Jurnalistlar ijod maktabiga tashrif buyurdilar

2020-01-20T08:47:43+05:0020 January, 2020|Jizzax vil.|

O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi Jizzax viloyati bo‘limi tomonidan viloyat Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtimomlashtirilgan maktab-internatda o‘quvchilar bilan viloyatning turli matbuot va ommaviy axborot vositalarida faoliyat ko‘rsatayotgan jurnalistlarining ijodiy uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumki, bugungi kunda dunyo shiddat bilan o‘zgarmoqda. Barcha sohalar kabi axborot olish va uni etkazish, ta’sirchan jamoatchilik fikrini shakllantirish borasida ham raqobat keskin tus olmoqda. Bunday murakkab sharoitda hayot jurnalistlar oldiga yangi-yangi talab va vazifalarni qo‘ymoqda.

Jahon axborot makoni globallashuvining kuchayishi ommaviy axborot vositalari sohasida dunyoda sodir bo‘layotgan voqealarga tez va mos ravishda munosabat bildirish, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik qayta o‘zgarishlar haqida respublika aholisini, dunyo hamjamiyatini o‘z vaqtida va xolisona xabardor qilish tizimini takomillashtirish masalasi eng dolzarb vazifalardan biriga aylangan.

Ommaviy axborot vositalarining rivojlanishi, davlat va nodavlat davriy bosma nashrlar, teleradiostudiyalar, axborot xizmatlari, media kommunikatsiya, internet jurnalistikasining shakllanishi raqobatbardosh, yangicha shart-sharoitlarda ishlay oladigan jurnalist kadrlarni tayyorlash zaruratini taqozo etmoqda.

Mazkur ijod maktabida bugungi kunda 174 nafar o‘quvchilar ona tili va adabiyotini chuqur o‘zlashtirish bilan birga she’riy va nasriy asarlarni, publitsistik materiallarni mashq qilib, davriy nashrlarda ishtirok etib kelmoqdalar.

Ijod maktabida iqtidorli o‘quvchilarni har tomonlama chuqur bilim olishlari uchun barcha sharoit muhayyo qilingan. Eng asosiysi, o‘quvchilar ijodiy muhit ichida ta’lim-tarbiya oladi. Ijod maktablarida taniqli yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar bilan muntazam ijodiy uchrashuvlar, mahorat saboqlari o‘tkazilishi bilan bir qatorda ijodkorlar, salohiyatli insonlar, olimlar va yosh ixtirochilar ishtirokida mahorat darslarini samimiy suhbat shaklida tashkil etish maqsadga muvofiq.

Ijodkor yoshlarni jurnalistika sohasiga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish, matbuot va ommaviy axborot vositalariga jalb etish maqsadida tashkil etilgan uchrashuvga uzoq yillar viloyat radiosi va televideniesining rus va o‘zbek muharririyatlarida ishlagan, bugungi kunda “Djizakskaya pravda” gazetasining huquq bo‘limi muharriri vazifasida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan mohir jurnalist, shoir Ilhom Nosirov “Ijod zavqi” xususida mahorat darsini o‘tdi.

Shuningdek, uchrashuvda ishtirok etgan viloyat teleradiokompaniyasi, radio bosh muharriri, “Shuhrat” medali sohibi Sayyora To‘xtaeva, viloyat teleradiokompaniyasi muharriri, shoira Latofat Ne’mat, “Jizzax haqiqati” gazetasi fotomuxbiri Botir Qudratovlar bugungi jurnalistning jamoatchilik fikrini shakllantirishdagi, fuqarolik jamiyatini qurishdagi roli va o‘rni haqida gapirdilar hamda o‘quvchilarni qiziqtirganbarcha savollarga hayotiy misollar bilan javob qaytardilar.

O‘z navbatida ijodkor yoshlar ham o‘zlarining ijod namunalaridan yig‘ilganlarga o‘qib berishdi.

Bolaligimdan jurnalist bo‘lishni orzu qilaman. – dedi so‘zga chiqqan ijod maktabining 9-sinf o‘quvchisi Umida Mavlonova. – Bugungi uchrashuv menda katta taassurot qoldirdi. Jurnalist bo‘lish uchun yozishni bilishning o‘zigina kifoya qilmas ekan, endi men chet tillarini ham chuqur o‘zlashtirish, kompьyuter texnologiyalarini puxta o‘rganishim, shuningdek, tarix, geografiya va boshqa siyosiy fanlarni o‘qib, bilimimni oshirishim zarurligini, shundagini zamon talab qilayotgan tezkor, xolis va eng asosiysi jamiyatni rivojlantirishga hissa qo‘shadigan jurnalist bo‘lish mumkinligini anglab etdim.
Ijodiy uchrashuv yakunida ustoz jurnalistlar bu erga teztez kelib, yosh ijodkor o‘quvchilar bilan ijodiy mashqlar bajarish, ularni to‘g‘ri yo‘naltirish bo‘yicha kelishib oldilar.

Nodira ALIMOVA,

O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy

uyushmasi Jizzax viloyati bo‘limi mutaxassisi