Davlat xizmatlari markazlari soni oshadi

2020-01-09T11:03:46+05:009 January, 2020|Sirdaryo vil.|

Davlat xizmatlari agentligi Sirdaryo viloyat boshqarmasi tomonidan 2019 yil davomida amalga oshirilgan ishlar, xususan, aholiga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari bo‘yicha ommaviy axborot vositalari va blogerlar uchun matbuot anjumani tashkil etildi.

Unda sohada amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘z yuritildi. Jumladan, Davlat xizmatlari agentligi Sirdaryo viloyat boshqarmasi boshlig‘i Otabek Mavlonberdiev boshqarma va uning hududiy bo‘limlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha ma’ruzasi tinglandi.

Darhaqiqat, Davlat xizmati markazlarining tashkil etilishi aholini turli byurokratik to‘siqlarsiz ishlarini hal etishga qo‘l kelmoqda. Bunday markazlar eng zamonaviy axborot texnologiya vositalari bilan jihozlanganligi, internetga ulanish uchun bepul Wi Fi o‘rnatilganligi eng asosiysi ko‘rsatilayotgan xizmatlarda shaffoflik mezoni ta’minlanganligi sababli, o‘tgan davr mobaynida xalqimiz ishonchini qozondi.

—Davlat xizmatlari yagona reestrida 716 ta xizmat turi belgilangan bo‘lsa, bugungi kunga kelib DXMlar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga 130 turdan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda, — deydi Otabek Mavlonberdiev.—2019 yil yakunida ko‘ra viloyat aholisiga ko‘rsatilgan xizmatlar soni 300 000 dan oshdi. Hududlardagi aholi sonini hisobga olgan holda tuman (shahar) Davlat xizmatlari markazlari tomonidan sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatilib kelinmoqda. Xususan, 2019 yilning 11 oyi davomida viloyat miqyosida sayyor qabullar orqali 10 mingdan ortiq davlat xizmati ko‘rsatildi. Xizmatlar soni oshishi uning sifatiga salbiy ta’sir o‘tkazmasligi lozim. Buning uchun esa, yangi, zamonaviy binolarga ehtiyojlar sezildi. Sayxunobod, Sirdaryo tuman DXM yangi binolari foydalanishga topshirildi, Boyovut, Xovos, Sardoba tumanlarida qurilish ishlari olib borilmoqda, Yangier shahri va Guliston tumanlarida ham yangi binolar qurish rejalashtirilgan.

Anjumanda jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.

Dilorom Ismadiyorova