Eshqobil SHUKUR: XXI asr o‘ylari

2020-01-15T05:19:45+05:0015 January, 2020|Umumiy yangiliklar|

So‘z erkinligi buyuk ne’mat. Ahli fikr uchun bu suv bilan havoday aziz. Bu ne’mat bizga berildi. Lekin biz bunga tayyormizmi, deb o‘ylab qolaman. Men so‘z erkinligini katta mas’uliyat sifatida tushunaman. O‘z so‘zingni bu mening so‘zim deb ayta olish odamdan ma’naviy tayyorgarlikni talab qiladi.

Odamning so‘zi uning o‘zidir. Qolaversa, men eng yaqin qo‘shnim bilan erkin va bemalol gaplashayotganimda ham har bir so‘zim uchun javobgarlikni his etib turishim kerak. Bizda ichki senzura bilan ma’naviy nazoratni adashtirish, aniqrog‘i, almashtirib yuborish hollari ko‘payib qoldi. To‘g‘ri, senzura qabohat, u fikrni o‘ldiradi, odamlarni qulga aylantiradi, jamiyatni tanazzul va g‘urbatga itqitadi. Lekin ma’naviy nazoratsizlik undan badtar. Insoniy ong nazorati bor. “Hamma narsa mumkin” degan chegaradan razolat va johillik, bachkanalik va bema’nilik, kerak bo‘lsa, xudosizlik boshlanadi.

Hozir matbuotda yo televideniyeda buni noto‘g‘ri berayapsiz, zararli narsani targ‘ibot qilayapsiz desangiz, sizni ichki senzurasidan yengilgan odamga, hatto demokratiya dushmaniga chiqarib qo‘yishadi. Lekin so‘z erkinligi ekan, hamma narsa mumkin ekan deb fashizmni yo behayolikni targ‘ib qilib bo‘lmaydi-ku. Bu haqda bundan besh yuz ellik yil avval hazrat Navoiy aytib qo‘yganlar: “Oldiga kelganni yemoq hayvonning ishi, og‘ziga kelganni demoq nodonning ishi.” Holbuki, keyingi paytlarda og‘ziga kelganni demoq moda bo‘layapti. Ha udum emas, aynan moda bo‘layapti. Kim ko‘p gapirsa, og‘zini yirtib baqir-chaqir qilsa, birovning yoqasidan olib burnini qonatsa, o‘zidan soxta qahramon yasasa, u demokrat bo‘lib qolmaydi. Xatarlisi, “fikr” niqobidagi fitnalar paydo bo‘layapti. Bunday fitnalar o‘zini “men erkin fikrman” deb bong urib, ba’zilarni chag‘itib yuborayapti. Axmoq odam uchun so‘z erkinligi urush va janjaldan boshqa narsa emas.

Shunday toifalar paydo bo‘layaptiki, ular uchun sirk sahnasida qiliq ko‘rsatayotgan maymunning o‘yini ham, fojiaga uchrab mashinasida tiriklay yonib ketayotgan bir odamning jon talvasasi ham bitta narsa: Tomosha! Bu tomoshani tezda telefoni kamerasiga tushirib olsalar-da, hammaga tarqatsalar, dunyoni buzib jar solsalar. Ana ish-u, mana ish! Keyin nima bo‘ladi? Keyin it hursa, bulbul to‘xtaydi.

Ijtimoiy tarmoqlarda, ekranlarda aytishga til bormaydigan xabarlar karnay-surnay sadolari ostida tarqatilyapti: o‘ynashi bilan kelishib erini pichoqlab o‘ldirgan xotin, o‘z o‘qituvchisini ayamay kaltaklagan o‘quvchilar, o‘z ukasining xotiniga ko‘z olaytirgan aka, o‘ynashdan bo‘lgan bolasini hojatxonaga tashlab yuborgan bir balo va hakazo, va hakazo. Yomoni bunday xabarlarni aytayotgan to‘tilarning tilida dard emas, zavqu shavq ko‘pchiydi, go‘yo olamshumul kashfiyotni e’lon qilayotganday. Go‘yo butun hayot shunday illatlardan iboratday. Darhaqiqat, “Illat izlaganga illatdir dunyo!”. Axir, bular hayotda bo‘layotgan voqealar-ku, odamlarni bunday ishlardan xabardor qilish kerak-ku, dersiz. Lekin yomon xabarni bunday yetkazmaydilar. Aslo! Qolaversa, bir narsa aniq:

Ko‘z o‘rganaversa, qotillik ham mudhish jinoyat sanalmay qoladi.

