shu narsani tushunib yetdimki jurnalistlar, ayniqsa rahbarlar, umuman har bir kasb egasi el-yurtini yaxshi ko‘rishi kerak. Shunda hamma o‘z ishiga vijdonan yondoshadi, insof bilan bajaradi. Afsuski, bundaylar kam. Jurnalistlarni qo‘rqoqqa aylantirib qo‘yishdi. Oshkor yozsa jazolandi. Bunaqa sharoitda jurnalist qanday haqiqatni yozsin edi. Jurnalistni qo‘rqitib bo‘lmaydi, bu mumkin emas. So‘z erkinligi sal berilganida vaziyat aslida qanday bo‘lganini ko‘rdik. Ayrim jurnalistlar kasbimiz oldida turgan vazifalarni hamon to‘liq tushunmaydi. Tushunsak ham ishimiz talab darajasidami? Men o‘zimni chala-­yarim jurnalist deb bilaman. Endi tasavvur qiling — agar shifokor o‘z ishini shunday chala bajarsa? Tanqidga qarshi bo‘lgan har qanday odam ham shifokorlar ishini bunday chala-yarim qilishga chidab turolmaydi. Ayniqsa, gap bevosita o‘sha odamning o‘zi yoki yaqinlarining salomatligi haqida ketsa. Demak, jurnalist o‘z vazifasini to‘liq ado etish imkoniga ega bo‘lishi kerak.

Ayrim jurnalistlar bor haqiqatni aytolmasam, hech bo‘lmaganda yolg‘on gapirmayman, degan yo‘lni tutyapti. Bir tomondan bu to‘g‘ridir, agar jurnalist haqiqatni ayta olmasa, hech bo‘lmasa yolg‘on gapirmasligi, yolg‘onning ko‘payishiga xizmat qilmasligi kerak. Lekin, u haqiqatni aytmasa, yozmasa — uni jurnalist deb atashga haqlimizmi? Erkin matbuot — jamiyatning sog‘lom rivojlanishini ta’minlaydigan muhim omillardan biri, deb hisoblayman. Jurnalist ishini halol va xolis bajarsa, ishdan ketishi mumkinligiga ham tayyor bo‘lib yashayotgani bor haqiqat.

— Bugungi kunda ayrim blogerlar jurnalistlar yoza olmagan mavzularga qo‘l urmoqda. Obro‘i ham professional jurnalistlarnikidan boshqacharoq bo‘layaptimi deyman… Yoki faqat menga shunaqa tuyulyaptimi?

— Blogerlar bizdan ko‘ra erkin ijod qiladi. Chunki ular davlat idorasida ishlamaydi. Qolaversa, hamma blogerlarni to‘laqonli OAV vakili, deb aytolmaymiz. Ular turli kasb egalari, ammo jamiyatda kechayotgan voqea-hodisalarga befarq emasligi va ba’zida bizdan-da tezroq ularga o‘z munosabatini bildirishi bilan asosli ravishda hurmat qozonganlari ham bor. Hozir uloq ularda. Buni tan olish kerak. Bizda rasman senzura yo‘q, lekin, ichki senzuramiz kuchli. Ana shu narsa bizga halaqit beradi. Lekin gap yaxshi ma’nodagi senzura haqida ketmayapti — inson sha’ni, qadriyatlarimizni poymol qiladigan, axloq-odobimizga zid bo‘lgan, zulm-zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi narsalarni efirga mutlaqo berib bo‘lmaydi! Yaxshi ma’nodagi senzura — farosat, es-hush shu uchun kerak. Aytmoqchimanki, qaychilash — ko‘rsatuvdan rost gaplarni olib tashlash emas, uni ortiqcha narsalardan tozalash, degani bo‘lishi kerak. Ayrim paytlarda esa hayiqish, kimdandir yoki nimadandir cho‘chish bor gapni aytishimizga to‘sqinlik qiladi. Nega shunday bo‘ldi? Endi buning ildizi chuqur… Toki ichimizdagi shu hadikdan qutulmas ekanmiz, blogerlardan bir qadam orqada yuraveramiz. Vaholanki, zehni o‘tkir, hur fikrli, masalaning mohiyatini tushunadigan va uni atroflicha tahlil qilib beradigan jurnalistlar talaygina. Ortiq qo‘rqib yashab bo‘lmasligini hozir nafaqat OAV vakillari, jamiyat tushuna boshlayapti. Blogerlarning borligi yaxshi. Lekin, bir-ikki yil o‘tsin, g‘alvir suvdan ko‘tariladi. O‘shanda ham ular xuddi bugungidek jur’at bilan dadil bo‘lishsa — bundan faqat xursand bo‘lish kerak.

— “Oddiy haqiqatlar” bir necha yillar efirga uzatilmadimi? Ijodingizda tanaffus e’lon qilganmidingiz?

— Buning o‘ziga yarasha tarixi bor. 2009 yilda xo‘jayinim bilan suhbatlashib o‘tirgandik. Ular: “Gulmira, qara qirqqa qarab ketyapmiz. Alohida uy qilib chiqishimiz kerak. Bu yoqda farzandlar katta bo‘lmoqda. Bu yog‘iga nima qilamiz”, dedilar. Ikkimiz ham davlat ishida ishlardik. Topgan maoshimizni oylikdan-oylikka ulab ishlatardik. “Iqtisod sohasida mutaxassissiz, tilni bilasiz. Biror xorijiy davlatga hujjatlaringizni jo‘nating. Birga ishlab kelamiz”, deb taklif berdim. Shu bilan 2010 yilda televideniyedan bo‘shab, oilamiz bilan Gruziyaga ketdik. Ha, hayot majbur qilib bir qancha vaqt sohamdan yiroqlashdim. Lekin, u yerda o‘z kasbim bo‘yicha ishlash imkoniga ega bo‘lmadim. Afsus, rus tilidan boshqa bironta chet tilini bilmayman. Ammo uyda bo‘lganim zoye ketmadi.

Rahmatli qaynonam ham, rahmatli otam ham “uyli-joyli bo‘linglar”, deb ko‘p aytishardi. Musofirchilikda yurgan damlarimiz ikki aziz insonimizdan ayrildik. Otam 79 yoshlarida, qaynonam esa 64 yoshlarida vafot etishdi. Olgan uyimizni ko‘rish ularga nasib qilmadi. Niyatimizga yetdik, ammo hozir ota-onam, qaynonam haqida ko‘p o‘ylayman. Ularning yonida bo‘lishimiz kerak edi. 1999 yilda onamdan ayrilganman, lekin shundayam endi otamni yolg‘iz tashlab ketib bo‘lmasligini tushunmagan ekanman… Endi kech… Tushunish — hamma narsani vaqtida tushunish, anglab yetish — muhim ekan.

— Suhbatingiz uchun minnatdorman, katta rahmat!

— Tashakkur!

Feruza RAHIMOVA

suhbatlashdi.