Qo‘limizdagi xatar yoxud ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik nimalarga olib keladi?

2020-01-17T10:17:55+05:0017 January, 2020|Hafta maqolasi|

Internetdagi ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik garchi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining rasmiy reestriga kasallik sifatida kiritilmagan bo‘lsa-da, butun dunyo bo‘yicha yuz millionlab odamlar ushbu xastalikdan aziyat chekayotganidan ham, ularning aksariyati yoshlari ekanidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Bir qarashda xavfsiz tuyulgan ijtimoiy tarmoqlar ruhiy zo‘riqish va asab kasalliklarga olib kelishi mumkin.

Darhaqiqat, tibbiyot xodimlarining ta’kidlashicha, insonning tabiiy holatini yo‘qotib, biror narsaga haddan tashqari berilib ketishi ish joyida ham, oilasida ham muammolar tug‘ilishiga sabab bo‘lishi bilan birga, uning o‘ziga, salomatligiga ziyon etkazadi.

Bugungi kunda uyali telefon, kompьyuter, internet, ijtimoiy tarmoqlar nimaligini, ular qanday imkoniyat va qulayliklarga egaligini, tadbir joiz bo‘lsa, hali maktab ostonasiga qadam qo‘ymagan yosh bola ham biladi. Chunki globallashuv davrida, intellektual avlod asri, deya atalgan XXI asrda yashayapmiz. Mayli uzoqqa bormaylik, oilada katta yoshlilar — ota-onasi, aka-opasi qo‘lidagi mobilь aloqa vositasiga yopishib olib, nimalar bilan bandligini bola ko‘rib turibdi, hatto yosh onalar chaqalog‘iga alla aytishga erinib, bolasiga qo‘l telefoniga yozib olingan allani qo‘yib bermoqda.

Yaqin-yaqin vaqtgacha global tarmoq chindan ham insoniyat uchun chinakam ezgulik manbai hisoblanar edi. Internet bilimlarning bitmas-tuganmas xazinasi joylashtirilgan dunyo kutubxonasi sifatida tan olinishi bilan birga, aynan uning sharofati bilan osongina ish topish, yangiliklardan xabardor bo‘lish, qiziqarli kitoblarni o‘qish yoki boshqa kerakli ma’lumotlarni olish barchaga qo‘l kelardi.

Xo‘sh, bugun biz internet sharofati bilan nimalarni ko‘rayapmiz? Texnika va texnologiyalarning yuksak taraqqiyoti bir tomondan ajoyib qulayliklari bilan og‘irimizni engil, uzog‘imizni yaqin qilsa, ikkinchi tomondan aynan o‘zi bilan bog‘liq muammolarni insoniyat oldiga ko‘ndalang qilib qo‘yar ekan. Bunday deyishimizga sabab ijtimoiy tarmoqlar shunchaki ommalashib qolmadi, balki ommaviy tarzdagi qaramlikni ham keltirib chiqardi. Bugungi kunda ba’zi odamlar shaxsiy akkauntiga kirmasdan, yangiliklar lentasini doimiy ko‘rib chiqmasdan, virtual do‘stlarning fotosuratlari va “postlari”ni ko‘zdan kechirmasdan tura olmaydigan darajaga kelishdi. Agar dastlab ijtimoiy tarmoqlar haqiqatda bor bo‘lgan, lekin ma’lum sabablarga ko‘ra aloqa uzilib qolgan odamlarni qidirib topish vazifasini ham o‘tagan bo‘lsa, bugungi kunda ijtimoiy tarmoqdagi sahifalar egalarining do‘stlaridan 90 foizi virtual, ya’ni ularning haqiqatan bor-yo‘qligi, hayotda aslida kimligini, maqsad-muddaosi nimaligini bilmaydi, chunki ilgari umuman uchrashmagan va qachondir uchrashishi ham dargumon.

Yanada ajablanarli tomoni shundaki, ijtimoiy tarmoqlarga ko‘rgan kishini qo‘rquvga soladigan voqea-hodisalarni joylashtiruvchilar soni oshib borayapti. Aytaylik, kimdir avtomobilь halokatiga tasodifan guvoh bo‘lgan ekan, shuni qo‘lidagi telefonida shoshilmasdan tasvirga olib, ijtimoiy tarmoqqa “onlayn” tarzida to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzata boshlashini qanday tushunish mumkin? Axir tasvirga olish emas, birinchi nav­batdagi vazifasi, burchi jarohatlanganlarga yordam ko‘rsatish-ku! Mayli, yordam ko‘rsatish qo‘lidan kelmas, imkoni yo‘q ekan, buni vaziyatdan kelib chiqib oq­lash mumkindir, lekin avtohalokatga uchraganlarning fojiali holatini chetdan turib boshqalarga namoyish etish oddiy insoniylikka ham to‘g‘ri kelmaydi.