Ko‘z o‘rganib qolsa, fahsh ham og‘ir gunoh bo‘lmay qoladi.

Ko‘z esa ko‘p narsani hayotdan emas, ekrandan o‘rganayapti.

Ekran hayotni ko‘zdan haydab chiqaryapti.

Mening nazarimda, har qanday jamiyatda, hatto u jannat darajasiga yetgan jamiyat bo‘lsa ham ma’naviy nazorat, ma’naviy taqiqlar bo‘lishi kerak. Chunki, ma’naviy nazorat Xudo va Imon bilan bog‘liq bir ishdir.

Inson huquqi buyuk tushuncha. U hamisha bashariyatning diqqat markazida bo‘lishi, himoya qilinishi, aziz va mukarram tutilishi shart. Lekin Inson huquqi niqobi ostida ba’zan inson ablahligi va axloqsizligi ham yashirinib olayapti va o‘zini himoya qilayapti. Bugungi kunda bir jinsli nikohni ham, ko‘chada qip yalang‘och yurishni ham, keksa otani qariyalar uyiga olib borib tashlashni ham, el oldidagi sharmandaligu shallaqilikni ham har kimning o‘zining xohishi, har kimning o‘zining huquqi degan gap bilan andavalash mumkin bo‘lyapti. Bu esa, dunyoni buzmoqchi bo‘lganlarga, hayo buzg‘unchilariga qo‘l keladi. Inson huquqlarini himoyalash degani insoniylikdan tashqaridagi holatlarni himoyalash degani emas-ku.

Nega bunday bo‘layapti, deb o‘yga tolasan. Nega biz aziz tutgan tuyg‘ulardan darz ketayapti? Ma’naviyatning azaliy oltin qoidalari eskirib qoldimikin? U holda shu tutumlarni mahkam tutgan va avaylab bizga omonat qoldirgan bobolarga nima deymiz? Kechirasizlar, bu bizga to‘g‘ri kelmadi, omonatingiz o‘zingizga siylov deymizmi? Endi sakkiz yashar bolakayga bobosi va buvisining mehr to‘la ko‘zlaridan ko‘ra qo‘lidagi telefonning yuzi qiziqarli ekanini XXI asrning mo‘’jizasi sifatida izohlaymizmi?

Ommaviy madaniyat ta’sirimi, internet yo TV ta’sirimi keyingi davrda biz mutolaa madaniyatidan judo bo‘lish darajasiga yetib keldik. Holbuki, ayni shu mutolaa madaniyati bizning ma’naviy ustunlarimizni saqlab kelayotgan edi. Mutolaa madaniyatidan judo bo‘lish hamma madaniyatdan mosuvo bo‘lishdir. Xayriyatki, bu masalaga Prezidentning shaxsan o‘zi e’tibor qaratdi. Kitob bilan yuzma-yuz kelish insonning o‘z-o‘zi bilan yuzma-yuz kelishi, o‘z-o‘zini taftish etishidir. O‘z-o‘zini taftish qilmagan odam rivojlanmaydi. Odam rivojlanmagan joyda jamiyat ham rivojlanmaydi.

Ijtimoiy tarmoqlar “majburiy obuna” deb bilib-bilmay bong urdi. To‘g‘ri, oldi-qochdi bilan kun ko‘rayotgan saviyasiz nashrlar bisyor, ularga obuna qilish uchun har xil nayranglar ham bo‘lgan bo‘lishi ehtimoldan ko‘ra haqiqatga yaqin. Lekin bu jarayonda ho‘lu quruq baravar yonmasligi kerak edi. O‘zbek madaniyati, milliy tafakkuri, milliy ruhini targ‘ib qilib kelayotgan nashrlar ham bor-ku. “Tafakkur” jurnaliga obuna bo‘ling, uni o‘qing!” deyish Abdulla Qodiriyni, Oybek va Mirtemirni o‘qing degani emasmi? “Jahon adabiyoti”ga obuna bo‘ling, uni o‘qing!” deyish Lev Tolstoyni, Gyoteni, Chingiz Aytmatovni o‘qing, degani emasmi? “Ma’naviy hayot” jurnalini o‘qish milliy ma’naviyatimiz, milliy ruhimiz asoslarini yaxshi bilish uchun harakat degani emasmi? “Yoshlik” jurnali o‘zbek adabiyotining bugungi manzaralarini namoyon etmaydimi? Bunday jurnal va gazetalarimiz kam emas-ku. Ularni ham xas-xashakkka qo‘shib yoqib yuborish noto‘g‘ri-ku.

