“Vatan sharafi uchun”

2020-01-16T10:46:00+05:0016 January, 2020|Umumiy yangiliklar|

Buyuk g‘alabaning 75 yilligiga

Birinchi Ukraina frontida o‘zbek tilida «Vatan sharafi uchun» nomli gazeta 1944-1945 yillarda chiqib turgan. Uning 1944 yil yanvarь-dekabrь, 1945 yil yanvarь-dekabrь oylaridagi ayrim sonlari saqlanib qolgan. Gazetaning qolgan sonlari qaerda saqlanayotgani hozircha aniq emas. Fikrimizcha, bu gazetalarning to‘liq tahlamasi Rossiya harbiy davlat arxivida yoki SSSR mudofaa vazirligi arxivida, Qurolli kuchlar markaziy va mintaqaviy muzeylari fondlarida saqlanayotgandir. Gazeta tahririyati S.I.Jukov, To‘lagan Soatov, Ziyo Aminov, Zinnat Fatxullin, Fotix Yoqubovdan iborat bo‘lgan.

Quyida e’lon qilinayotgan materiallar ana shu gazeta sahifalarida chop etilgan.

* * *

«VATANIMIZDA»

«47 jondan iborat oila kolxozchi O‘g‘ilbibi 100 yoshga kirdi»

“TOShKENT. O‘zbekistonning Izboskan rayonidagi Yangi qishloqda yashovchi O‘g‘ilbibi Qulmatova yaqinda 100 yoshga kirdi. U rayonning eng keksa kolxozchisidir. O‘g‘ilbibi keksayib qolganiga qaramay, hali ancha baquvvat va kolxoz ishlariga qiziqdi. Bu baxtiyor ayolning oilasi 47 kishidan iborat. Eng kichkina nabirasi Mahbuba 6 yoshga kirdi. To‘ng‘ich o‘g‘li tajribakor agronom Ahmaddin Qo‘chqorov esa 70 yoshda. O‘g‘ilbibining 15 nabirasi Ulug‘ Vatan urushi qatnashchisi.

Ularning ko‘pchiligi Sovet Ittifoqining orden va medallari bilan mukofotlangan. Hozir bu keksa kolxozchining oilasi yaqinda askarlikdan bo‘shab keladigan ikki frontchi nabirasini kutib olish uchun katta tayyorgarlik ko‘rmoqda”.

1945 yil 13 oktyabrь. № 62(347)

* * *

«FRONTChI YoZUVChI BILAN UChRAShUV»

“Yaqinda O‘zbekiston Sovet yozuvchilar soyuzida poytaxt yozuvchilarining Qizil Armiya qatoridan qaytib kelgan yozuvchi kapitan Mumtoz Muhammedov bilan uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.

Ordenli kapitan Muhammedov bu uchrashuvda Ulug‘ Vatan urushi frontlarining xotiralaridan so‘zlab berdi. Uning, ayniqsa, Vatan urushi maydonlarida qahramonlarcha o‘zbek bahodirlaridan – shahrixonlik mayor Doniyor Abdurahmonov, andijonlik starshiy serjant, mohir razvedkachi Ahmedov, dushmanni 15 to‘pini yakson etgan dovyurak to‘pchi Ma’di Sultonov haqidagi hikoyalarini yozuvchilar zo‘r qiziqish bilan tingladilar. Uchrashuvda Shayxzoda, J.Sharipov, Said Ahmad va boshqa o‘rtoqlar so‘zladilar“.

Tekshirish natijasida “XOTIRA“ kitoblarining 1, 3 va qo‘shimcha jildlarida shahrixonlik Doniyor Abdurahmonov, andijonlik Ma’di Sultonovlarning nomi yo‘qligi aniqlandi.

«Vatan sharafi uchun» gazetasi

1945 yil 11 sentyabrь № 56 (341)

* * *

Gvardiya starshiy serjanti Qo‘shoq Badalovning Andijon oblastь Izboskan rayonidagi Telьman nomli kolxozda yashovchi onasi Xajalbibi va xotini Shirmonxonga yozgan yangi yil

MAKTUBI

Hurmatli ona va sevgilim Shirmonim! Sizlarni yangi yil bilan qutlayman hamda sizlarga yangi baxt-saodat va tuganmas sog‘lik tilayman.

Mana, men yangi yilni oltinchi marta sizlardan yiroqda qarshi olayotirman. Shundan to‘rttasi Ulug‘ Vatan urushi frontida, nemis bosmachilariga qarshi qonli kurash maydonidadir.

Men serquyosh O‘zbekistondan, tug‘ilib o‘sgan qishlog‘imdan, badavlat kolxozimdan ketganimga rosa besh yil to‘ldi.

