Rag‘bat — yangi marralar sari ilhomlantiradi

2020-01-15T05:09:23+05:0015 January, 2020|Umumiy yangiliklar|

Yurtimizda mehnat qilgan, o‘z sohasining rivoji uchun hissa qo‘shgan insonlar hamisha rag‘batlantirib kelingan. Ayniqsa, qalam ahliga e’tibor o‘zgacha. Shu ma’noda bugungi kunda hukumatimiz hamda turli vazirlik va tashkilotlar tomonidan ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida taqdim etilayotgan mukofotlar ularning yanada sermahsul natijalarga erishishiga zamin yaratmoqda.

Uch yildan buyon eng faol ijodkorlarga berilayotgan “Ehtirom” mukofoti ham shunday e’tibor mahsuli desak yanglish bo‘lmaydi. Bu yilgi tanlovning “Madaniyat sohasining faol ommaviy axborot xodimi” nominatsiyasida g‘olib bo‘lganim zimmamga juda katta mas’uliyat yukladi. Aslida san’at va madaniyat sohasini yoritish, uning mohiyatini ochib berish ko‘p izlanish talab etadi. Uning ichiga kirib borganingiz sari jilvakor qirralari bilan o‘ziga jalb etaveradi. Yil davomida “Mahalla” gazetasi sahifalarida e’lon qilingan maqolalarimizda mana shu jihatlarga alohida urg‘u berishga harakat qildik. San’atkorlarning yutuqlari bilan birga soha rivoji uchun bildirgan tanqidiy fikrlarini ham berdik.

Insonning biror e’tirofga loyiq deb topilishi zamirida faqatgina uning emas, balki atrofdagilarning ham mehnati yotadi. Mening g‘oliblar qatorida bo‘lishimda tahririyatimizning ustoz jurnalistlari bergan o‘gitlar, ko‘rsatgan yo‘l-yo‘riqlarning o‘rni katta bo‘ldi. Qolaversa, tadbir tashkilotchilariga hamda O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasiga chin qalbimdan minnatdorchilik bildiraman.

Shahnoza RAHIMXO‘JAYEVA,

“Ehtirom -2019 tanlovi

“Madaniyat sohasining faol ommaviy axborot xodimi”

nominatsiyasi g‘olibi.