Yig‘lab borsam, ho‘ngrab chiqdi

2020-01-10T14:04:47+05:0010 January, 2020|Hafta maqolasi|

Shu kunlarda Xo‘jayli tumanining «Mustaqillik» OFY hududida faoliyat ko‘rsatayotgan shifokorlik punktiga shifo istab kelgan kishi shunday manzaraga guvoh bo‘ladi: kichkinagina bir xonani elektr pechi bilan isitib o‘tirgan to‘rt nafar tibbiyot xodimi va najot kutayotgan bemorlar…

Bu muassasa – «Qoraqalpog‘is­ton» QVPning «Mustaqillik» OFYdagi birlamchi tibbiy-sanitariya yordam shoxobchasi (filiali). U qishloqda yashaydigan uch ming nafardan ko‘proq aholiga tibbiy yordam ko‘rsatadi.

– Bizning qish­loq shifokorlik punktimiz o‘n ming­­ga yaqin aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatadi, – ­deydi «Qoraqalpog‘iston» QVP mudiri Azamat Qutlimuratov. – Ammo hududlar tarqoq. Ba’zi ovullar shifokorlik punktidan o‘n besh chaqirim olisda joylashgan. Xo‘jayli tumani tibbiyot birlashmasi bosh­lig‘ining 2017 yil 1-avgustdagi buyrug‘iga asosan «Mustaqillik» OFY aholisining bir qismiga tibbiy xizmatlar ko‘rsatish maqsadida ­«Mustaqillik» OFYda filial tashkil etilgan bo‘lib, bugun mazkur vazifani bir nafar shifokor va uch nafar hamshira bajarib kelmoqda.
– Ushbu imoratda 1996 yili qish­loq vrachlik punkti ish bosh­lagan edi, – dey­di uchastka shifokori Karima Allaniyazova. – Yaqin yillargacha to‘rt yarim mingdan ko‘proq aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatib keldik. Binoda yetarlicha xonalar mavjud. Lekin ta’mirtalab holatga kelgani hamda isitish tizimi ishlamasligi sabab xonalar sovuq va nam tortgan.
– Yoz oylarida-ku, mayli, kun issiq, shifokorlik punktiga kelib, muolaja olish mumkin, – ­deydi Shamshiya Allamuratova. – Qishning sovug‘ida kim ham sharoitsiz joyda, zax xonada davolanishga jur’at etar edi?

Mazkur muassasa ish boshlagan yillarida ovul odamlari kunduz kuni yotib (statsionar) davolanish imkoniyatiga ham ega edi. Bu gaplar bugun ko‘pchilikka cho‘pchakdek tuyilishi mumkin.
Prezidentning 2017 yil 29 martdagi «O‘zbekiston Respublikasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatini tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida qish­loq aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash vazifalari belgilab berilgan. Xo‘jayli tumani «Mustaqillik» OFY hududida bu vazifani ovul shifokorlik punkti xodimlari bajarishi lozim. Ammo bugun ularning o‘zi e’tibor va ko‘makka muhtoj…
Ushbu holatga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddilari hamda Xo‘jayli tumani hokimligi qanday munosabat bildirar ekan?..

Ortiqboy MAMUTOV.

Manba: «Ishonch» gazetasi