“O‘nta qo‘y nima bo‘ladi?”

2020-01-15T09:59:38+05:0015 January, 2020|Umumiy yangiliklar|

Darsdan qaytayotgandim, nogohon ko‘pqavatli uylardan birining kirish eshigi rang-barang sharlar, yaltir-yultur tasmalar bilan bezatilayotganiga ko‘zim tushdi. Atrof top-toza.

Bolalar quvonchdan bir-birini quvlab, rangdor sharlarini havoda o‘ynatib yugurishardi. Ko‘rinishidan yaqindagina oila qurgan bir necha yangalar atrofni bezashtishardi. Qiziqishim ortib, shu atrofdagi o‘rindiqlardan biriga joylashib, ularni biroz kuzata boshladim. Xonadon derazasiga sariq rangli harflar bilan “NOILA”, degan so‘zlar askarchalardek tizib qo‘yilgan.

Ana, mulьtfilьm qahramonlari ham paydo bo‘lishdi. Angladimki, bu erda Noila ismli qizning tug‘ulgan kuni nishonlanyapti. Qanday baxtiyor qiz ekan-a, degan fikr xayolimdan o‘tdi. Ammo, hech qancha vaqt o‘tmay, sovg‘aga olib kelinayotgan beshik, velosiped, bolalar kravatchasi va aravacha barcha taxminlarimni yo‘qqa chiqardi. Birozdan so‘ng, xonadon atrofini karnay-surnay sadolari va mashinalar shovqini bosib ketdi. “Bayram qahramoni” hali tug‘ulganiga bir hafta bo‘lmagan go‘dak ekan…

U onasining bag‘rida atrofdagi shovqin-surondan behalovat bo‘lib, g‘alati qo‘zg‘alib qo‘yardi. Bolalarning, “ukam keldi”, “singlim keldi” deya hayqirishlari, sozandalarning bor mahoratini ko‘rsatib, kuylarni chalishi bolani uyqudan uyg‘otdi. Hamma to‘y sohiblari — ota-onani qutlash bilan ovvora. Bir tomonda esa suratchi bu lahzalarni tarixga muhrlamoqda.

Xo‘sh, bu dabdabalarning barchasi go‘dak Noilaga nima uchun kerak?! Odamlar yillar davomida yig‘ib-terganini mana shunday “ochil dasturxon”larga sochadi. Etmaganiga qarz ham ko‘tarishadi. Bu kabi harakatlarimiz bilan kimga va nimani isbotlamoqchimiz?

Beixtiyor esimga o‘sha “Mahallada duv-duv gap” kinosidagi to‘y voqeasi tushdi: “O‘nta qo‘y nima bo‘ladi?..”. Chaqaloq Noilaxon bexabar, ota-onasi qancha chiqimga tushdi ekan? Katta bo‘lganida: “Go‘dakligingda qarz ko‘targanmiz, endi turmushga chiqayapsan, yana qarz ko‘taramiz”, deyishsa, unga og‘ir botmasmikin…

Garchi keyingi paytda jamoatchilik, mahalla ko‘y faollari odamlarni ortiqcha xarajatdan saqlashga harakat qilishayotgan bo‘lsa-da, afsuski, isrofgarchiliklar hali-hanuz barham topayotgani yo‘q. Olib kelingan sovg‘alardan tashqari, tog‘ora-tog‘ora pishiriqlar, somsayu norin, qovurdoqlar hamyoningizni anchagina bo‘shatib qo‘yadi, shunday emasmi?!

Endi mashinalar, sozanda, fotosuratchi, mulьtfilьm qahramonlariga ketgan xarajatlarni ham qo‘shib hisoblab ko‘ring-ga…Hali hech narsaga aqli etmaydigan, tinchligu osoyishtalikdan boshqa narsa kerak bo‘lmaydigan bu go‘dakka shuncha dab-daba shartmi? Undan ko‘ra, xarajatlarni biroz qisqartirib ona-bolaning salomatligi haqida o‘ylasak, maqsadga muvofiq bo‘lmaydimi?

Albatta, aholi muhokamasiga qo‘yilib, bildirilgan fikr va takliflar inobatga olinib, qonun chiqaruvchi qo‘yi palata tomonidan takomillashtirilgan, Senat tomonidan tasdiqlangan to‘y, oilaviy marosim va marakalarni tartibga keltiruvchi qonun kuchga kirganligini ko‘plar qatori men ham eshitdim. Ammo, baribir, ayrim o‘ziga to‘q yurtdoshlarimizning aqlga siQmas holatlar hali hanuz davom etayotganini nima bilan izohlash mumkin?

Xayollar og‘ushida uyimga yo‘l olaman. Boshqalar ham shunday o‘ylasharmikan?

Nafosat OLMOSOVA.

Manba «Hurriyat» gazetasi.