Hadeb majburiy obuna deya do‘mbira chalayotganlar tanganing ikkinchi tomoni haqida ham o‘ylab ko‘rishsa bo‘lardi. Men Qiziriq tumaniga borganimda hamrohlarim bir keksa o‘qituvchining uyiga olib borishdi. O‘qituvchi menga xonasini ko‘rsatdi. Xonasida o‘tgan asrning 70 yillarida chiqqan ”Sharq yulduzi”, “Fan va turmush”, “Mushtum”, “Guliston” kabi gazeta va jurnallar taxlanib turardi. Bu taxlamlar orasidan hatto “Yoshlik” jurnalining Erkin Vohidov chiqargan ilk sonini topsa bo‘lardi. Men bu keksa o‘qituvchining hurmat e’tibori qaydan ekanligini birdan tushundim. O‘qituvchi ham o‘quvchilarga dars o‘tish jarayonida bu jurnal gazetalarning qanchalar asqotgani haqida gapirdi.

Xullas, bugungi globallashuv zamonida milliy ma’naviyatning himoyaga ehtiyoji qay darajada bo‘lsa, unga xizmat qiladigan saviyasi baland nashrlarniki ham shu darajada.

Yoshlarning kattagina qismi kitob yo jurnaldan emas, internetdan o‘qiydi. Internetda esa yengil-yelpi yozg‘uvchilar ko‘p, har xil she’rlar-u, hikoyalar, lavhalar mo‘l, hatto vagon-vagon. Istagan qalamkash kallasiga kelgan narsani unga qo‘yishi mumkin. Jo‘qivoylarning kuni tuqqan. Balki, siz “Yengil-yelpimi, boshqami yoshlar o‘qiyaptimi, gap shunda-ku”, dersiz. Biroq yengil-yelpilikka, jo‘n tomoshalarga o‘chlik mutolaa emas-da. Bunday holatda qalb mehnatga emas, dangasalik, tanballik va bachkanalikka o‘rganadi. Har qanday nashr yo ommaviy axborot vositasi ommaning ongini ko‘tarishga xizmat qilishi kerak, bor saviyani ham yo‘q qilishga emas.

Men bugun paydo bo‘layotgan “internet adabiyoti”ni kuzata turib, bittagina so‘z, bittagina vergul ustida haftalab bosh qotirgan adiblar va shoirlar haqida o‘ylayman. “Anna Karenina”day romanni 8 marta qayta ishlab ko‘chirib chiqqan o‘sha qaysar chol (Tolstoy) haqida, “Manas”ni tilimizga tarjima qilayotib, bitta qadimiy qirg‘iz so‘zining aniq ma’nosini bilish uchun o‘z hisobidan hozirgi Bishkekka uchib borgan, u yerdagi olimlar bilan uchrashib, ularning bergan ma’lumotlaridan ham qoniqmagach, qirg‘iz ovullariga chiqib ketib, qariyalar bilan gurunglashib, o‘sha so‘zning asl ma’nosini topgan tanti “so‘z dehqoni” (Mirtemir) haqida, qog‘oz qoralayotib, butun boshli sahifani to‘ldirib, oxirida bir so‘zni tahrir etish uchun sahifani yana qayta boshdan ko‘chirgan, yana bir so‘z o‘zgarsa, yana bir boshdan ko‘chiravergan sobit yozuvchi (Abdulla Qahhor) haqida, bitta dostonini 60 yil yozgan jahon klassigi (Gyote) haqida o‘ylab qolaman. Adabiyot oson yaralishi mumkin emas. Oldi-qochdi, yengil-yelpi, soxta shuhrat ermaklarini qancha pesh qilmasinlar adabiyot bo‘lmaydi. So‘zga sadoqat bilan so‘z sotuvchiligi o‘rtasida kesak va oltin o‘rtasidagicha farq bor.

Holbuki, yoshlarga har kuni minglab ma’lumotlarni pesh qilayotgan ijtimoiy tarmoqlarning tiliga chidab bo‘lmaydi. Ba’zi saytlar faqat tilni buzish uchun xizmat qilayapti. Tilni buzish degani millat tafakkurini buzish degani!

