O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 yanvar kuni Oliy Majlisga Murojaatidan so‘nggi o‘ylar

2020-01-28T06:05:30+05:0028 January, 2020|Umumiy yangiliklar|
  1. Islohotlar tashabbuskori bo‘la olamizmi?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Murojaatnomasini kutmagan, uni eshitmagan, tinglaganda hayajonlanmagan odam bo‘lmasa kerak.

Yurtboshimiz “Jamiyat – islohotlarning tashabbuskori” degan da’vatni ilgari surdilar. Ayni shunday bo‘lishi kerak. Ammo men, Siz yoki u ham islohotlar tashabbuskori bo‘lolmadik. Ja bo‘lmasa o‘z jamoamiz yutuqlarini ko‘paytirish, muammolarni bartaraf etishda sobit emasmiz. Afsus! Yurtboshimiz ilm va tarbiya masalalarini ilgari surar ekanlar
2020 yilni – “Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb e’tirof etdilar. Zalda jonlanish, studiyalarda qarsaklar. Ammo bilsak, bu qarsaklar xar birimizning mas’uliyatimizni yuz chandon, balki ming chandon oshiradi. Hushyor bo‘laylik.

“Yoshlikdagi bilim toshga o‘yilgan bitik” deyilganiday maktabgacha ta’lim 6 yoshgacha davom etishi aytilib, endi 6 yoshdan umumta’lim maktabiga yo‘l ochildi. Oliy ta’limda davlat grantlari ikki barobarga ko‘paytirilishi hammani birday quvontirdi. Endi eng muhim fanlarga yillar davomida tadrijiy e’tibor qaratiladigan bo‘ldi. Bu yil matematika, ximiya, biologiya, geologiya fanlariga alohida e’tibor beriladigan, “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan 700 dan ziyod mutaxassislarmiz chet el bilim dargohlariga yuboriladigan bo‘ldi (!) 1 mln. nafar dasturchi-loyihachi tayyorlanayotganini eshitib ko‘zlarim porlab ketdi.

  1. “Korrupsiya – yovuz balo!”

Yurtboshimiz o‘z murojaatlarida halqimiz dilidagi orzu umidlari haqida gapirdilar. Azal-azaldan poraxo‘rlik yoki korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida so‘z borsa-da, bu gal “Korrupsiya – yovuz balo!” degan xalqona so‘z ishlatildi. Jurnalist emasmanmi, jamiyat tanasidagi bu dog‘ qachon yo‘qolishi haqida ko‘p o‘ylaganman. Shuning uchun jamiyat rivojini ortga surgan bu ofat haqida avvallari feletonlar ham yozganman: “Benzokolonka yulg‘ichlari”, “Oshna-og‘aynigarchilik girdobida”, “Adolatsizlik, o‘kinch, haqiqat!”.

Bu maqolalar “qahramonlari” o‘sha vaqtda jinoiy javobgarlikka tortilishgan va menga g‘anim bo‘lib qolishgandi. Taqdir ekan, nima ham deymiz!

Murojaatda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashga alohida e’tibor qaratildi. Darvoqe, byudjet mablag‘lari xisobiga xotamtoylik qilgan mutasaddilarni ko‘p ko‘rganman. Ularning jinoiy ishlari to‘g‘risida o‘qiganman.

Prezidentimiz hali quloq eshitmagan, hayolga ham kelmagan “Davlat moliyaviy nazorati” va boshqa bir qator qonunlar yaratilishi fikrini bildirdilar. Qolaversa, korrupsiyaga qarshi kurashni izchil, tizimli olib borish uchun alohida organ tashkil etilishi, u faqat Oliy Majlis Senati va Prezident oldida xisobdor bo‘lishi xalq va davlat uchun koni foyda. E’tiborlisi yana shundaki, “Jamoatchilik nazorat palatasi” tuzishni ham taklif etdilar. Bu takliflar amalga oshiriladi va ohir oqibat har bir o‘zbekistonlik hayoti yanada nurli bo‘ladi.

  1. Soliq yuki kamayaveradi

Prezidentimiz soliqlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash tadbirkorlar harajatlarining bir qismini davlat qoplab berishi singari mutlaqo kutilmagan g‘oyalarni ilgari surdilar. Darhaqiqat soliq tizimini isloh qilishda katta ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirildi. Asosiy maqsad tenglik, soddalik, aniqlik va samaradorlik prinsiplariga asoslangan yangi soliq tizimini yaratishga qaratilgan.

