Eng chiroyli avtoraqam qariyb 92 million so‘mga sotilgan

2020-01-15T10:58:24+05:0015 January, 2020|Umumiy yangiliklar|

Xabaringiz bor, 2019 yilda Ai-91 rusumli avtomobilь benzini va uning I-navining narxi erkin o‘rnatila boshladi. Birja savdolarida shakllangan haqiqiy bozor narxlari esa sotuvchi korxonalar uchun auktsion natijasida olingan qo‘shimcha daromad hisobiga o‘zlarining iqtisodiy samaradorligini oshirish imkonini berdi.

O‘tkazilgan birja savdolari shaffof tizimining barcha afzalliklarini ko‘rsatib berdi. Xususan yangi tartib o‘rnatilgan paytdan boshlab 2019 yil oxirgacha bo‘lgan davrda Ai-91 rusumli avtomobilь benzining birjadagi narxi 4,6 foizga va I-navli uning narxi 12 foizga kamaydi.

Narxlarning pasayishiga savdoga qo‘yilayotgan tovar hajmlarini o‘sishi va ulardan erkin foydalanish imkoniyatini ko‘mak berdi.

Bu haqida O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasida o‘tkazilgan uchrashuvda alohida qayd etildi.

– 2019 yilda O‘zRTXB ning barcha savdo platformalarida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 2018 yilga nisbatan 35,6 foizga o‘sib, 43,1 trln. so‘mni tashkil etdi, – deydi O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasi boshqaruv raisining o‘rinbosari Islom Ibrogimov. – Bunda tuzilgan bitimlarning 87 foizdan ko‘pi birja savdolariga, qolgan qismi esa elektron tijorat savdo tizimlariga to‘g‘ri kelgan.

O‘tgan yil davomida birja savdolarida sotilayotgan tovarlarning soni va hajmini ko‘payishi evaziga tadbirkorlarning yuqori likvidli va monopol mahsulotlardan erkin foydalanish imkoniyatlari yanada kengaydi. Natijada kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari ishtirokida tuzilgan shartnomalarning hajmi 2018 yilga nisbatan 31 foizga o‘sdi. Jumladan, tadbirkorlar birja orqali 13,4 trillion so‘mlik tovar resurslarini xarid qilishgan va 7,5 trillion so‘mga teng o‘zlari ishlab chiqargan tovarlarni sotgan.

Ijobiy o‘zgarishlar birjaning eksport yo‘nalishida ham qayd etilgan. Xususan, o‘tgan yilda birja orqali eksportga sotilgan tovarlarning umumiy qiymati 130,8 million dollarga etdi. Bu 2018 yilga nisbatan 5,7 foizga ko‘pdir. 2020 yilning 1 yanvaridan yuqori likvidli va monopol mahsulotlarning bir qismi faqat birja savdolari orqali eksport qilinishi mazkur ko‘rsatkichlarni yanada ko‘tarilishiga xizmat qiladi.

O‘tgan yili avtoraqam.uzex.uz vebsaytida onlayn-auktsion orqali 156,1 milliard so‘mlik 36,3 mingdan ziyod chiroyli avtoraqam sotildi. Bunda eng arzon raqamlar bir million so‘mdan ziyod bo‘lsa, eng qimmati 91 milliondan ortiq so‘mga belgilangan. Bunda avtoraqamlarning sotuvi son jihatdan 51,1 foizga, hajmi bo‘yicha – 28,3 foizga o‘sdi. Tuzilgan bitta bitimning o‘rtacha qiymati 4,3 million so‘mni tashkil etgan.

2019 yilda davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portalda 3,8 trillion so‘mlik bitimlar tuzildi. Byudjet va korporativ buyurtmachilar tejagan mablag‘larning umumiy miqdori esa 805,8 milliard so‘mni tashkil etdi. Tuzilgan bitimlarda kichik biznes sub’ektlarining ulushi 95 foizdan oshdi.

Anjumanda birjaning 2020 yilda rejalashtirilgan asosiy ishlar va istiqbolli loyihalarga ham to‘xtalib o‘tildi. Xususan, 1 yanvaridan 38 ta yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlarni faqat ochiq birja savdolari orqali sotilishi va bunda bozor tamoyillari to‘la qo‘llanilishi aytib o‘tildi.

Shuningdek, istiqbolda birjaning yagona kliring tizimini joriy etish kutilmoqda. Ya’ni endilikda mijozlar birja savdolari va onlayn auktsionlarida tovarni sotish yoki sotib olishlari uchun birjaning hisob-kitob kliringdagi bitta hisobvarag‘idan foydalanadilar. Davlat xaridlari bo‘yicha mijozlar uchun “SMS-xabarnoma” bepul xizmati joriy etilmoqda. Unga ko‘ra buyurtmachilar tomonidan joylashtirilgan yangi buyurtma to‘g‘risida xabar tadbirkorning mobilь raqamiga kelib tushadi.

Sayyora SHOEVA.

Manba: O‘zA