Aybsizlik prezumpsiyasi… Qonunchiligimizda yo‘qmi?

2020-01-10T11:40:24+05:0010 January, 2020|Hafta maqolasi, Umumiy yangiliklar|

Aziz o‘quvchi, gazetamizning bugungi sonidan boshlab yangi ruknimiz ostida hafta davomida odamlar orasida shov-shuvga sabab bo‘lgan, el orasida eng ko‘p muhokama qilingan voqea-hodisalarga munosabat bildirib borishga harakat qilamiz. Bunda mamlakatimiz yoki xorijiy davlatlarda yuz bergan muammoli vaziyatlar, bahsli voqealar xususida fikr yuritamiz. Darvoqe, Siz, aziz gazetxonlar, nafaqat yangi rukn ostida chop etiladigan maqolalarimizning o‘quvchilari, balki mualliflari ham bo‘lishingiz mumkin. Marhamat, hafta davomida sizni hayratlantirgan, junbushga keltirgan mavzular haqida yozing va bizga jo‘nating. Agar tahrir hay’atiga ma’qul kelsa, albatta, chop etamiz.

O‘tgan va yakunlanayotgan haftaning eng shov-shuvli voqeasi, shubhasiz, taniqli aktrisa hamda uning o‘g‘illari orasidagi munosabatlar bo‘ldi. Albatta, bugun siz-u bizning ixtiyorimizda ijtimoiy tarmoq atalmish chegara bilmas dastyor bor. Bu dastyor-vositadan foydalanib axborot ummonida xohlaganimizcha suzishimiz, bilgan-bilmagan narsalarimiz haqida o‘qishimiz, yozishimiz, xullas, ko‘nglimizga kelgan ishni qilishimiz mumkin. Hech kim mushugimizni “pisht”, tovug‘imizni “kisht”, deyolmaydi. Agar deb ko‘rsin-chi, darrov “Bizda demokratiya bug‘ilayotgani” haqida dunyoga dod solamiz. Bu ham bo‘lsa bir “piar”da. Shu bahonada ijtimoiy tarmoqlardagi o‘quvchilarimiz sonini oshirib olamiz…

Mayli, mavzudan chetlashmaylik. Xullas, o‘tgan haftada aktrisa oilasida yuz bergan voqea ijtimoiy tarmoqlar va ayrim telekanallarni “portlat”di. Vaziyat shu darajaga bordiki, ayrim blogerlar aktrisaning uyigacha “bostirib” borishdi. Agar noto‘g‘ri aytayotgan bo‘lsam, oldindan uzr so‘rayman. Chunki yarim kechasi birovning uyiga borib, eshigini ochishni talab qilishni “bostirib” borishdan boshqa so‘z bilan ifoda qila olmadim.

Aktrisa ularga eshigini ochmagani yana yangi shov-shuvlar to‘lqinini paydo qildi. To‘lqin shu qadar kuchayib ketdi-ki, oxir-oqibat tuman huquq-tartibot idoralari jurnalist va blogerlar uchun brifing tashkil qilishdi. Odatda, brifing deganida savol-javob bo‘lmaydi. Muayyan bir voqea-hodisa yuzasidan axborot beriladi.

Biz yuqorida tilga olgan brifingda esa aktrisani minbarga chiqarib qo‘yib, muhokama qilishdi. Brifingda yangragan “Biz bir kecha uxlamadik. Siz nega kechasi eshigingizni ochmadingiz?”ga o‘xshash bir-biridan g‘aliz savollar kishining ensasini qotirdi. Yaxshiyam huquq-tartibot idoralari vakillari bor ekan. Voqea yuzasidan tergov-surishtiruv ishlari olib borilayotganini aytib, bazo‘r brifingni tugatib olishdi.

