Vatanparvarlik haqida yozish g‘oyat samimiyat va fidoyilik talab qiladi

2020-01-13T09:30:23+05:0013 January, 2020|Umumiy yangiliklar|

14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni

Harbiy vatanparvarlik mavzusi ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun g‘oyat murakkab, mas’uliyatli va shu bilan birga qiziqarli, sharafli yo‘nalish. Poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan tashkil etilgan yig‘ilish shu mavzuda ijod qilayotgan jurnalistlarni, talaba-yoshlarni o‘z atrofida jamladi.

Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi o‘rinbosari X.Salimov, mazkur uyushma qoshidagi Yosh jurnalistlar kengashi raisi F.Karimov, Harbiy vatanparvarlik kengashi raisi A.Safarov va boshqalar mamlakatimizda yosh avlodni vatanparvarlik, yurtga sadoqat, fidoyilik tuyg‘usida kamol toptirish, ulardagi Vatan taqdiri uchun mas’uliyat, faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilayotganini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari 2019 yil 27 dekabr kuni Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda so‘zlagan nutqida ko‘zi yonib turgan, bilimli, jasoratli yigit-qizlar borligiga katta ishonch bildirishi bilan birga iste’dodli yigit-qizlarni tinglash, ularga ishonch bildirish zarurligini alohida ta’kidladi.

Darhaqiqat, bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarning salohiyati, iqtidori, iste’dodi har sohada namoyon bo‘lmoqda. Ayni paytda harbiy, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ijodiy jabhalarda astoydil o‘zini ko‘rsatayotgan shijoatli yoshlar safi tobora kengayib bormoqda. Harbiy jurnalistika sohasida ham qalam tebratayotgan yosh qalamkashlar ko‘pligi diqqatga sazovor.

Mamlakatimiz media tuzilmalarida Qurolli Kuchlarni isloh etish va rivojlantirish borasida qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar, shuningdek, armiyadagi harbiy xizmatning nufuzi, soha xodimlarini moddiy va ma’naviy, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga doir amaliy ishlar aks ettirilgan maqolalar, turkum teleko‘rsatuv va radioeshittirishlar muttasil tayyorlanmoqda.

Ayni paytda ommaviy axborot vositalarida ushbu mavzuni yoritishda yetarli imkoniyat va sharoitlar yaratilgani barobarida O‘zbekistonimizning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, uning mustaqilligi, tinchligi va osoyishtaligini asrashga oid ezgu sa’y-harakatlar, bu boradagi davlatimiz siyosatini yanada teranroq, puxta, tahliliy tarzda jurnalistikaning rang-barang janrlaridan keng foydalanilgan holda o‘quvchilarga, xalqimizga yetkazish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Nazokat USMONOVA, O‘zA