Amalga oshirilayotgan islohotlar xalqaro tashkilotlar mutaxassislari tomonidan ham yuqori baholanmoqda. Xususan, O‘zbekiston ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha eng katta yutuqlarga erishgan 20 ta davlatlar qatoriga kirdi.

Soliqlar va yig‘imlarning soni va turlari, shuningdek, alohida soliq rejimlari optimallashtirildi. Soliqlarning 9 turi, katta bo‘lmagan korxonalar uchun (1 mlrd.so‘mgacha oboroti bilan) esa aylanmadan soliq ko‘rinishidagi alohida soliq rejimi saqlanib qolindi.

Soliq organlarining ustuvor vazifalari sifatida soliq to‘lovchilar bilan hamkorlik asosida ish yuritish prinsipi kiritildi. Ya’ni, soliq organlari soliq to‘lovchilar bilan soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini to‘g‘ri bajarish maqsadida hamkorlik qilishi shartligi belgilab qo‘yildi.

Ortiqcha to‘langan soliq summalarini o‘z vaqtida qaytarilmaganligi yoki soliq organlari tomonidan asossiz undirilganligi uchun, Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida byudjetdan soliq to‘lovchilarga foiz to‘lash belgilandi.

Deputatlarga berilgan vakolatlarni yanada oshirgan holda, mahalliy byudjetga tushadigan soliqlar bo‘yicha qarzdorligini kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqini berish xalq deputatlari Kengashlari tomonidan taqdim etilishi belgilandi.

  1. Vatan ichra vatan bo‘lsin!

Azal-azaldan uy-joy muammosi barcha mamlakatlar va xalqlar hayotida yechimi yo‘qday edi. Keyingi uch yil davomida O‘zbekistonimizda bu sohada olib borilayotgan ishlar bois osmono‘par binolar qad rostladi. Olis qishloqlarda har kimning o‘z holiga yarasha turar-joylar qurilmoqda. Bu bunyodkorlik asosan xususiy sektor tomonidan yaratilishi haqida gap bordi.

Yurtboshimiz “Vatan ichra vatani – uy-joyi bo‘lsa xalq ham, Yaratgan ham bizdan rozi bo‘ladi!” deganlarida ko‘zimiz quvonchdan yoshlandi. Ayniqsa kam ta’minlanganlar 12-15 foizni tashkil etishi, bu degani 4-5 mln. odam kambag‘alchilik kasridan qiynalayotgani, kambag‘al tushunchasini kamaytirib borish hayotiy zarurat ekani, bunda Farg‘ona vodiysidagi 22 ta qishloq tumanlari aholisi uchun berilgan kreditlar, ularni o‘z hayotlari farovonligi yo‘lida ish bilan ta’min etilgani, bu tajriba respublika qishloq tumanlarida ham joriy etilishi ta’kidlandi. Bu maqsadlar uchun 700 mln.AQSh dollari sarflanishi aytildi.

Eng muhimi o‘zbekistonliklar respublikamizning o‘zi istagan joyida “propiska”dan o‘tishi masalasi o‘rtaga tashlanganda zal va studiyalarda alohida jonlanish paydo bo‘ldi.

Xalq hayoti farovonligi yo‘lida favqulodda yechim topayotgan Yurtboshimizning “Menga sadoqatli yoshlar kerak, bilmaganini o‘zim o‘rgataman” deganlarida naqadar xaq ekanliklariga bo‘lgan ishonchimiz yuz chandon ortmoqda.

  1. “Kabinetda o‘tirish tugadi!”

Prezidentimiz barcha darajadagi rahbarlarga qarata aytgan yuqoridagi gaplari bir vaqtlar xassos shoirning to‘lib-toshib yozgan misralarini hayolimga keltirdi. “Quchoq ochib halq ichiga boraylik!”

Bugun mahallalardagi vaziyat ikki taomil asosida baholanadigan bo‘ldi. Tinchlik; obodonchilik! Ammo bu taomilni kun tartibida ustuvor saqlash oson emas.

Aytaylik mahallangizning bolasi mehribonlik uyida tarbiyalandi.
U bolalar uyi yoshidan o‘tgach qayerga boradi? Qayerda ishlaydi? Kim uning boshini silaydi? Bu savollarni o‘z-o‘zimizga bersak zimmamizdagi masala yanada teranroq ko‘rinadi bizga! Bunda oila, maktab, yoshlar ittifoqi, mahalla, Nuroniy singari tashkilot va kengashlar hali ko‘p ish qilishimiz zarur.

