PRESS-RELIZ

2020-01-10T11:43:41+05:0010 January, 2020|Press-relizlar|

Bugungi kunda o‘sib kelayotgan yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning faol hayotiy pozitsiyasini mustahkamlash, mamlakat kelajagi uchun fuqarolik mas’uliyati hissini oshirish borasida ko‘plab amaliy ishlar qilinmoqda.

Ayniqsa, bilimli, shijoatli yoshlarni qo‘llab – quvvatlash borasidagi amalga oshirilgan ishlar tahsinga loyiq. Ana shunday vatanparvar yoshlargina yurtimiz rivojiga munosib hissa qo‘sha oladi. Shuning uchun ham Prezidentimiz 2019 yil, 27 dekabrda Al – Xorazmiy nomidagi ixtisoslashgan maktabda so‘zlagan nutqida iste’dodli yoshlarni tinglash, ularga imkoniyat yaratish haqida jon kuydirib gapirdilar. Shuningdek, Yoshlar ittifoqi negizida Yoshlar agentligini tashkil etish haqida ko‘rsatma berdilar. Bularning barchasi ertamiz egalariga, ya’ni yoshlarga bo‘lgan ishonch va e’tiborni ko‘rsatib turibdi.
Bunga javoban yoshlarimiz ham barcha sohalarda o‘zlarini ko‘rsatishmoqda. Ayniqsa sport va san’atda yoshlarimiz erishayotgan yutuqlar, ularning yurtimiz dovrug‘ini dunyoga yoyayotgani ayni haqiqat. Shuningdek, OAVda ham ko‘plab iste’dodli, yosh jurnalistlar faoliyat yuritishmoqda. Ularga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatish, rag‘batlantirish borasida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi qoshida tashkil etilgan Yosh jurnalistlar kengashi ham qator vazifalarni amalga oshirmoqda.

Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida o‘tkazilayotgan islohotlar mamlakatimizning mustaqilligi va hududiy yaxlitligi, barqaror rivojlanishi va xalqimiz tinchligini yanada ishonchli himoyasini ta’minlash imkonini bermoqda.

Milliy armiyamiz jamiyatimizning ajralmas qismi hisoblanadi. Har yili yurtimizda 14 yanvar—Vatan himoyachilari kuni umumxalq bayrami sifatida qarshi olinadi. Shu kunlarda o‘tkazilayotgan tadbirlar o‘sib kelayotgan yosh avlod qalbida tug‘ilib o‘sgan ona zaminiga bo‘lgan muhabbat hissinini mustahkamlaydi, ularni milliy istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashga ko‘maklashadi.

Bugungi tahlikali zamonda bebaho boyligimiz bo‘lgan tinch-osoyishta, erkin va obod hayotni har tomonlama asrab-avaylash va mustahkamlash eng asosiy vazifamiz bo‘lib qolmoqda. Shu maqsadda milliy armiyamizni yanada takomillashtirib, uni zamonaviy texnika-texnologiyalar bilan jihozlash hamda taktik jihatdan yuqori darajadagi tayyorgarlikka ega qo‘shin turlarini yaratishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz tomonidan milliy armiyamiz tarkibida xizmat qilish har bir o‘zbek o‘g‘lonining orzusi bo‘lishini ta’minlash maqsadida o‘tgan yillar mobaynida qator chora-tadbirlar belgilandi. Binobarin, davlatimiz rahbari tomonidan o‘nga yaqin qaror va farmonlar imzolandi. Bu o‘z navbatida Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyatini yanada oshirishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.

OAVda Qurolli Kuchlarni isloh qilish va rivojlantirish borasida qo‘lga kiritilgan yutuqlar, shuningdek, armiyadagi harbiy xizmatning nufuzini oshirishga qaratilgan harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoyalash masalalariga bag‘ishlangan maqolalar, turkum teleko‘rsatuv va radioeshittirishlar tashkil etilmoqda. Ushbu vazifalarni umumlashtirish maqsadida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi qoshida Harbiy-vatanparvarlik kengashi ham qator vazifalarni amalga oshiriyapti.

Albatta, OAVda ushbu mavzuni yoritishda yetarli imkoniyatlar mavjud. Biroq, O‘zbekistonning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, mustaqillikni, tinch va osoyishta hayotni asrash borasida davlatimiz rahbari tomonidan yuritilayotgan siyosat xalqimizga to‘laqonli yetkazib berishda qator kamchiliklar bor. Faqatgina sohaga oid me’yoriy-huquqiy hujjatlar borasida qanchadan qancha tahliliy material tayyorlash mumkin. Buning uchun jurnalistlardan faol fuqarolik pozitsiyasi kerak. Mavzu yuzasidan yoritilayotgan materiallarning 80 foizidan ortig‘i xabar janrida berilgan. Tahliliy materiallar juda kam. Ixtisoslashuv ham yetishmaydi. Tadbirda ana shu kamchiliklar va muammolar mutaxasssislar tomonidan atroflicha muhokama etiladi.