O‘yinmi bu yoki g‘irromlik?!

2020-01-15T05:12:14+05:0015 January, 2020|Hafta maqolasi, Umumiy yangiliklar|

Taajjub

Yaqin-yaqingacha O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasida ikkitagina: «O‘zbekiston» va «Yoshlar» telekanali bo‘lar edi. Endi esa respublika miqyosida yigirmadan ziyod, hatto viloyat va shaharlarning ham davlat va xususiy telekanallari mavjudki, bugungi tomoshabinga oson emas. Televizori pultini qaysi kanalda to‘xtatishni bilmay bosaveradi, bosaveradi… Shunda ham ko‘ngliga yoqqanini topolmaydi shekilli… shartta o‘chirib, «sotka»sini titkilashga tushadi.

Xolis aytganda, teleko‘rsatuvlarning aksariyati biri birini takrorlashdan, doimiy teleseriallar, badiiy filmlar namoyishidan iborat. Shu bilan birga, haftalik grafik asosidagi teleo‘yinlar bilan band. Bundan 15-20 yillar avval nihoyatda avj olgan «Baxtli voqea» singari yutuqli ko‘ngilochar ko‘rsatuvlar yana bugungi kunlarda ham yuqori nuqtaga ko‘tarildi, desak yolg‘on bo‘lmas. Asosan korxona ishlab chiqargan mahsuloti bozorini chaqqonlashtirish va tomoshabinni jalb etish maqsadidagi bu kabi o‘yinlarni zamonaviy qimorbozlikning bir ko‘rinishi, desak adashmaymiz. «Boriga baraka», «Omad shou», «Oltin kalit» singari yirik-yirik homiylar panohidagi kapital shoular birinchidan, xalqqa urro-urro bilan mahsulotni o‘tkazayotgan bo‘lsa, ikkinchidan, odamlarni ishlamay, mehnat qilmay gardkam o‘yin orqali bo-yib ketishga, nochor umidvorlikka chorlamoqda.

Mayli, zararlimi, zararsizmi shirinlikni yo sharbatni sotib olib, uyiga olib borib, ko‘rsatuvga telefon raqamini tashlagan fuqaro unchalik kuymaydi. Harqalay quruq emas, mahsulotni olgan, iste’mol qilgan. Omadi chopib qolsa, chaqirishar, bir nimali bo‘lib qolar. Ammo…

Yaqinda ko‘zimiz tushib qoldi, Andijon viloyatidagi «Taraqqiyot» telekanalida shu singari «Million bir qadam» deb nomlangan ko‘ngilochar yutuqli o‘yin bor ekan. Uning qoidasi juda oddiy: ekranda savol aks etadi va uning javobi nechta harfdan iboratligini bildiruvchi katakchalar. Boshlovchi tinimsiz teletomoshabinga studiya bilan bog‘lanish uchun ma’lum bir raqamga qo‘ng‘iroq qilish lozimligini ta’kidlab turibdi. Qo‘ng‘i-roqning daqiqasi 2105 so‘m ekanligini ham eslatadi.

Boshlovchi bilan bog‘lanib, so‘zni to‘g‘ri topgan muxlis orqadagi «olma daraxti»dan xohlagan raqamdagi «olma»ni tanlaydi. Shunisi borki, «olmalar» yutuqli bo‘lsa unga «yu» harfi yopishtirilgan, yutuqsiz bo‘lsa hech nimasi yo‘q bo‘ladi. Lekin shunda ham savolga to‘g‘ri javob topganning qo‘l telefoniga 50 000 so‘m pul o‘tkazilar ekan.