Bu masalada esa ijtimoiy hayotning, ijtimoiy ongning qon tomiri biz – ommaviy axborot vositalari xodimlari keng ma’noda yeng shimarib ishga kirishishimiz lozim. Shu jihatdan Yurtboshimiz ilgari surgan “Yoshlar konsepsiyasi”ga foydali, samara keltiradigan takliflarimizni beraylik. Azaldan “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona” dedigu bitta begona bolaga otalik qildikmi? Darvoqe, bolaning begonasi bo‘lmaydi. Nima dedingiz?!

  1. “Ekologik kodeks” kerak!

Hammamiz tabiat farzandlarimiz. Atrof-muhit onamiz, biz esa uning farzandlari ekanmiz, nega onamiz haqida qayg‘urmaymiz. Qariyb 30-40 yil davomida Orol!, Orol! deb keldik. Undagi qurg‘oqchilik haqida yozilgan kitob-daftarlar, qog‘ozu-qalamlar, xalqaro simpoziumlar ovoragarchilik-lariga suv sotib olinganda edi, Orolning ma’lum qismi saqlanib qolinarmidi?! Gap ko‘pu ish oz. bo‘ldi.

Muhtaram Prezidentimiz buning yechimini o‘zlari topib berdilar: “Bu ishni bizga birov kelib qilib bermaydi! Orolni o‘zimiz qutqarishimiz kerak!” Bu chaqiriqqa o‘tgan yili barcha viloyat mardlari “Labbay!” deb javob qaytardilar. Yuzlab kilometr, minglab gektarlarga saksovul urug‘i sepildi. yuzlab traktorlar pol ochib, sho‘r yuvishga kirishildi.

O‘tgan hafta Qoraqolpog‘iston Respublikasi yoshlari O‘zbekiston bayrog‘i ostida yana bunyodkorlik ishini boshladilar. O‘rtadagi mash’ala qahraton qishning sovug‘ini kesib turganday. Yonayotgan mash’ala qoraqolpog‘istonlik yoshlarning yuragi yonib turganday! Yoshlar shijoati va g‘ayrati abadiy bo‘lsin.

Yurtboshimiz kelgusida yaratiladigan “Ekologik kodeks” yuzasidan Ekopartiyadan saylangan deputatlarga qimmatli tavsiyalar berdilar.

  1. Oldingizda xisobdormiz deputatlar!

“ – Respublika vazirliklari va idoralari, Oliy Majlisda xisobot berishadiyu, nega viloyat boshqarmalari viloyat Kengashlari oldida xisobot bermaydilar?!”

Yurtboshimiz bu haqqoniy talabni qo‘yganlarida atrofimdagi viloyat boshqarma, idora va tashkilotlar rahbarlari bir “qo‘zg‘olib” olishdi. Ularni tushunsa bo‘ladi. Negaki, ular orasida “o‘zini xon, ko‘lankasini maydon” deguvchilar, “bu tizimda mendan aqlli, tajribali, donosi yo‘q” deguvchilari ham yo‘q emasda…

Prezidentimiz til uchidagi dil tubidagi gapni aytdilar. Nega “til uchida” deyapman. Xalqda “Tilimni uchida turibdiyu, aytolmayapman” degan jumla ishlatiladi. Men ham doimo taraddudlanganman, ammo ayta olmaganman.

Har gal viloyat hokimligiga kirganimda ish ko‘pligidan, talab zo‘rligidan bu yerdagi katta-kichik lavozimdagi shaxslar hotirjam emasliklarini his etaman. Mana endi ayon bo‘ldiki, hokimlarning zimmasida 300 dan ortiq ish bor ekan. Vakolat doirasidagi bu 300 ta ishning yana 300, balki 600 mashmasi ham yo‘q emas.

Endi bir-birini takrorlaydigan turli idoralarga ana shu yumushlarning yarmi olib beriladigan bo‘ldi. Bu masalada Oliy Majlis Senati, Adliya vazirligiga topshiriq berildi.

Shunday ekan biz – viloyat tashkilotlari rahbarlari bundan buyon Kengash oldida xisob berishga, Kengash so‘rovi instituti talablariga tayyor turishimiz ham kerak.