Shirmonoy! O‘sha unitilmas kunlarni xotirlaysizmi? 1939 yil dekabrь oyi oxirlari edi. Biz kolxozning hamma ishlarini saromjonu sarishta qilib, yangi yilni kutib olishga tayyorlanayotgan edik. Kolxozchilar o‘zlarining mehnat sohasidagi yutuqlari bilan men ham o‘z mehnatim unimidan juda quvanardim. Ikkimiz esa umid bilan bir yastiqqa bosh qo‘ygan edik. Keyin men Vatan oldidagi burchimni ado etish uchun Qizil Armiya safiga chaqirildim…

Mana, oradan besh qish va yoz o‘tdi. Ammo men hali sizlarning yonlaringizga qaytganim yo‘q. Chunki men hali Vatan oldidagi muqaddas burchimni oxirigacha to‘la bajarganim yo‘q, fashist gazanda hali batamom yanchib tashlangani yo‘q, men hali yirtqichning uyasiga – Berlinga etganim yo‘q.

Qimmatli onajon va Shirmonxon! Men urushning boshidan beri maydonda bo‘lishimga qaramay, hozirgacha sizlarga ona Vatan oldidagi burchimni, sizlarning nakazlaringizni qanday bajarayotganligim, la’nati nemislarni qanday urayotganim to‘g‘risida hech narsa yozmagan edim.

Mana endi, Vatanimiz manfur bosqinchilardan ozod qilingan tantanali kunlarda, davlatimiz chegaralaridan ancha berida turib o‘zimning jangovar hayotimdan sizlarga hikoya qilib beradigon voqialar ozmuncha emas.

Men urush boshida razvedkachi – mototsikletchi edim. Qizil Armiya dushmanga katta talofatlar o‘tqazib, mamlakatimizning ichkarisiga tomon chekinayotgan vaqtlar edi. Ammo biz g‘alaba qilishimizga qattiq ishonar edik. Men o‘sha og‘ir kunlarda Lenin — Stalin partiyasi safiga kirdim. Moskva busog‘asida dushman bombasidan bo‘lgan yaram tuzalgach, tankchi bo‘lib etishdim. Bu vaqtda dushman Voronej ostonalariga borib qolgan edi. Biz ko‘kragimizni qalqon qilib dushman yo‘lini to‘sdik. Men shu qadimgi rus shahri bo‘sog‘alarida necha o‘nlab gitlerchilarni lahadga tiqdim va birinchi fashist tankini yakson qildim. Vatan meni “Jasurligi uchun“ medali bilan mukofotladi.

Biz hujum boshladik. Nemislar zarbalarimizga bardosh berolmay chekindilar. Mening tankim Kursk do‘g‘asida dushmanning o‘ziyurar to‘pini dabdala qildi, bir necha minomyot va pulemyot nuqtasini emirdi, juda ko‘p fashistlarni tuproqqa qorishtirdi. Shunda men ikkinchi mukofot – Ikkinchi darajali “Vatan urushi“ ordeni oldim.

Gitlerchilarni kecha-kunduz demay g‘arbga tomon quvdik. Men o‘z tankimda mashhur ukrain daryosi Dneprdan kechib o‘tdim va qudratli mashinam bilan 1944 yil yozida tarixiy g‘alaba yo‘lini bosib o‘tdim. Dahshatli tankimda qardosh polyak xalqiga yordam qo‘lini cho‘zib, San va Visla daryolaridan kechib o‘tdim hamda to‘rtinchi marta “Qizil yulduz“ ordeni bilan mukofotlandim.

Mana shunday qilib, biz o‘rtoq Stalin aytganidek, hozir Germaniyaning hayot markazlariga qat’iy shturm boshlash uchun hujum marralarida shaylanib turibmiz. Uzil-kesil g‘alaba yili – 1945 yilni ham shu erda, jonajon Vatanimiz tuprog‘idan ancha uzoqda kutib oldik.

Biz hozir xalqimiz intizorlik bilan kutayotgan tantana kuniga – g‘alabaga erishish uchun faqat:

– Olg‘a, shovvozlar! – degan buyruqni kutib turibmiz. Sizlarni ishontirib aytamanki, men shu muqaddas jangda dushmanni avvallargidan ham shafqatsizroq yanchaman.

Yashasin yangi , g‘alaba yilimiz – 1945 yil!

Sizlarga gvardiyachilik salomi bilan: QO‘ShOQ.

«Vatan sharafi uchun» gazetasi 1945 yil 1 yanvarь № 1 (286)

Rustambek ShAMSUTDINOV,

tarix fanlari doktori,

professor​

Manba: O‘zA