Viloyat hokimi jurnalistlar bilan matbuot anjumani o‘tkazdi

2020-01-10T06:13:29+05:0010 January, 2020|Navoiy vil.|

Yurtimizda Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi sa’y-harakatlarning asosiy jihatlaridan biri davlat boshqaruv organlari faoliyatining shaffoligini ta’minlash hamda mas’ullarning xalq oldidagi hisobdorligini oshirish bilan bog‘liq.

Bugungi kunda davlat idoralarning ommaviy axborot vositalari bilan yaqin hamkorlik olib borishga intilishi kuchayganligini ayni shu talab bilan izohlash mumkin. Aslida ochiq siyosat yuritish, byudjet mablag‘larini tegishli sohalarga yo‘naltirish jarayonlari bilan aholini tanishtirib borish hamda bevosita bu jarayonda ularning talab va istaklarini hisobga olishni davrning o‘zi taqozo etib turibdi.

Ayni shu jihatlardan kelib chiqib, viloyat hokimi Qobul Tursunov mahalliy hamda respublika OAV vakillari, blogerlar bilan uchrashib, 2019 yilda viloyatda amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusida rejalashtirilayotgan vazifalar xususida axborot berdi.

Qayd etish lozim, Navoiy viloyati mamlakatimizning salohiyatli sanoat mintaqasi sanaladi. Shu bilan birga mazkur hududda kichik biznes, ijtimoiy sohalar va ilm-fan taraqqiy etib bormoqda. Xususan, viloyatda tadbirkorlik sub’ektlari soni yildan yilga ortib bormoqda. 2019 yil davomida yangidan tashkil etilgan kichik biznes sub’ektlari soni 7129 tani tashkil etib, 2017 yilga nisbatan besh barobarga, 2018 yilga nisbatan esa to‘rt barobarga oshirishga erishildi.

Viloyat bugungi kunda, aholi jon boshiga Yalpi hududiy mahsulot, sanoat, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish, o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmlari bo‘yicha Respublikada birinchi o‘rinni, qurilish ishlari, ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi va chakana savdo aylanmasi bo‘yicha ikkinchi o‘rinni, mahsulot va xizmatlar eksporti bo‘yicha uchinchi o‘rinni egallab turibdi.

Dasturlar doirasida so‘nggi uch yilda, umumiy qiymati 7,9 trln.so‘m miqdoridagi mablag‘larni o‘zlashtirish hisobiga 2 678 ta loyihalar amalga oshirilib, 17 mingta yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Aholining yashash sharoitlarini yaxshilash maqsadida, barcha dasturlar doirasida o‘tgan yillarda 155 ta bog‘cha, 111 ta maktab, 57 ta tibbiyot muassasalari, 54 ta mahalla guzarlarida qurilish-rekonstruksiya ishlari amalga oshirilib, foydalanishga topshirildi.

Viloyat o‘quvchilarining oliy ta’limga kirish reytingi bo‘yicha mamlakat miqyosida ikkinchi o‘rinni zabt etdi. Beshta shahar, tuman esa mamlakat bo‘yicha bu borada kuchli o‘ntalikda turibdi.

Shu bilan bir qatorda viloyatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmini oshirish maqsadida o‘tgan yilda viloyatda ikkita yirik investitsion forumlar o‘tkazildi va natijada 270 mln.dollardan ortiq loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Xorijiy investorlarga yaratilayotgan imkoniyatlar natijasida xorijiy investorlar ishtirokidagi korxonalar soni 2018 yilning 1 yanvariga nisbatan 3,5 barobarga oshdi va 214 tani tashkil etmoqda.

2017 yilda fuqarolar tomonidan 20 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgan bo‘lsa, 2019 yilga kelib ularning soni uch barobarga kamayib, 7 mingtani tashkil etmoqda. Sababi, joylardagi mas’ullar aholi bilan bevosita uchrashib, turli muammolarni joyida hal etishmoqda.

2020 yil rahbarlar uchun juda og‘ir yil bo‘ladi, – dedi viloyat hokimi. – Sababi joylardagi muammolarni tizimli hal qilish lozim. Viloyat va tuman kesimida ishlab chiqilgan har bir dastur bevosita xalq manfaatiga xizmat qilishi darkor.

