Buxoro amirlari va Xiva xonlari gazeta o‘qiganmi?

2020-01-21T10:44:06+05:0021 January, 2020|Umumiy yangiliklar|

Amir va xonlarning qaysi gazetalarni mutolaa qilishgani, ularga qanday mazmundagi maqolalar ma’qul kelgani-yu, ular qaysi gazetalarga obuna bo‘lgani haqidagi ma’lumot kishida qiziqish uyg‘otishi tabiiy.

Uch ming ikki yuz kilometr uzoqlikdagi obuna

Italyancha “gazzetta” – “chaqa pul” so‘zidan olingan ushbu davriy nashrning hozirgi ko‘rinishdagi dastlabki turlari XVI-XVII asrlarda Evropada paydo bo‘lgan. Biroq uning Turkistonga kirib kelishi biroz keyinroq yuz berdi.

1870 yildan Toshkentda chiqa boshlagan “Turkestanskie vedomosti” gazetasi Turkistondagi ilk davriy matbuot bo‘ldi. 1906 yil 27 iyundan Toshkentda chop etilgan “Taraqqiy” gazetasi esa ilk milliy nashrga aylandi.

Buxoro amirlari hatto poytaxtdan qariyb 3 ming 200 kilometr uzoqlikda nashr etilgan gazetaga ham obuna bo‘lishgan, uni doimiy mutolaa qilib borishgan. Bu – Qrimdagi Boqchasaroyda jadidchilik asoschisi Ismoilbek Gasprinskiy muharrirligida chop etilgan “Tarjumon” gazetasidir.

“Tarjumon”ning 1-soni 1883 yil 10 aprelda chiqqan va mahalliy hamda rus tilida chop etilgan. Gazeta 1914 yil 11 sentyabrь – Ismoilbek Gasprinskiy vafotiga qadar uning noshirligi va muharrirligida chiqqan. So‘ng bu ishni o‘g‘li Rif’at va safdoshi Hasan Sabriy davom ettirgan.

Gazeta dastlabki yillarda haftada 1, 1903 yildan haftada – 2, 1905 yildan haftada – 3 marta chiqqan. 1912 yilda esa kundalik gazetaga aylangan. Uning jami 2826 soni dunyo yuzini ko‘rgan. “Tilda, fikrda, ishda birlik” so‘zlari gazetaga shior qilib olingan.

Amir va jadidchini do‘stlashtirgan gazeta

Buxoroning 1885–1910 yillardagi amiri Abdulahadxon hukmronligi davriga kelib, otasi Amir Muzaffar davridan beri Rossiya imperiyasi mustamlakasi bo‘lgan Buxoroda islohotchilik g‘oyalari quloch yoza boshladi. Abdulahadxon valiahdlik vaqtidayoq Buxoro delegatsiyasi tarkibida bir necha bor Rossiyaga tashrif buyurgan va rus madaniyati bilan yaqindan tanish edi.

Amirlikning poytaxti Buxorodan Rossiya imperiyasi poytaxti Peterburg tomon yo‘l Kavkaz va Qrim orqali o‘tar, Abdulahadxon bu erlardagi rus musulmonlarining holatini yaxshi bilardi. 1883 yilda, Peterburg va Moskvaga sayohatlaridan birida u jadid ma’rifatparvari Ismoilbek Gasprinskiyning shu yildan chiqa boshlagan “Tarjumon” gazetasi bilan tanishdi va unga obuna bo‘lish istagini bildirdi. U o‘zining bu mujdasi haqida Gasprinskiyga yozgan maktubida bayon etdi.

Ayni shu davrdan bo‘lajak amir va jadid ma’rifatparvarining uzoq davom etgan, biroq u qadar samarali bo‘lmagan do‘stona aloqalari boshlandi. Gasprinskiy o‘z gazetasida amir Abdulahadxon haqida iliq so‘zlar bitishni kanda qilmasdi.

“Tarjumon”ning 1892 yilgi sonlaridan birida Gasprinskiy gazetxonlarga Buxoro amiri Abdulahadxon “Tarjumon”ga gazeta chiqa boshlagan kundan beri obuna bo‘lgani haqida xabar berdi va uni musulmon davlatining ma’rifatparvar hukmdori va islohotlar tarafdori sifatida e’tirof etdi.

Xiva xonlari ham gazetxon bo‘lishgan

Amerikalik tadqiqotchi Edvard Lazzerini gazetadagi ushbu 1892 yilgi xabarni tahlil qilgan holda amir Abdulahadxon 1883 yilda gazetaga obuna bo‘la olmagani va 1892 yilda Gasprinskiyga qayta murojaat qilib, “Tarjumon”ga obuna bo‘lish istagini aytgani haqidagi noto‘g‘ri xulosaga kelgan. Biroq Gasprinskiy 1887 yilda ham Abdulahadxon gazetaning obunachisi ekanligi va Xiva xoni bilan bir qatorda u ham gazetani doimiy mutolaa qilayotgani haqida gazetada xabar yozgandi.

