«Haq olinur, berilmas»​ — ​Behbudiy tavalludining 145 yilligiga bag‘ishlangan kitoblar ko‘rgazmasi ochildi

2020-01-29T06:19:35+05:0029 January, 2020|Umumiy yangiliklar|

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasining «O‘zbekiston» o‘quv zalida taniqli ma’rifatparvar, jadidchilik harakati vakillaridan biri, noshir va siyosatchi, o‘zbek dramaturgiyasi asoschisi bo‘lmish Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 145 yilligiga bag‘ishlangan kitoblarning illyustrativ ko‘rgazmasi ochildi.

Ko‘rgazmada ma’rifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiyning hayoti va faoliyati haqida hikoya qiluvchi asarlar va kitoblar taqdim etilgan.

Behbudiy 1875 yilda Samarqandda tug‘ilgan. Adabiyot va tarix, siyosat bilan jiddiy shug‘ullangan. Gazeta va jurnallar orqali dunyoda yuz berayotgan voqealar bilan tanishib borgan. Makkani ziyorat qilish maqsadida arab tili, tarix va islom nazariyasini o‘rgangan.

Mahmudxo‘janing dunyoqarashini shakllantirishda XX asr boshlarida yuz bergan tarixiy voqealar katta rol o‘ynaydi. Behbudiy Samarqandda nashr etilgan «Oyina» jurnali asoschisi bo‘lgan. 1912-1913 yillarda Behbudiy «Samarqand» gazetasini o‘zbek va tojik tillarida chop etish ustida ish olib borgan. U xorijiy mamlakatlarga uyushtirgan safarlaridan yangi tipdagi maktablar uchun eng yaxshi ma’rifiy kitoblar va o‘quv qo‘llanmalar olib keladi. Musulmon maktablarida yangi o‘qish uslubini, qator sovet fanlarini joriy etish uchun kurashgan.

Tez orada u ma’rifatparvar deb tan olinadi va xalqning hurmatiga sazovor bo‘ladi. Yuksak madaniyatli, ko‘plab xorijiy tillarda erkin so‘zlasha oladigan Behbudiy umuminsoniy madaniy qadriyatlarning chinakam targ‘ibotchisi bo‘lgan.

1911 yilda Samarqandda o‘zbek tilida chiqqan «Padarkush» dramasi Behbudiy yozuvchilik mahoratining eng yuksak cho‘qqisidir. Ushbu drama o‘zbek dramaturgiyasi va milliy teatr san’ati shakllanishining asosi hisoblanadi.

Mahmudxo‘ja o‘zbek va tojik tillarida chop etilgan 200 dan ziyod maqola muallifidir. Xususan, «Muntaxabi jug‘rofiyai umumiy» – «Qisqacha umumiy jug‘rofiya» (1903), «Kitob-ul-atfol» – «Bolalar uchun kitob» (1904) va boshqalar shular jumlasidandir.

N.USMONOVA, O‘zA