Q.Tursunov mahalliy byudjetning ortib qolgan qismidan amalga oshirilayotgan ishlarga ham to‘xtaldi. Xususan, 2017 yilda mahalliy byudjet ixtiyorida qolgan erkin mablag‘lar bor-yo‘g‘i 11 mlrd.so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2018 yilda 341 mlrd.so‘mni, 2019 yilda kelib mazkur ko‘rsatkich 600 mlrd.so‘mdan ortib, 2017 yilga nisbatan 55 barobarga ortganligi, aholini qiynab kelayotgan ko‘p yillik to‘planib qolgan muammolarning ijobiy yechimini topishini ta’minladi. Ushbu mablag‘lar esa bevosita tegishli hududlarda ijtimoiy sohalarni rivojlantirish, davlat dasturlari ijrosi, aholi yashash shart-sharoitlarini yaxshilashga yo‘naltirilmoqda.

Ochiq muloqotda viloyat hokimiga “Kun.uz” veb-sayti, “Sevimli” telekanali, “Xalq so‘zi”, “Pravda vostoka”, “Do‘stlik bayrog‘i va “Znamya drujbы” gazetalari tahririyati, “Xatirchi hayoti”, “Karmana ovozi”, “Navoiy ziyosi” hamda boshqa OAV vakillaridan turli savollar berildi.

  • Viloyat rahbari sifatida hududga investorlarni jalb qilish yuzasidan bir qator mamlakatlarda bo‘ldingiz hamda ko‘plab chet ellik tadbirkorlar viloyatimizga tashrif buyurmoqda. Muloqotlar jarayonida davlat manfaatlari nuqtai nazaridan qanday muzokaralar olib borilayapti, – deya savol berdi viloyat hokimiga “Xalq so‘zi” gazetasi muxbiri Temur Eshboyev.
  • Uch yil avval viloyat hokimlari chet elliklar bilan deyarli uchrashmasdi, – dedi Q.Tursunov. – O‘tgan yilning o‘zida investorlar bilan 300 dan ortiq muzokara o‘tkazdik. Natijada Eron, AQSh, Xitoy va boshqa mamlakatlar tadbirkorlari bilan bir qator qo‘shma korxonalar tashkil etilib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar kiritildi. Bu borada hozir qizg‘in ish olib borayapmiz. Joriy yilda bundan-da salmoqli ishlarni amalga oshirishni rejalashtirganmiz.
  • Viloyatda bugungi kunda yuz nafarga yaqin yoshlar IT-sohasining yetuk kadrlari sifatida oyiga o‘rtacha 10 million so‘m daromad olib ishlamoqda, – deya fikr bildirdi “Sensorika” MChJ rahbari Norbek Arziyev. – Ular orasida dunyoga mashhur “Aplle”, “Yandex” kabi yirik kompaniyalar buyurtmalarini bajarib beradigan “frelanserlar” – bevosita uyida o‘tirib ishlaydiganlar ham bor. Mana shu sohaga katta e’tibor qaratish, kerak bo‘lsa shu sohani fan sifatida maktab ta’limiga kiritish taklifini bermoqchiman. IT-sohasida bizning korxona ham salmoqli ishlarni bajarmoqda. Butun Navoiy shahrida internet – “wi-fi” hududini tashkil etmoqdamiz. Buning uchun Innovatsiyalar vazirligining bir milliard so‘mlik grantini yutib olganmiz. Latviya davlatidan tegishli texnologiyalarni olib kelish ishlari davom etayapti.
  • Davlatimiz Rahbari 2019 yil 28 dekabr kuni viloyatimizga tashriflari davomida viloyatda 20 qavatli IT-park tashkil etish topshirig‘ini berganlar, – dedi mazkur taklifga javoban viloyat hokimi Q.Tursunov. – Hozir ushbu ob’ektni barpo etish bo‘yicha joy tayyorlash ishlari olib borilmoqda. Agar mazkur park faoliyati yo‘lga qo‘yilsa, viloyatdagi IT-sohasiga qiziquvchi yuzlab yoshlarni shu yerga jamlaymiz va bevosita ish bilan ham ta’minlaymiz.

Matbuot anjumanida viloyatdagi bosma nashrlarning iqtisodiy ahvoli masalasi ham o‘rtaga tashlandi. Shuningdek, mazkur yo‘nalishda kelgusida belgilangan ishlar ma’lum qilindi.

Ochiq muloqot yakunida viloyat hokimi barcha jurnalistlarga anjumanda ishtirok etgani uchun minnatdorchilik bildirdi hamda ularning kelgusidagi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi.

Shuningdek, jurnalistlar tomonidan bildirilgan takliflar bir ovozdan ma’qullandi.

Anjuman so‘nggida viloyat hokimi va jurnalistlar o‘rtasida doimiy uchrashuvlar tashkil etishga kelishib olindi.

Otabek ASLONOV,

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy

uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi raisi.