Uyiga o‘t tushgan ayol norasida bolasi bilan tiriklayin yonayotgan bo‘lsa yoki tepa qavatdan kimdir o‘zini pastga tashlamoqchi bo‘lib tursayu ro‘y berayotgan fojiani his etmaslik, bamaylixotir tasvirga olish yoxud to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijtimoiy tarmoqqa uzatish uchun o‘sha odamning yuragi toshdan bo‘lishi kerak, nazarimizda.

Noodatiy ko‘rinishdagi voqea-hodisani qo‘l telefonida tasvirga olib, internetdagi ijtimoiy tarmoqqa joylashtirish, shu orqali boshqalarni hayratga solish va bundan o‘zi ham zavqlanish allakimlar uchun shunchaki ermak, hatto inson hayotidan-da muhimroq bo‘lib borayotgani aslida fojia emasmi?

Mana bunga e’tibor qarating! Tasvirga olish maqsadida ob’ektiv yo‘naltirilgan yigit muz ustida (daryomi, ko‘lmi yo katta suv havzasimi, buni tavirda aniq ko‘rib bo‘lmaydi) sekin-asta ketayapti, ekran ortidagi sherigi esa uning har bir xatti-harakatini qo‘l telefonida videoga olayapti. Birdan muz yorilib, oldinda harakatlanayotgan yigit suvga tushib ketdi. Jon holatda baqirib, sherigini yordamga chaqirdi.

Sherigi esa negadir qutqarishga shoshilish o‘rniga tasvirga olishda davom etaverdi. Suvdagi yigit har qancha urinmasin, muz ustiga chiqa olmadi, hatto boshi suv yuzasida ko‘rinmay qoldi. Nahotki cho‘kib ketgan bo‘lsa? Yo‘q, qaytadan muz yorig‘ida paydo bo‘lib, bazo‘r muz ustiga chiqib olishga muvaffaq bo‘ldi. O‘limdan zo‘rg‘a qutulib qolgan yigit sherigiga “Nega menga yordam bermading, cho‘kib ketishim mumkin edi-ku”, deb baqirdi. “Esing joyidami, videoga olish bilan band bo‘lsam, senga qanday yordam beraman? Bilasan, buni ijtimoiy tarmoqda millionlab odamlar tomosha qiladi”, deb javob qaytardi sherigi. Va chindan ham ushbu tasvir ijtimoiy tarmoqda tomoshabinlar eng ko‘p ko‘rgan videolavhalardan biri sifatida tilga tushdi…

Ruhshunoslarning ta’kidlashicha, aksariyat vaqtini ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazishga odatlangan kishilar, ayniqsa, yoshlar ularni bu olamdan chiqarishga qaratilgan har qanday urinishga qarshilik qilishar ekan. Xo‘sh, oqibati nimaga olib keladi? Tevarak-atrofidagi real hayotdan, yaqinlaridan, tanish-bilish, do‘stlaridan uzoqlashadi, hattoki ovqatlanish, o‘ziga qarash, dam olish, tabiiy ehtiyojlari uchun sarflash lozim bo‘lgan vaqtini ham ijtimoiy tarmoqlarga bag‘ishlaydi. Ish yoki o‘qish bilan band bo‘lgan chog‘ida ham elektron pochtasini, ijtimoiy tarmoqdagi sahifasini ko‘rishga intiladi. Asosiy e’tibori ishga-o‘qishga emas, smartfoniga qaratiladi.

Bunday nosog‘lom intilish va virtual suhbatdoshlar bilan haddan ortiq muloqot qilish ko‘plab muammolarga olib keladi va buni zamonaviy psixologlar ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik, deb ataydi.

Albatta, barcha birdek internet va ijtimoiy tarmoqlarga qaramlikka uchraydi, deb bo‘lmaydi. Shaxsiy sahifalariga faqat muhim xabarga javob berish, kerakli manzilni bilish, telefon raqami yoki ma’lumotni yuborish uchun haftasiga bir yoki ikki marta kiradigan kishilar ustuvorlikka ega bo‘lib, ular nazarda tutilgan qaramlikka duchor bo‘lishmas ekan.

