Jurnalist u qanday bo‘lishi durust?

2020-01-14T06:28:26+05:0014 January, 2020|Hafta maqolasi|

Nuqtai nazar

Jamiki matbuot xizmatida yurganlar jurnalistmi yoki ularni ham toifaga ajratish mumkinmi? Maorif sohasida ishlayotganlarning malaka toifasi bo‘ladi: oliy toifa, birinchi, ikkinchi va mutaxassis. Balki, jurnalistlar mahorati daraja bilan belgilanar. Masalan, oliy darajali jurnalist! Yo‘q, unday emas, ular uzoq yil xizmat ko‘rsatishganidan so‘ng, nasib qilsa, munosib ko‘rilsa «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist» unvoni beriladi. Yana jurnalistlarning faolligi e’tiborga olinadi.

Jurnalist – haqiqat va adolat himoyachisi. Demak, jurnalistlarni haqparvarlik nuqtai nazariga qarab toifalash mumkin. O‘zbek jurnalistikasi XX asr boshlarida shakllangan deb fikrlasak (aslida, Yassaviy hikmatlarida – da’vat, Navoiy qit’alarida odamiylikka undash…), Behbudiy, Fitrat, Cho‘lpon, Avloniy, Munavvar qori, Abdulla Qodiriylarning – qani ayting-chi, qaysi birlariga oson bo‘lgan? Behbudiy o‘ldirib yuborilmaganida, u ham «xalq dushmani» sifatida otilgan bo‘lar edi. 50-yillardan keyin Abdulla Qahhorning: «Men partiyaning soldati emas, ongli a’zosiman» degan fikri anjuman bo‘layotgan zalni portlovchi sukunatga cho‘mdirgani hali-hanuz davralarda eslanadi. Zero, ehtiyoj borki, eslanadi.

XXI asr «U – bizniki» deyishga haqli Rauf Parfi – publitsistmi, shoirmi?! U – publitsist, uning haqiqat bayrog‘i she’riy shaklda. She’r ham nutqning bir ko‘rinishi. She’rlarida Cho‘lponu Qodiriylarning armonlari yig‘laydi.

Ozod Sharofiddinovning hayotiy pozitsiyasi adabiyotshunoslikmi yoki jurnalistikami? Abdulla Qahhordan keyin ijtimoiy fikr aytib qo‘ygan kishi Ozod Sharofiddinov qanday munosabat bildirar ekan deb kutgan.

Ommaviy axborot vositalari (harakatlantiruvchi kuchi – jurnalistlar) ijtimoiy fikrni shakllantiradi va rivojlantiradi. Shakllantira olsa, jamiyatning barqarorligi hamda farovonligiga xizmat qilgan bo‘ladi. OAV ijtimoiy fikrga ergashadimi yoki shakllantiradimi? Biz demokratik jamiyat barpo qilyapmiz, ijtimoiy fikr olomon emas. Uning nuqtai nazari ham e’tiborga olinishi shart. OAV biz xolismiz deb turishlari ham mumkin. Xolislik betaraflikmi yoki adolatparvarlikmi?

O‘zbekistonimizda matbuot erkinligi kafolatlangan. Matbuot erkinligi inson o‘zi to‘g‘ri deb hisoblagan fikrni aytishi desak adashamiz, chunki yuqoridan aytib kelayotganimiz – HAQIQAT ham bor.

O‘zbekni sodda deyishimiz mumkin; nima desa «xo‘p» deydi, deyishimiz mumkin; yozayotgan maqolalarimizga ozgina YoLG‘ON qo‘shsak hech narsa qilmaydi, deyishimiz mumkin. Xalqimizni ANDIShA ushlab turadi xolos. Andishali odamni aldab ko‘ring, sizdan ixlosi qaytadi. Bir bora IXLOSi qaytgandan so‘ng sizga umuman ishonmaydi. Cho‘lpon iborasi bilan aytganda: «Xalq dengizdir, xalq to‘lqindir, xalq kuchdir». Xalqqa obuna haqida gap ochsangiz, gazeta menga nima qilib beryapti, uning nimasiga obuna bo‘lishim kerak, deya fikrlaganini sezasiz.