Demak, “Tarjumon” gazetasini nafaqat Buxoro amiri, balki Xiva xonligini 1864–1910 yillarda boshqargan Muhammad Rahimxon II ham mutolaa qilib borgan. Ikkala hukmdor ham gazetaga obuna bo‘lgan. Biroq Xiva xonining “Tarjumon” bilan qaysi yildan boshlab tanish ekanligi haqida aniq ma’lumot yo‘q. Muhammad Rahimxon II ilk bora rasmiy tashrif bilan 1883 yilda Rossiyaga borganini inobatga olsak, u ham ayni shu yildan boshlab gazeta bilan tanish bo‘lgan, deb taxmin qilish mumkin.

1889 yilda “Tarjumon” Xivada mahalliy gazetxonlar ichidan Xivadagi yangiliklarni doimiy etkazib turish maqsadida shtatdan tashqari muxbir tayinlaydi. 1896 yilda Muhammad Rahimxon II Gasprinskiyning yangi ta’lim muassasalari tashkil etish borasidagi hamda musulmonlar ichida yangi g‘oyalar targ‘iboti yo‘lida qilgan harakatlarini yuksak baholab, unga tashakkurnoma bitilgan telegramma va qimmatbaho sovg‘alar yuboradi.

Muhammad Rahimxon II ning vorisi, Xivani 1910–1918 yillarda boshqargan Asfandiyor ham XX asr boshlaridan rus, tatar, turk va ozarbayjon matbuotini o‘qib borgan, o‘z kutubxonasi uchun Turkiya va Ozarbayjondan geografiya, tarix va yangi adabiyot bo‘yicha kitoblar olib kelgan. Xivaning bosh vaziri Islomxo‘ja ham doimiy ravishda o‘nlab gazetalarni, jumladan, “Tarjumon”ni mutolaa qilgan.

To‘qqiz yoshli Olimxon va jadidchilik otasi

Muharrir Gasprinskiy gazeta sahifalarida Buxoro va uning hukmdoriga alohida ahamiyat qaratgan. Uning Buxoro amiri bilan dastlabki yuzma-yuz uchrashuvi 1893 yil boshlarida bo‘lib o‘tgan. Abdulahadxon Peterburgga qilgan navbatdagi sayohatidan qaytishda Qrim va Boqchasaroy orqali o‘tgan va Sevastopolga yo‘l olgan. U Boqchasaroyga 6 fevralda etib kelgan. Oliy darajali mehmonni kutib oluvchilar tarkibida Gasprinskiy ham bor edi.

Abdulahad uchrashuv davomida Gasprinskiyni III darajali Buxoro Oltin yulduzi bilan taqdirlaydi va bu haqda farmon chiqaradi. Keyinchalik Gasprinskiy Buxoro amiri bilan bir necha kun ichida uch bora uchrashgani haqida yozib, Abdulahadxon bilan hech qanday tarjimonlarsiz turkiy tilda erkin muloqot qilganini bayon etgan edi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Buxoro amiri Gasprinskiy faoliyatiga ijobiy baho bergan va “Tarjumon” gazetasini doimiy mutolaa qilgan bo‘lsa-da, undagi islohotchilik g‘oyalarini amirlikda joriy etish va gazetani Buxoroda tarqatish bo‘yicha hech qanday amaliy ish qilmagan. Gasprinskiy amirdan ko‘p narsa kutgan, biroq oxir-oqibat kutganlarining hech biriga erisha olmagan. O‘rtadagi bu tushunmovchilikka qaramay, Abdulahadxon Gasprinskiyni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlab turgan.

Abdulahadxonning valiahd o‘g‘li, 1910–1920 yillarda Buxoro hukmdori bo‘lgan amir Olimxon ham valiahdlik chog‘ida otasi bilan Qrim orqali Rossiyaga sayohati chog‘ida Gasprinskiy bilan bir necha bor uchrashgan. Ularning ilk uchrashuvi 1893 yilda, Olimxon 9 yoshda ekanligida bo‘lgan. Oradan ikki yil o‘tgach, Olimxon Qrimga navbatdagi sayohat vaqtida Gasprinskiyning o‘g‘li bilan tanishtirilgan.

Ushbu uchrashuvdan esdalik sifatida Olimxon Gasprinskiyning o‘g‘liga qimmatbaho chopon sovg‘a qilgan, Abdulahadxon esa uning bir yillik o‘qishi pulini to‘lab bergan. Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, Peterburgdagi harbiy bilim yurtini tugatgan Olimxon ham rus matbuotini doimiy mutolaa qilib borgan, gazetxon hukmdorlardan biri bo‘lgan.

Alisher EGAMBERDIEV,

O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi

Manba: O‘zA