Maqsad farzandlar baxtimi yoxud…

2020-01-14T06:43:12+05:0014 January, 2020|Hafta maqolasi|

To‘ylarimiz, o‘ylarimiz…

Mustaqil bo‘lganimizga chorak asrdan oshibdiki, bu sarqitdan qutulish yo‘lini topa olmay sarsonmiz. Ko‘ra-bila turib, saraton xastaligiga o‘xshab ildiz qo‘yayotgan, “qizil imperiya”dan meros bu kasallikning rivojlanishiga o‘z “hissa”mizni qo‘shib kelyapmiz.

Gap nima haqida deysizmi? Bizni yillar davomida tashvishga solib kelayotgan to‘ylarimiz haqida…

Sohibqiron Amir Temur o‘z tuzuklarida shunday yozadi: “Men buyuk, qudratli davlat qurdim. Kelajak avlod uchun obidalar, tarixiy yodgorliklar va betakror, ma’naviy meros ham qoldirdim. Men saltanatimni faqat kuchga suyanib, zo‘ravonlik bilan boshqarganim yo‘q. Davlat ishlarining to‘qqiz ulushini kengash, tadbir va mashvarat bilan, qolgan bir ulushini esa qilich bilan amalga oshirdim. Obodonchilikka yaraydigan biror qarich yerning zoye bo‘lishini ravo ko‘rmadim. Qay bir joydan bir g‘isht olsam, o‘rniga o‘n g‘isht qo‘ydirdim, bir daraxt kestirsam, o‘rniga o‘nta ko‘chat ektirdim. Savdo ishlarini yo‘lga qo‘ydim. Zero, dunyo savdo ahli ila obod bo‘ladi. Saltanatimning u chetidan bu chetigacha biror bolakay boshida bir lagan tilla bilan o‘tadigan bo‘lsa, bir donasiga ham zarar yetmaydigan tartib-intizom o‘rnatdim. To‘y qilish va kelin tanlashni davlat siyosati darajasiga ko‘tardim. Har yerda va har vaqt islom dinini quvvatladim”.

Ha, Sohibqiron oila qurish, to‘y qilish masalasi ulkan mas’uliyat talab qilishini, naslning toza-beg‘uborligini saqlash go‘zal va oqila ayolga bog‘liqligini, boqiy qadriyatlarimizni oyoq osti qilish hollariga barham berishni, urf-odat va an’analarga ehtirom ko‘rsatishni davlat siyosati darajasiga ko‘targan.

Buyuk bobokalonimizning hikmatga to‘la so‘zlarini o‘qir ekanman, bugungi to‘ylar mashmashasiyu to‘ydan keyin yuzaga keladigan dilxiraliklar, hatto to‘y tufayli ro‘y beradigan fojialar ko‘z o‘ngimdan o‘ta boshlaydi.

Esimda, 10-15 kuyov jo‘ra bilan hay-haylashib, o‘lanlar aytib kelinning uyiga borilar edi. U yerda baholi qudrat to‘shalgan paloslar va ko‘rpachalarda bir zum o‘tirilgach, tortilgan oshdan tanovul qilinib, dasturxonga fotiha qilingach, deyarli hammaga javob berilar va kuyov qolgan 4-5 nafar eng yaqin jo‘ralari bilan alohida mehmonxonaga kiritilib, ichkarida chimildiqda kelin bilan o‘tkaziladigan udumlarni bir zum kutib turar va kayvoni buvining taklifi bilan otin buvilarning salomnomalari sadosi ostida chimildiq tomon qadam tashlar edi.

Chimildiqda bor-yo‘g‘i 15-20 daqiqalik urf-odatlar bajo keltirilgach, yoshlarga oq fotiha berilib, kuyov kelinni o‘zi olib borgan ulovda uyiga olib kelar va bu yerda ham o‘ziga xos faqat ayollar ishtirok etadigan marosimlar o‘tkazilgach, hamma uy-uyiga tarqalar edi.

Sovchi yuborilib, toki kelinni uyga olib kelguncha kuyov ham, kelin ham, odamlarning malomatidan cho‘chib, hech kimga ko‘rinish bermaslikka harakat qilar va hatto to‘ydan keyingi kelin salom yoki kuyov salomlarda ham odob saqlab, birovning yuziga tik qarashga botina olmas edi. Bu jarayonda kayvoni buvi va yoki laparchilar tomonidan ijro etiladigan har xil beg‘araz o‘yin-kulgilar ham bo‘lib, bu udumlar to‘yga shukuh baxsh etar, hech kimning g‘ashiga tegmas edi.

Bugungi to‘ylardagi dabdabayu as’asa, ko‘r-ko‘rona taqlid natijasida urfga aylantirilayotgan oldi-qochdi marosimlar, g‘ayrimilliy udumlar qayerdan kirib keldi?

Yana yaqin tariximizga murojaat qilamiz. O‘tgan asrning 70-80-yillarida turmush qurganlar buni yaxshi eslashsa kerak. O‘shanda yuqorida aytib o‘tilgan to‘y marosimidan oldin 10-15 qiz yig‘ilib, kichik davra uyushtirishi, o‘yin-kulgi qilib, turmushga chiqadigan qizni o‘zlaricha tabriklashi odat tusiga kirdi. Bu marosimga “Qizlar davrasi” deb nom ham qo‘yib olishdi.

