To‘ra BOBOLOV: Yangiliklardan xabardor bo‘lmagan rahbar tashkilotining kelajagini qanday tasavvur qiladi?

2020-01-09T11:09:21+05:009 January, 2020|Umumiy yangiliklar|

Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov ijtimoiy tarmoqlar orqali berilgan savollarga javob berdi. Jumladan savollardan biri majburiy obuna va OAV faoliyati bilan bog‘liq bo‘ldi.

Savol: Surxondaryo viloyati hokimiyati tomonidan “Surxon oqshomi” gazetasiga majburiy obuna o‘tkazilayotganini qanday izohlaysiz?

Javob: – Viloyat hokimligi tomonidan mahalliy hamda Respublika gazeta va jurnallariga obunaning borishi bo‘yicha monitoring olib boriladi. Lekin majburiy tartibda obunani tashkillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilmaydi. Qolaversa, viloyatda “Surxon oqshomi” nomi bilan chop etiladigan gazetaning o‘zi yo‘q.

O‘tkazilgan monitoringlarda ayrim ta’lim muassasalari, tashkilot va idoralar tomonidan biror bir gazeta, jurnalga umuman obuna bo‘lmagan holatlar uchradi. Ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilmagan, amalga oshirayotgan ishlarini yoritmagan, umuman dunyoda bo‘layotgan yangiliklardan xabardor bo‘lmagan rahbar tashkilotining kelajagini qanday tasavvur qiladi?

Ma’lumki, tashkilot, idora va muassasalarning yillik xarajatlar smetasida mahalliy va Respublika gazeta, jurnallariga obunani tashkil etish bo‘yicha mablag‘lar rejalashtiriladi.

Tashkilot va muassasalar tomonidan obuna uchun rejalashtirilgan mablag‘lardan to‘g‘ri foydalanmaganligi oqibatida rahbarlarga nisbatan jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan jazo choralari qo‘llanilmoqda.

Shu o‘rinda, viloyat hokimligi muassisligidagi “Surxon tongi” va “Zarya Surxana” gazetalari birlashgan tahririyati joylashgan eski ta’mirtalab bino rekonstruksiya qilinib, zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangani, barcha tahririyatlarning samarali mehnat qilishi uchun zarur sharoitlar yaratilganini qayd etish lozim.