“Оила даврасида” чиқмаяпти. Энди бу газета ҳам керак эмасми?

2020-01-21T10:51:22+05:0021 January, 2020|Umumiy yangiliklar|

Ikki haftadan buyon “Oila davrasida” gazetasini kutaman. Afsuski, bu hafta ham gazeta chiqmadi. Nega?

Ha, bu gazeta 2020 yil boshlangandan buyon hamon chiqmayapti, nima uchun?

Ochig‘i, shu gazetani chop etila boshlangan 2012 yildan beri o‘qib kelaman. Nashrning ko‘p sonli muxlislaridan biriman. O‘tgan davrda gazeta o‘z mushtariylarini topdi, ko‘plab dolzarb mavzulardagi chiqishlari bilan e’tiborga tushdi. Muhimi, jamiyatdagi ko‘plab muammolarga keng jamoatchilik hamda mutasaddilar e’tiborini qarata oldi. Ko‘pchilik ko‘rib-bilib yurgan, hech kimga sir yoki yangilik bo‘lmasa-da, uzoq yillardan beri echimini kutib, xalqni qiynab kelayotgan o‘nlab dolzarb mavzularni tahliliy-tanqidiy yoritish orqali xalqning yukini engil, mushkulini oson qilishga yordam berib kelayotgan edi.

Balki bu gaplar bugun elektron ommaviy axborot vositalari – saytlar yoki blogerlar faoliyatiga keng yo‘l berilayotgan bir davr uchun unchalik ahamiyatli emasdir. Lekin bundan 6-7 yil oldin ayrimlar “sen menga tegma, mening sen bilan ishim yo‘q” qabilida nafas olayotgan paytlarda uyquda yotgan ba’zi bir mansabdorlarning yuziga oyna tutish, shu orqali asl holatni ochib berish jiddiy masala edi.

Yov qochsa, botir ko‘payadi, deyilganidek so‘nggi ikki-uch yil ichida tilga tushib qolgan gaplarni bundan ancha yil oldinroq ham “Oila davrasida” sahifalarida o‘qib kelayotgandik. Buni ko‘pchilik mushtariylar ham tasdiqlasa, ajab emas.

Gapim quruq bo‘lib qolmasligi uchun bir-ikki misol keltiray. Masalan, “Uymi yo bog‘cha?” (29.11.2012), “Bog‘chada chizilgan behayo surat bola tarbiyasiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?” (13.02.2014), “Sog‘lom bola qaerda voyaga etadi?” (06.02.2014) kabi o‘nlab maqolalarda ahamiyat qaratilgan jiddiy muammolar echimiga mana endi tizimli ravishda kirishilmoqda.

Ayniqsa, gazeta o‘zining mavzu yo‘nalishidan kelib chiqib, oilaviy marosim va tantanalarda ortiqcha dabdabaga yo‘l qo‘ymaslik masalasida to‘xtovsiz chiqishlar qilgan edi. Turli toifadagi kishilarning fikr-mulohazalarini uzluksiz e’lon qilib bordi. “Kuyovga berilayotgan qalin” (28.03.2013), “Qiz uzatganning qirq kuni” (16.05.2013), “Endi nikoh oyda bo‘ladi” (16.05.2013), “To‘y – birovniki, qayg‘usi – bizniki” (23.05.2013) sarlavhali maqolalar shulardan ayrimlari xolos. Mana, hozir bu muammo yuzasidan parlament darajasida alohida hujjat qabul qilinib, yuridik shaklda tartibga solinyapti.

Ko‘pchilikning o‘rinli e’tiroziga sabab bo‘layotgan ayrim madaniyat xodimlari — san’atkorlarning o‘zini tutishlari, odob-axloqi, kiyinishi masalasi ham katta munozaralarga sabab bo‘lib kelayotgan og‘riqli “nuqta“larimizdan edi. Gazetada bu haqda “Taassub qilganingiz kim, o‘rtoq san’atkor?” (02.05.2013), “Zal balandmi yoki sahna?” kabi o‘tkir chiqishlar qilinib, jamoatchilikning diqqat markaziga olib chiqildi. Natijada, san’atkorlarning bachkana xatti-harakati uchun tegishli choralar ko‘rilgan edi o‘shanda.

“Oila davrasida” sahifalarida bunday misollar juda ko‘p. Lekin birgina nashrning ijtimoiy salmog‘ini mulohaza qilish uchun shular ham kifoya qiladi, albatta.

Davriy nashrlarning muntazam chiqib turishi obunaga bog‘liq jarayon. Lekin keyingi paytlarda hech kimga o‘z istak-irodasiga qarshi munosabat qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi, degan qarash “endi umuman gazeta o‘qimaslik kerak ekan”, qabilida tushunilishi esini tanigan har bir insonni jiddiy tashvishga solishi kerak. Ayniqsa, o‘zini faqat qorin qayg‘usiga bog‘lab qo‘ymagan kishi uchun bu o‘ta jiddiy masala.

Gazeta tahririyatiga qo‘ng‘iroq qilib, nega chiqmayotganini so‘radim. 2020 yil uchun obuna soni juda kam ekanini aytishdi. Ammo tahririyat jamoasi imkoniyatlar qidirishiga, “Oila davrasida” yana chiqa boshlashishiga ishonaman.

“Oila davrasida” gazetasining chiqish ma’lumotlari qatoriga ko‘z tashlasangiz, u erda muassis sifatida kazo-kazo tashkilotlarning nomini ko‘rasiz. Hammasi jamiyatda o‘z o‘rniga ega katta-katta tashkilotlar. Nahotki ular o‘z muassisligidagi bir salmoqli nashrning chiqishini to‘xtatib qo‘ysa, degan savol odamga tinchlik bermaydi. Axir, bir burdadan bersa, to‘ydiradi, bir mushtdan ursa, o‘ldiradi, degan gaplar ham bekorga aytilmagan-ku. Yoki ular bu holatdan umuman bexabarmi? Bir paytlar yuqori tirajlarda chiqib, ko‘pchilikning oilasi davrasidan munosib o‘rin olgan gazetaning kelajakdagi ahvoli nima bo‘ladi?

Sharofiddin TO‘LAGANOV.

Manba:O‘zA