Oqibat nima bo‘ldi? Oqibat shu bo‘ldiki, ijtimoiy tarmoqlar yana bir kun “portladi”. Har kim og‘ziga kelganini aytdi, yozdi. Hattoki, aktrisani “onalik huquqidan mahrum qilish” masalasi ham kun tartibiga chiqdi…

Ana shundan keyin ayrim el tanigan, o‘zlaricha “mashhur” xonandalarimizga navbat tegdi. Ulardan biri taniqli aktrisani “umuman tanimasligini”, u haqda “hattoki eshitmaganini” pisanda qilib, lekin “bolaga ichi achiyotganini, uning huquqlarini himoya qilib, kurashmoqchi” ekanini e’lon qildi. Va o‘zicha “ochko” ishladi…

Xo‘sh, hamma gapirib, aytib, yozib bo‘lgan ekan, biz bu mavzuni nega qalamga olayapmiz?

O‘z fikrlarimizni aytishdan avval qayd etib o‘taylik, biz bu maqolamiz bilan kimnidir “oq” yoki bosh birovni “qora”, deyish fikridan mutlaqo yiroqmiz. Bizga bunday vakolat ham berilmagan.

Hamma gap shundaki, qonunchilikda aybsizlik prezump­siyasi degan tushuncha mavjud. Bu tushuncha shuni anglatadiki, sud hukm chiqarmagunga qadar, ashaddiy qotil ham gumonlanuvchi hisoblanadi. Uni aybdor, deyishga hech kimning haqqi yo‘q.

Shunday ekan, hali tergov harakatlari yakuniga yetmasdan, hali sud o‘z yakuniy so‘zini aytmasdan turib bir oilaning shaxsiy hayotiga aralishishga qanchalik haqqimiz bor? Biz kimmizki, yarim kechasi ayol kishining eshigini qoqib, u eshigini ochmasa, el orasida “Nega eshiging­ni ochmading”, deb dag‘dag‘a qilamiz? Biz kimmizki, birovlarni “burchakka turg‘azib qo‘yib”, shaxsiy hayoti haqida savol-javob qilamiz? Biz kimmizki, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizda xohlasak birovni aybdor, birovni aybsiz deya e’lon qilamiz? Biz kimmiz o‘zi, baraka topkurlar?! Bizga kim bunday huquq berdi?..

Yana qaytarib aytamiz, biz o‘sha aktrisani oqlash yoki qoralash fikridan mutlaqo yiroqmiz. Aytmoqchi bo‘lganimiz, qonun ustuvor bo‘lgan davlatda, huquqiy demokratik jamiyatda so‘nggi so‘zni hamisha sud aytadi. Sud so‘nggi so‘zini aytguncha, birovlarning shaxsiy hayotiga, yanayam ochiqroq aytganda, “ko‘rpasining ostiga” mo‘ralashga haqqimiz yo‘q.

Xulosa o‘rnida yana bir gap. Agar muhokama qilamiz desak, atrofimizda arzirlik muammolar kammi? Albatta, muammolar bor. Hatto keragidan ortiq. O‘tgan haftada vodiy viloyatlarining birida ikki yosh go‘dak gaz isi tufayli hayotdan ko‘z yumdi. Poytaxtda ona-bola gaz isi qurboni bo‘ldi. Bu fojealarning aybdori kim? Yosh go‘daklarning o‘limi uchun kim javob beradi? Jamoatchilikmi? Jamiyatmi? Ota-onasimi? Yoki o‘z vazifasini yetarli darajada uddalayolmayotgan gaz idorasidagilarmi?..

Nega bu javobsiz savollar Sizlarni qiziqtirmaydi? Nega bunday ijtimoiy muammolardan ko‘z yumib, haftalab bir oilaning shaxsiy ishiga aralashib yuribmiz? Nega?..

Afsuski, hozircha biz bu savollarga javob topa olmadik. Balki Sizlar javob berarsiz, “jonkuyar” hamkasblar?!

Zarafshon QALANDAROVA.

Manba: “Adolat” gazetasi