Obuna bo‘lib xato qilmabman…

2020-01-15T10:47:22+05:0015 January, 2020|Umumiy yangiliklar|

“Hurriyat” gazetasini ilk sonlaridan boshlab o‘qib borayapman, haqiqatan o‘qimishli, maqolalari sermazmun. Bildimki, 2020 yil uchun ushbu gazetaga obuna bo‘lib, xato qilmagan ekanman. Masalan, gazetaning 8 yanvarь 2-sonini qo‘lga oldim, tarki odat amri mahol, deganlaridek, gazetaning so‘nggi sahifasiga darrov qaradim. “So‘z va ohang birligi” sarlavhali maqolaga ko‘zim tushdi. San’atkor Sobirjon Mo‘minov ijodi haqida ekan, o‘qiy boshladim.

Xonandaning sehrli ovozi bor, xalqona ohang, milliy kalorit mujassam. Qo‘shiqlari mazmunli, ma’noli dilga yaqin. O‘ar bir jumlani e’tibor bilan o‘qidim. To‘g‘risi, mazza qildim.

San’atdagi sehrli ovozdan tortib, sermazmun qo‘shiqlar haqida so‘z ketar ekan, so‘z ortidan so‘z ergashar deganlaridek, san’at olamidagi ayrim “bo‘g‘iq” ovozli havaskorlarga ham navbat kelgan. Menimcha, sahnadagi quloqni qomatga keltirib yoki boshga og‘riq chiqaradigan «jipir-jipir», “jarang-jurung” qo‘shiqlarning (agar qo‘shiq deb bo‘lsa) ko‘paygani, yana salbiy fikr, tanqidlarga qaramay, go‘yo o‘zini ushbu sohani bedavo dardga chalish uchun san’atga urgan kabi faoliyatini davom ettirayotganlarni alohida qalamga olish kerakka o‘xshaydi…

Yaqinda o‘zbek kinochilari ishlagan “Istambullik millioner” filьmini ko‘rdim. Kinoni har holda ko‘rsa bo‘ladi. Muhammadiso Abdulxayirovning ikkiga bo‘linib rolь o‘ynashlari ko‘payib, aytarli odamlar e’tiborini tortmay qo‘ygani rost. Lekin kinoning oxirida Jahongir Poziljonovning mehmonlarga aytiladigan mulozamatli gaplari fonga qo‘yilibdi. Shunchalar bachkana, rosti chidash juda qiyin! Yana almoyi-jalmoyi so‘zlari orasida “to‘ychilik-da, to‘ychilik”, degan joylari ham bor. Jahongir Poziljonovning bunday rasvoi raddibalo “qo‘shiqcha”lariga allaqachon “o‘rganib” qolganmiz. Lekin, uning ortidan ergashib, sahnaga chiqayotgan yoshlarning ko‘pligi kishi dilini xira qiladi.

Bunday qo‘shiqchilarga qarata “siz aytgan birorta qo‘shiqda insonlarni ma’naviyatini oshiruvchi ibratli so‘z uchraydimi?” — deging keladi. Oyisha, Jumagul va yana bir-ikki qizni “oynai jahon” orqali chaqirib, qo‘shiqchi bo‘lib olganlar qo‘shiqchilik sohasini yiQishtirib, jarchilik qilsa bo‘larkan. Kamiga o‘zbek kinosini ham o‘tmaslashtirayotgan qo‘shiqchilarning qilmishi odamga alam qiladi.

“Navo” telekanalida “Yangi ovoz” shousi efirga uzatilayotgandi. To‘xtab qolgandek, chunki har doim kuzatib borardim. Ana shu ko‘rsutuvda chiqqan qo‘shiqchi yoshlar haqiqiy ma’noda iste’dodli, iqtidorli yoshlar. Meni aytmabdi, meni yozmabdi, demak men yaxshiman, degan qo‘shiqchilar yuqoridagi san’atkorlar qatori havaskorlardan bo‘lsa, bir yaxshi taklifim bor:

Yaxshi shoirlarimiz ko‘p-ku, Usmon Azim, Sirojiddin Sayyid, Zebo Mirzo, Shoira Shams, Iqbol Mirzo, Mahmud Toir va boshqalar. Shularga murojaat qilib, mazmunli she’rlarni qo‘shiq qilishsa, ularni hech kim tanqid ostiga olmasdi. Ammo qo‘shig‘im bugun yashasin, ertaga o‘zim bilan birga ketsa ham mayli, deydiganlar bo‘lsa, yana o‘zlari bilishadi…

Doniyor QURBONXO‘JAEV.

Manba: «Hurriyat» gazetasi.