Virtual olam mutaxassislarining so‘zlariga ko‘ra, yana shunday shaxslar borki, ular o‘zlarida internetda muloqot qilish istagini sezmaydi, biroq haftasiga 3-4 marta yangiliklarni ko‘rish va shu bilan zerikishni yo‘qotish uchun sahifalariga kirishadi. Bunday xatti-harakatlarni me’yor deb hisoblash mumkin, ammo bo‘sh vaqtni bunday sarflash ham yaxshilikka olib kelmaydi. Chunki 4-5 oydan keyin aynan o‘sha odamlar ijtimoiy tarmoqlarda «o‘tiradi» va ularda haqiqiy qaramlik rivojlana boshlaydi.

Uchinchi guruhga kiruvchi shaxs­lar esa eng ko‘p sonli bo‘lib, kamida har 20 daqiqada bir marta o‘zlarining akkauntiga tashrif buyurishi kuzatiladi. Ular doimiy ravishda xabarlarni kutish holatida bo‘lishi va mutlaqo foydasiz yozishmalarni soatlab davom ettirishi ish haqida, uy yumushlari va bosh­qa vazifalarini unutib yuborishiga olib kelar ekan.

Yolg‘iz va tortinchoq odamlar ijtimoiy tarmoqlarga qaramlikka ko‘proq duchor bo‘lishar ekan. Chunki ularda haqiqiy suhbatdoshlar bilan muloqot etishmaydi. Bunga o‘z teng­doshlari bilan til topisha olmaydigan o‘spirinlar va chaqalog‘i uxlab yotganda bo‘sh vaqtlarini ijtimoiy tarmoqda o‘tkazadigan yosh onalarni ham kiritish mumkin. Ularning barchasi ijtimoiy tarmoqlarga shunchaki qiziqish bo‘yicha oxirgi chiziqni qachon bosib o‘tishini va va qaramlik boshlanishini hatto sezmaydi.

Xo‘sh, ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik nimaga olib keladi?

Ijtimoiy inqiroz

Birinchidan, virtual suhbatdoshlar ko‘payishi ko‘proq vaqtini “onlayn” tarzda o‘tkazishga va haqiqiy odamlar bilan kamroq muloqot qilishga olib keladi. Ko‘pchilik buni yolg‘izlik tufayli, deb oqlaydi. Ruhshunoslar esa aksariyat hollarda ushbu yolg‘izlik yolg‘on ekanini payqashgan, chunki bu odamlar jamiyatda yashashadi, ta’lim olish uchun o‘quv muassasalariga borishadi va biron joyda ishlashadi, demak, kimlar bilandir do‘stlashishga imkoni bor. Ammo virtual hayot ularni aynan qaramlik sari olib boradi. Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlardagi muloqot va boshqa xatti-harakatlar shunchalik o‘ziga xosdirki, unga qaram odam hamma narsani — ish, oilaviy va boshqa majburiyatlarni qurbon qilishgacha borib etadi.

Bunday aloqalarda bo‘lishga moyil kishilar ish joyini yo‘qotish xavfiga duch kelishadi. Garchi yirik kompaniyalar allaqachon xodimlari uchun internetga kirishni cheklab qo‘yishgan va muayyan saytlarga kirayotganlari diqqat bilan kuzatib borilayotganiga qaramasdan, bu ijtimoiy tarmoqlarga qaramlikdan asrab qolmaydi. Ayniqsa, uyda virtual aloqalardan voz kechish va virtual do‘stlarning yangiliklarini tomosha qilishdan o‘zini tiyish yanada qiyin. Aynan shuning uchun bugungi kunda yosh oiladagi er yoki xotinning ijtimoiy tarmoqlarga bo‘lgan qiziqishi tufayli ajrashishlar soni ko‘payib borayotgani qayd etilmoqda.

Bularning barchasi, hech shubhasiz, shaxs tanazzuliga olib keladi. Qaram kishi o‘zini xarob qiladigan “mashg‘ulot”ga shunchalik berilib ketadiki, u tashqi dunyodan mutlaqo uzilib qoladi va atrofida qiziqarli, jonli va rang-barang hayot kechayotganini payqamaydi…

Xotira va diqqatni jamlash bilan bog‘liq muammolar

Internetda uzoq cho‘zilgan muloqotlar chog‘ida inson miyasi tez, katta bo‘lmagan, ajratilgan qism­larda tez ma’lumot olishni boshlaydi. Shu sababli kishi diqqat-e’tiborini uzoq vaqt biror narsaga qanday jamlash kerakligini unutadi. Bundan tash­qari, ijtimoiy tarmoqlardagi ust­ma-ust yuklamalar odamda giperfaollik sindromini rivojlantiradi, bunda bir vaqt­ning o‘zida bir nechta ishni bajarishni istaydi (masalan, bir vaqtning o‘zida muloqot qilish, qisqacha yozib olish, uchrashuv belgilash, hujjatlarni o‘rganish).