Keyinroq bu davra kattalasha boshladi. Bora-bora davra ishtirokchilarining soni oshib, 100-150 nafarga yetkazildi. Sekin-sekin sinfdosh yigitlar ham bu marosimga taklif etiladigan bo‘ldi. Astalik va ustalik bilan o‘zga millatga mansub udumlar xalqimiz ongiga singdirila boshlandi. Keyinchalik bu davra yanada kattalashib, kelin-kuyov to‘rga chiqib o‘tiradigan “Qizil to‘y”ga aylandi. Shunday to‘y o‘tkazmaganlar qoloqlikda, eskichilikda ayblandi.

Vaqt o‘z ishini qildi. “Mening undan qayerim kam?” iddaosi barchani birdek o‘z domiga tortdi. Ha, biz juda ustalik bilan olib borilgan bu g‘ayriodatiy tarbiya girdobiga tushib qoldik. Fursat o‘tishi bilan bu g‘arbona hoyu havas avj olsa oldiki, susaymadi. Nikoh to‘ylarida kelin- kuyovning qo‘ltiqlashib raqsga tushishi uyat bo‘lmay qoldi. “Sevgi tarixi” deb nomlangan ibosiz tomoshalar ota-onani ko‘pchilik oldida izza qilib qo‘yishi mumkinligi esdan chiqarildi. Sunnat, aqiqa to‘ylarining ayni avjida “Qizaloq va Maymoq” tomoshalarini uyushtirish urfga aylandi.

Odatda, “to‘y” deganda, hammaning chehrasiga tabassum yuguradi. Biroq tayoqning ikki uchi bor, deganlaridek, bugun uylanyapman yoki turmushga chiqyapman, degan gapni eshitsak, kelin-kuyovga baxt tilash asnosida, ularning kelgusi hayoti, ota-onasi haqida o‘yga tolamiz. Turmush girdibodlari ezib qo‘masin-da, ezilib-qiynalganda ham, sabr-bardosh bilan yorug‘ kunlarga yetsin-da, deya ko‘nglimizdan o‘tkazamiz. “Uyat bo‘lmay qolgan oilaviy ajrashishlar, qaynona-kelin mojarolari, bir lahzada begonaga aylanib ketayotgan quda-andalar qismati bu xonadonga yaqin yo‘lamasin, ilohim”, deya astoyidil niyat qilamiz.

Albatta, bularning barchasiga faqat dabdabali to‘ylar sabab emas. Ro‘zg‘orni but, turmushni to‘kis, baxtni farovon etadigan omillar bisyor. Bir vaqtlar yigitlar ulg‘aygan sari ko‘proq hunar egallash va mustaqil hayot qurish ilinjida bilimini oshirar va shunga erishar ham edi. “Uylanmaysanmi, axir?” degan savolingizga “Avval oilamni boqa olish qudratiga ega bo‘lay, keyin bir gap bo‘lar”, deya javob olar edingiz. Oriyati va g‘ururi bo‘yidan ham baland edi o‘zbek yigitining.

Afsuski, bugun qaynonayu qaynotaning sarmoyasiga qarab qiz tanlaydiganlar ko‘payib bormoqda. Moddiyat ma’naviyatning ko‘ksidan itarib, chekkaga chiqarishga zo‘r berib urinyapti va taassufki, bunga erishyapti. Bu jarayonda ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan yuzlab maqolayu xabarlar, tavsiyalar ish bermayapti. Har kim o‘z bilganidan qolmayapti. To‘ylarimizni tartibga solish, farzandlarimizni boriga qanoat qilishga o‘rgatish qiyin kechayapti…

Ana shularning barchasini biz, keksalar ko‘pdan beri o‘ylab, mulohaza qilib yurgan edik. Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi qo‘shma qarori qabul qilinganini, unga asosan to‘y-ma’rakalarni tartibga solish bo‘yicha Nizom ishlab chiqilganini eshitib, juda xursand bo‘ldik.

Mazkur Nizom joriy yil 1 yanvaridan kuchga kirdi. Endi hammasi o‘zimizga bog‘liq. Ayniqsa, biz, ko‘pni ko‘rgan otaxonu onaxonlarning jamiyatda o‘z o‘rnimiz bo‘lishi, bu borada befarq emasligimiz bilinishi kerak. “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona” degan purma’no aqidaning mavqei tiklansa, jonajon farzandlarimiz baxtu iqboli bilan bog‘liq o‘y-rejalarimiz bamaslahat amalga oshirilsa, o‘ylaymanki, barchamizni bezovta qilayotgan ko‘plab muammolar o‘z yechimini topadi. Muhimi, yoshlarimizni shunga o‘rgatishimiz kerak. Toki, farzandlarimiz ota-ona, mahalla-ko‘y fikri ahamiyatli, niyatlari xolis ekanligini anglasinlar. O‘z kelajaklariga befarq bo‘lmasinlar.

Rajab AVEZOV.

Manba:«Buxoronoma» gazetasi.