  1. Halollik vaksinasi

Ikki kun avval qabulimga ushoqqina kampir kirdi. Namangan shahridagi Mehnatobod MFYda yashovchi Ra’no Dedaxanova ekan. Yoshligida bolalar uyida katta bo‘lgan. Turmush qurib farzandli va nabirali bo‘lgan. 2002 yili
684-sonli qaror bilan adirlikda 768 m2 bog‘ yaratgan. Devor aylantirgan, kirish eshigi qurgan. Aynan uning egaligidagi yerdan 2018 yilda 656-sonli qaror bilan Ro‘ziyeva Niginaga uchastka ajratilgan. Shahar qurilish bo‘limi, davlat kadastr idorasi mushtipar kampirning kirish eshigi va yo‘lini ham Ro‘ziyevaga qo‘shib bergan. Ro‘ziyeva uchastkasini kengaytirib, bog‘ni surib kelmoqda. “Bir-ikki sotix olsa olar, ammo kirish eshigimni qaytarib bersin!” deb yozgan javobiga shahar hokimi o‘rinbosari A.Bobomirzayev “Sudga bering” degan javobni yo‘llagan. Endi ikki qo‘shni bir umr sudlashishi kerak. “Sud hohlaganimni qilaman” deyapti deb ko‘z yosh to‘kdi u.

Prezidentimiz “Sud ostonasiga qadam qo‘ygan odam adolat bo‘lishiga ishonishi kerak!” deganlarida yuz bora haq edilar. Shuningdek, ular nemis faylasufi Immanuel Kantning fikrini keltirish bilan adolat tarozusi qo‘lida bo‘lganlarni insofga chaqirdilar. Adolatsizlik, korrupsiyaga qarshi gapira turib, “ularni halollik vaksinasi bilan emlash” masalasini o‘rtaga tashladilar. Ammo bundaylarni qanday emlash mumkin?! Mana shunisi og‘ir. Xudodan qo‘rqaylik, azizlar.

  1. Milliy qadriyatlarimiz yanada qadrlanadi

Murojaatda milliy qadriyatlarimizni qadrlashga alohida urg‘u berildi. Bu masalada “O‘zbekkino” milliy agentligiga alohida topshiriqlar bo‘ldi. Bu yil maqom festivali o‘tkazilishi, Behbudiy bobomiz tavalludi kuni, Imom Buxoriy, Naqshbandiy hazratlari daxmalari yanada obod etilishi, diniy bag‘rikenglik, asosida ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkazilishi belgilab berildi.

Markaziy Osiyo davlatlari bilan do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash, Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar bilan do‘stona aloqalarni yanada qaror toptirish, Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiyani ishlab chiqish, II jahon urushida qozonilgan g‘alabaning
75 yilligini keng nishonlash singari ezgu ishlar davom ettirilishi yuzasidan keng ko‘lamli yo‘llanmalar berildi.

Turli norasmiy oqimlarga bilib-bilmay kirib qolganlarni avf etish va ularni faol ijtimoiy hayotga qaytarishdek oliyjanob harakatlar davom ettiriladi.

Yurtboshimiz uch yil avval katta ishlar boshlaganimizni, salmoqli natijalarga erishganimizni, 2020 yil sinov va mas’uliyatli yil bo‘lishini alohida ta’kidladilar. Shularni tinglar ekanman, qalbim hayqiradi: “Biz Siz bilan Shavkat Miromonovich!”

  1. Bor bo‘lgin, so‘z erkinligi!

Muhtaram Prezidentimiz so‘nggi uch yil ichida so‘z erkinligi, jurnalistlar, blogerlar uchun erkin ishlash, buning uchun huquqiy asos va imkoniyatlar yaratilganini ta’kidladilar. Ijod ahlini mamlakatimizda olib borayotgan jadal islohotlarni ochiq-oydin yoritishga da’vat etar ekanlar, jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlashlarini izhor etganlarida olqishlovchi qarsaklar davomli bo‘ldi.

Uzoq yillar shu tizimda ishlayotganim, ijobiy maqolalar uchun rahmat eshitganim, tanqidiy chiqishlarim uchun o‘zlariga dushman ko‘rganlarim, hammangiz bor bo‘ling. Avvalo so‘z erkinligi bor bo‘lsin! Qayerdaki, maddohlik hukm surar ekan u jamoaning istiqboli bo‘lmaydi. Aksincha “Tanqid kelajak mevasi” deb bilganlar bundan to‘g‘ri xulosalar yasaydilar-da, navbatdagi dovonni ko‘zlayveradilar.

Yurtboshimiz ta’kidlaganlariday, Buyuk davlat, Buyuk xalq sifatida yanada taraqqiy etaveramiz. Barcha amallar niyatga qarab bo‘ladi. Pok niyat bilan boshlangan ulug‘ maqsadlarga albatta yetamiz. Buning uchun yakdillik kerak. Yakdil bo‘lsak har qanday marrani egallaymiz. Tarixning yangi sahifalarini ochamiz!

Bu chaqiriqlar biz uchun dasturilamaldir.

Namangan viloyati axborot va

ommaviy kommunikatsiyalar

boshqarmasi boshlig‘i

Rahimjon Irisov.