Rostgo‘ylik – jasoratni talab qilishini bilamiz. Sho‘ro zamonida xalqni qo‘rquvda tutib turilgan. Hozir ham jasoratli bo‘lib keta olmayapmiz, bizni, ochig‘ini aytaveraylik, hadik tutib turadi. Dunyoda demokratik davlatlar ko‘p. Masalan, Polshada norozilik quyidagicha ifoda qilinar ekan, ya’ni mahalliy hukumat noto‘g‘ri yo‘l tutsa, tashkilotlar norozilik shiorini yozib, hukumat binosi devoriga ilib, o‘z kundalik mehnat faoliyatini davom ettirishaverar ekan. Hech qanday baqir-chaqirsiz, ur-yiqitsiz masala ijobiy hal bo‘lishini kutishar ekan. Bizning xalqimiz fe’l-atvorini quyidagi rivoyat oydinlashtiradi.

Bir kuni podsho ovdan qaytib kelayotsa, bir dehqon yeriga ishlov berayotgan ekan. Podsho: «Hormang!» – debdi. Dehqon alik olmay ishini davom ettiraveribdi. Eshitmadi shekilli, deb yana bir marta «Hormang!» debdi. Dehqon esa astoydil ishini davom ettiraveribdi. Saroyga borgach, zudlik bilan dehqonni olib kelishni buyuribdi.

– Podshohim, meni ma’zur tutgaysiz, siz salom berganda yerim shunday obi-tobida ediki, bir lahza o‘tkazib yuborsam, qayta ishlov berishim qiyinlashar edi. Mana endi yuz marta «Salomat bo‘ling!» deyishga tayyorman…

Xalqimizning mentaliteti – mehnatkashlik.

Xalqimizning mentaliteti – halollik.

Xalqimizning mentaliteti – rostgo‘ylik.

Xalqimizning mentaliteti – sabr, andisha («Kel, bu safar ham indamayin-chi» kabi).

Xalqimizning gazeta-jurnal o‘qishga qiziqmaydi, o‘qimaydi degan fikrdan yiroqman. Hamqishlog‘im, 65 yoshli Mahmudjon akaga savol berib ko‘rdim. Kutilmagan savolga kutilmagan javob oldim. «Mahmudjon aka, gazeta siz uchun nima?» dedim. «Gazeta men uchun salomatlik» degan javobni oldim. «Gazeta o‘qisam, ruhim yengil yuradi. Fikrlagan odamning ruhi ko‘tariladi, kasal bo‘lmaydi. Har hafta «Darakchi» va shu kabi gazetalarni olaman. Fermer xo‘jaligida suvchiman, rahbarim menga ishonadi, rahbarimning hali-veri menga javob bergisi yo‘q. «Toza havoda yuribsiz-da, Mahmudjon aka», – deb qo‘yadi. Yoshlar suv kechishga bir yil-yarim yil yarayapti xolos», – deya davom ettirdi fikrini.

Agar muhtaram jurnalistlarimiz oddiy suvchi bilan suhbatni ma’lumot uchun o‘qib qo‘yamiz deyishsa, davomini ham aytay. («Jurnalistga ichimdagini aytib olay», degandir balki).

– Biz mana shu yerni muqaddas sanaymiz. Harom yeyishga qo‘rqamiz. Ana bu Yakkatepa – aziz joy, hu yonimizda qo‘tir sada – odamlar islik berib shifo topib ketishadi. Butun O‘zbekistonda aziz sanalmagan joy bormi?

– Yo‘q, – dedim.

– Bor, – dedi Mahmudjon aka. – Amaldorning stoli aziz emas, bemolol pora olib, haromxo‘rlik qilaveradi. Shu yoshimgacha nechta yeb qo‘yganlarning yo kasal bo‘lib yo uyida tinchligi bo‘lmay, yana boshqa bir sabab bilan xotirjam yashay olmaganini ko‘rib kelyapman.

Ey, mening hamkasbim! Kel, o‘zingni toifaga ajrat. VIJDON oldida javob ber. Haqparvarmisan, maddohmisan? Qaysi yo‘lni tanlagansan? Voqealarni xolis yoritaman, xolos, deyuvchi betarafmisan yoki qo‘rqoqmisan?

So‘zingning qadriga qachon yetasan yoki yozganlaringni hech kim o‘qimayotganini bilib tursang ham yozaverasanmi? Shunday imkonlar yaralgan zamonda o‘z OVOZingni, o‘z o‘rningni topa olyapsanmi?

Alibek Ergashev,

jurnalist.

Manba:«Namangan haqiqati» gazetasi.