Ushbu jarayonlarning natijasi — bu kitob syujetiga yoki berilgan topshiriqqa e’tiborni jalb qila olmaslikdir, chunki miya doimo boshqa narsalar bilan band. Bu holatni shifokorlar «suzuvchi» e’tibor deb ham aytishadi. Bu, ayniqsa, hali tafakkuri etarlicha shakllanmagan bolalar va o‘smirlar uchun xavf­li.

Intellekt pasayishi

Aytish mumkinki, «v kontakte», «tvittere» va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda 8-10 soatlab vaqt sarflaganimizdan keyin bizning miyamiz faqat maqsadsiz va mutlaqo bema’ni ma’lumotni hazm qilish bilan shug‘ullanadi. Miya faolligini qo‘llab-quvvatlash uchun uning oldida doimo intellektual vazifalarni qo‘yish muhim. Masalan, adabiyot namunalari o‘qish, aqlni charxlaydigan krossvordlarni echish, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanish, ya’ni bilimlarni boyitish lozim bo‘ladi.

Shu bilan bir qatorda, ma’nisiz ma’lumotlarning oqimi nafaqat intellekt mashqiga hissa qo‘shishga noloyiq, balki qaramlikka duchor bo‘lgan odamning atrofidagilarga nisbatan qiziqishi, qalbidagi hamdardlik va rahm-shafqat tuyg‘usi yo‘qolishiga ham olib keladi va bosh­qalarga begonalashayotganini his qila boshlaydi, bu kelajakda, albatta, uning ruhiy holatiga ta’sir qiladi.

Axborotga qaramlik

Bu nikotin, alkogolь yoki giyohvand moddalarga ruju qo‘yishdan kam farq qiladigan haqiqiy qaramlikdir. Virtual suhbatdoshlar bilan muloqot qilish yoki bosh­qalarning fotosuratlarini ko‘rish orqali zavqlanish darajasiga etadi va hech bo‘lmaganda bir kun davomida bu aloqani yo‘qotib, u haqiqiy “sinish”­ni boshdan kechiradi: asabiylashadi, tajovuzkor bo‘ladi, xotirjam uxlay olmaydi.

Charchoq va stress

Doim o‘zgarib turadigan taassurotlar, ma’lumotlar ketma-ketligi ijtimoiy tarmoqlarga qaram bo‘lib qolgan odamda muqarrar ravishda stress rivojlanishiga olib keladi. Eng xavf­lisi, bu sezilmaydigan, sust surunkali stress befarqlik, biron-bir sababsiz doimiy charchoq va uyqusizlik muammolari bilan birga keladi. Agar o‘z vaqtida aniqlamasa va davolamasa odam ruhiy tushkunlikka tushib qolishi mumkin, bundan faqat kasalxona sharoitida davolanish qut­qara oladi.

Shu o‘rinda ijtimoiy tarmoqlarga qaramlikka qarshi qanday kurashish kerak, degan savol tug‘iladi. Avvalo, bundan xalos bo‘lish va chinakam haqiqiy hayot kechirishni boshlash uchun inson ruhan tayyor bo‘lishi lozim. Ijtimoiy tarmoqlardan voz kechish qiyin bo‘lsa, bunga qadam-baqadam kirishish, ya’ni dastlab 1 soatga, keyin 30 daqiqaga cheklash, tarmoqdagi saytni to‘sib qo‘yadigan maxsus dasturlardan foydalanish qo‘l keladi. Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasini tozalash orqali virtual do‘stlar ro‘yxatini qisqartirish va hayotda hech qachon ko‘rmagan, shunchaki suhbatga vaqt ajratadigan keraksiz odamlarni o‘chirib tashlash ham maqsadga muvofiq.

Ruhshunoslarning maslahatiga ko‘ra, agar yuqoridagi usullar ijtimoiy tarmoqlarga qaramlikka qarshi kurashishda yordam bermasa, haqiqiy hayotga qaytarish uchun yo‘l topadigan mutaxassis bilan bog‘lanish lozim bo‘ladi.

Muxtasar aytganda, globallashuv jarayoni shiddat bilan kechayotgan bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik, ulardagi tahdid va tajovuzdan o‘zimizni va farzandlarimizni asrash uchun doim ogoh va hushyor bo‘lishimiz talab etiladi.

Suyundik MAMIROV.

Manba: «Adolat» gazetasi.