Ba’zan televizorda ko‘rib qolaman, qandaydir estrada xonandasi chiqib, ommaviy madaniyatga qarshi gapiradi. So‘ng ijro etgan qo‘shiqlari bilan ommaviy madaniyatni targ‘ib qiladi. Buni qanday tushunish kerak? Kimdir tilida fashizmni yomonlasa-da, lekin o‘zi fashizmga xizmat qilsa, muloyimgina xoinlik emasmi bu? Estrada qo‘shiqlaridagi bachkanalik, bema’nilik, rasvogarchilikka qarshi qancha ko‘p gapirilsa, bu illatlar shuncha urchib ketayapti. Ularni tanqid qilsangiz, maza qilishadimi-yey, kuyinib gapirsangiz, ustingizdan kulishadimi-yey. Qo‘shiqlar matnidagi bema’nilik haqida qancha maqolalar e’lon qilindi. Badtar bo‘ldi. Qo‘shiqdagi matn bema’nimi, bas, bema’nilik targ‘ibot qilinyapti, ming-minglab yoshlar yo‘ldan urilayapti. Ertasiga qarasangiz o‘sha xonanda undan ham bema’ni qo‘shiqni aytib likonglab ekranda paydo bo‘laveradi. Irigan og‘izdan chirigan so‘z chiqar deganlariday bema’nilik ketidan yana bema’nilik. Oqibatda, 7 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan yoshlar qatlami xuddi shu illatlar ta’siriga tushib qolgan. Alam qiladigani, bir yo ikki kishiga emas, yuz yo ming kishiga emas, butun bir millatga yetkazayotgan ma’naviy zarari uchun bunday kimsalarga hech qanday jazo yo‘q. Aksincha, ko‘za sindirgan aziz.

Keyingi paytlarda milliy g‘oya masalasida ko‘p fikrlar aytilayapti. Darhaqiqat, millat qalbidan yetilib chiqqan asl g‘oya ko‘p kasofatlarning oldini oladi, elni birlashtiradi, qaddini ko‘taradi. Faqat bir zarur jihatga e’tibor qaratish kerak. Har qanday g‘oya fikr shaklida paydo bo‘ladi. So‘ng informatsiya shaklida tarqatiladi. Lekin bu ikki holda ham g‘oyani ommaga singdirib bo‘lmaydi. Suv sharqirab o‘tib ketib, yerga singmasa, urug‘ unmaydi, mabodo bir qism urug‘ unib qolgandayam, baribir rivojlanmaydi. Odamlarga singmagan g‘oya ham shu kabidir.

Xo‘sh, g‘oyani singdirish uchun nima qilish kerak?

G‘oya faqat badiiy yo‘l bilan singdiriladi. Shu bois “Qur’on”, “Injil” kitoblari odamzotga badiiy shaklda tushirilgan, informatsiya shaklida emas.

Bizda ezgu g‘oyalar ko‘p. Vatanimiz azaldan ezgu g‘oyalar vatani. Lekin ular odamlarga badiiy singdirilmasa, quruq gap bo‘lib qolaveradi. Keyingi paytlarda bu borada baqiriqlar, qaytariqlaru navbatchi gaplar ko‘payib borayapti. Ta’lim sohasida ham badiiyatning o‘z o‘rni bo‘lmasa, bunday ta’limning ta’sir kuchi sust bo‘ladi. Milliy g‘oya haqida gap ketganda, avvalo u suv ichayotgan qadimiy ildizlarni ilg‘ashimiz kerak va shulardan foydalanishimiz shart. Odamlarning qon-qoniga singib ketgan qadriyatlar va amallar, imon-e’tiqod tuyg‘ulari, milliy zaminda muqaddas sanalgan insoniy burch va vazifalar ma’naviy ustunlarimizdir.

Men el orasida juda oddiy odamlarni ko‘rganmanki, ular o‘zlari suyangan g‘oyalarni nihoyatda aziz tutadilar. Ular qalbi va tafakkurining tayanchi bo‘lgan bu g‘oya haqida ko‘p gapirmaydilar, minbarlarga chiqib baqirmaydilar, lekin shu g‘oya bilan yashaydilar, jonidan kechsa ham, avlodma-avlod o‘tib kelayotgan g‘oyadan kechmaydilar. Bunday odamlarning otasining qabriga birov tegib ko‘rsin-chi yo nomusiga shikast yetkazadigan biror gap gapirib ko‘rsin-chi. Ular buni Vatanni haqorat qilish bilan barobar deb hisoblaydilar. Shunda uning ichidagi g‘oya buyuk bir qurol kabi ishga tushadi. Ular vatanparvarlik haqida ko‘p gapirmaydigan vatanparvarlar. Millatning butunligini saqlaydigan kuch milliy g‘oyadir.

Manba: “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi.