“Janubiy Qozog‘iston”: Mamlakatda o‘zbek tilida chop etiladigan nashrlar sarboni

2020-01-28T08:15:12+05:0028 January, 2020|Umumiy yangiliklar|

“Janubiy Qozog‘iston” viloyat gazetasi Qozog‘istonda o‘zbek tilida chop etiladigan siyosiy, ijtimoiy nashrlardan sanaladi.

Taniqli shoir, mohir jurnalist, mazkur nashr bo‘lim mudiri Zokirjon Mo‘minjonov gazeta tarixi, bugungi kundagi ma’naviy-ma’rifiy qiyofasi haqida O‘zA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi.

– Turkiston viloyatidagi otaxon nashr – “Janubiy Qozog‘iston” gazetasi davr bilan hamnafas, mazmunli hamda sharafli yo‘lni bosib o‘tdi.

Gazetaning Qozog‘iston mustaqilligi bilan tengdosh ilk soni 1991 yil 5 aprelda o‘quvchilar qo‘liga etib borgan. Gazetamiz Qozog‘istonning tarixiy solnomasini yaratishga barakali va salmoqli hissa qo‘shib kelayotir. “Janubiy Qozog‘iston” mamlakatda o‘zbek tilida chop etiladigan nashrlar sarboni, deb tan olingan va jamoamiz bu haqli e’tirofga munosib bo‘lish yo‘lida tinimsiz izlanishda.

Gazeta mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini Qozog‘iston o‘zbeklariga etkazish yo‘lida samarali targ‘ibot vositasi sifatida xalqimiz ishonchini qozonib kelmoqda. Shu maqsadda gazetamiz sahifalarida jamiyat barqarorligi, etnoslararo totuvlik va hamjihatlik doimiy targ‘ib va tashviq qilingan, xalqlarimiz birligi, insoniy qadriyatlar aks etgan maqolalar chop etiladi. Shuningdek, Prezident va hukumatning faoliyatiga doir barcha muhim hujjatlar, siyosiy maqolalar tarjima qilinib, mushtariylarga o‘z vaqtida etkaziladi. Turkiston viloyati hokimi O‘.Sho‘keevning ko‘lamdor faoliyati, shaharlar hamda tumanlardagi ijtimoiy-siyosiy yangiliklar ham muntazam chop etilmoqda.

Bu yo‘lda gazetani turli yillarda boshqargan Sobirjon Yusufaliev, Havazmat Qo‘chqorov, Faxriddin Qoratoev, Murodjon Abubakirov kabi taniqli shaxslarning xizmatlari katta. Bugungi kunda bu mas’uliyatli ishni Alisher Sotvoldiev davom etkazmoqda.

Gazeta ko‘plab ijodkorlarni tarbiyalab, voyaga etkazgan, katta hayotga yo‘llanma bergan ijodiy ustaxona hamdir. Bugungi kunda Irisali Jumanov, Ibrohim Hukkiev, Islom Abdunabiev, Islom Niyozaliev, Avazxon Bo‘ronboev, Bahoroy Do‘smatova, Abdumalik Sarmonov, Xurshid Qo‘chqorov, Muxtabar Usmonova, Munira Sa’dullaeva, Shaxnoza Usmonova, Dilbar Ziyomatova, Saodat Sharifboeva, Malika Eltoeva, Shohista Toshpo‘latova kabi qalamkashlarning nomi ko‘pchilikka yaxshi tanish.

“Janubiy Qozog‘iston” gazetasi hozirgi kunda qariyb 13 ming nusxada chop etilmoqda.

O‘zA muxbiri

Ozoda BEKMURODOVA

yozib oldi.

Toshkent – Chimkent – Toshkent