Qiziqish ustunlik qilib, astoydil kuzata boshlaysiz. Tavba, savollar shunchalik jo‘n, shunchalik oddiyki, hatto uni bog‘cha bolasi ham bemalol topa oladi. Mana ulardan ayrimlari: «Onaning opasi yo singlisi», «Qatiq ivitish uchun ishlatiladigan suyuqlik, tomizg‘i», «Tuyib tayyorlanadigan yemish»… Lekin studiyaga hadeganda qo‘ng‘iroq bo‘lavermaydi. Va, nihoyat, kimningdir ovozi keladi. Ammo mantiqni qarangki, qo‘ng‘iroq qilgan kishi javobni aytish o‘rniga yordam so‘raydi. Savol tug‘iladiki, telefon uyog‘idagi tomoshabin shunchalik go‘lmi yo befarosatmi oddiy narsani – «tolqon» degan so‘zni aytolmasa! Hatto boshlovchi qiz qanchalik aniqliklar kiritsa ham «harf so‘rab» yalinib turibdi.

Vaziyatni ko‘rib, siz ham jim o‘tirolmaysiz. Raqamni terasiz. Biroq «set zanyato» bo‘laveradi. Yuzinchimi, ikki yuzinchimi marta raqam terganingizdan so‘ng u yoqdan yoqimli ovoz eshitilib, 1 ni bosishingizni buyuradi. Bosasiz. Shundan keyin yana o‘sha xushmuomala oyimqiz sizning «Taraqqiyot» telekanali bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘langaningizni, tarmoq bandligi uchun kutib turishingizni ta’kidlaydi.

Oradan uch-to‘rt daqiqa o‘tadi hamki, siz boshlovchi bilan ulanolmaysiz. Nafasingiz qaytib, telefonning qizil tugmachasini bosasiz. Shu payt kutilmaganda sizga xabar keladi: «Balansingizda mablag‘ qolmadi, hisobingizni to‘ldiring…»

Ana xolos! Hozirgina yigirma ming so‘mcha pul bor edi-ku! Boshlovchi bilan ulanmay turib, kutishning o‘zigayoq shuncha pulni shilib olishsa-ya? Bu adolatdan emas! Ha, bekorga jo‘n savollarni qo‘yishmas ekan-da. Telefonda puli bor, miya-si butun har qanday tomoshabin bunaqa paytda qo‘ng‘iroq qilishdan o‘zini tiyib turolmaydi. Boshlovchi bilan ulashmasa-da, jonon qizning kuttirishiga mahtal bo‘lib, balansidagi pullaridan ayrilganini bilmay o‘tiraveradi. Bu o‘taketgan g‘irromlik emasmi? Jonli efirdagi ko‘rsatuv bilan ulanish bir daqiqasi uchun 2105 so‘m degan gap yolg‘on ekan-da!

Qo‘ng‘iroq qilgan tomoshabin hammaning oldida boshlovchi bilan so‘zlashsin, kerak bo‘lsa tortishsin edi – ana undan keyin daqiqasiga pul to‘lasa haqqoniy bo‘lar edi. Zimdan ulab qo‘yib, pulini yechish mumkinmi?

Aslida, mehnat qilinmay, egasini rozi etilmay topilgan pul, buyum – halol sanalmaydi. Jumladan, har qanday lotoreya va shunga o‘xshagan mablag‘ sarflangan o‘yinlar ham avvalda aytganimizday qimorbozlikning madaniy ko‘rinishlariga o‘xshaydi. Mukofotli o‘yinlar, intellektual savollarga javob izlash va topish, pirovardida yaxshigina sovg‘aga ega bo‘lish – insonni, xususan, yoshlarni kitob varaqlashga, bahs-munozaralarga kirishishga chorlaydi. Xalq ichida «O‘qigan – boy bo‘ladi» degan naql tezroq ildiz otishiga zamin yaratadi.

Ammo ommaga ermak uchun savol berib qo‘yib, tomoshabinga yuzlanmay turib, shirin imo bilan uni aldab, kissasidagi pulni shilib olish – qaroqchilikdan boshqa narsa emas. Bu «ko‘ngilochar ko‘rsatuv»da na tafakkur sari intilish bor, na halollik uchun qadam mujassam!

Risliqxon MAJNUNOVA.

Manba: «Namangan haqiqati» gazetasi.