So‘z erkinligiga tayyor bo‘lish emas, unga taqiq qo‘ymaslik kerak

2020-01-08T16:15:39+05:008 January, 2020|Hafta maqolasi|

Hali bunga tayyor emasmiz! Uzoq vaqt shu fikrga tayandik, ishondik, amalda qo‘lladik ham. Tabiiyki, erkin so‘z, achchiq haqiqatning zalvori har doim ham, hammaga ham yoqavermaydi. Ana shu haqiqatni yoqtirmaydiganlar tomonidan o‘ylab topilgan bu aqida siyosat darajasiga qadar ko‘tarildi. Xalqimiz hali erkin so‘z aytish darajasida emas, deya qat’iy ishonganlar qatlami paydo bo‘ldi jamiyatda, ular haliyam bor, inkor etolmaymiz.

Ayniqsa, so‘z aytish, fikrini bemalol ifoda etish imkoni berilgan payti ularning bir chekkadan turib «ana, ko‘rdilaringmi, nima degandik, bu odamlarimiz erkin fikr aytaman deb, haqiqiy basharasini ko‘rsatib qo‘yayapti», deb piching qilishdi, ta’na toshlarini otishdi. Kimdir hadik bilan, birov aniq maqsad bilan, yana kimdir tushunib-tushunmay gapiraverdi. Aytilmagan fikrlar qolmadi hisobi, hamma o‘z darajasidan kelib chiqqan holda so‘zlayverdi. Hadik shunda ediki, bu so‘zlarimizga javob berishga to‘g‘ri kelmasmikan, hech kim bizni zimdan kuzatib bormayotganmikan?.. MAQSADLILAR endi jim qarab turib bo‘lmaydi, o‘zgarishni istasak, gapiramiz, haqiqatni yozamiz, deyishyapti, TUShUNIB-TUShUNMAGANLAR esa ulardan ortda qolmasak bo‘ldi, nimadir shov-shuv, odamlar e’tiborini tortadigan gap aytib olishimiz kerak, axir, degan umidda gapiryapti, so‘zlayapti.

Davlatimiz rahbari ham MAQSADLILAR tarafida bo‘lib, har bir chiqishida shaffoflik, ochiqlik haqida gapirmoqda, ommaviy axborot vositalari, jamoatchilik fikriga tayanishini ta’kidlamoqda. Prezident Sh.Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 27 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida ham bu masala tilga olindi.

«Bugungi kunda xalqimiz orasida yurib, uni qiynayotgan ijtimoiy muammolarni ko‘rsatib berayotgan eng katta kuch – bu mustaqil va xolis ommaviy axborot vositalari vakillaridir.

Demokratik islohotlarimiz natijasida ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar mansabdor shaxs­larni o‘z ishini qonuniy asosda to‘g‘ri tashkil etishga undamoqda. Shu sababli ham davlat organlari faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni jamoatchilikka to‘liq va tezkor yetkazish maqsadida ularning har birida matbuot xizmati ish boshladi. Aslida, demokratik jamiyatda barcha davlat xizmatchilari OAV bilan yaqin ijtimoiy hamkorlik qilishga o‘rganishi kerak».

Haqiqatan, so‘z erkinligini ta’minlashga qaratilgan islohotlar jamiyatda tub burilish yasadi. Qaysi ma’nodaki, eng avvalo «Biz hali bunga tayyor emasmiz!» degan qarashlarni tamoman sindirib tashladi. So‘z erkinligiga tayyor bo‘lish emas, unga taqiq qo‘ymaslik kerak ekan.

E’tibor bering, bundan bir-ikki yil avval ijtimoiy tarmoqlarda ham, qayerdaki so‘z aytish imkoni tug‘ilgan maydonda turli-tuman fikrlar bildirildi. Bilib-bilmay, atayin, qasddan aytilgan so‘zlarning keti uzilmadi. Bugun bu holat ancha tin oldi. Endilikda asosli tanqidiy fikrlar foizi tobora oshib borayotir. Bu holat oson yuz bermadi. Tanqidga javob yozish tugul o‘z faoliyatini xolis sarhisob qilishni istamaydigan tashkilotlar ham internetda, ijtimoiy tarmoqlarda «paydo bo‘la boshladi». Asosli tanqidlarda ko‘tarilgan masalalar hal etilmoqda. Noto‘g‘ri fikrga nisbatan fikr aytildi, jaydariroq qilib aytganda, noxolis fikrlaydiganlarning, kimningdir sha’niga tegish maqsadida aytilgan so‘zlarning payi qirqildi. To‘la qirqildi, deyish biroz noo‘rin. Sababi, turfa fe’lli insonlarni o‘zgartirish mushkul bo‘lganidek, hasad, ikkiyuzlamachilik kabi illatlarni batamom yo‘qotish qiyin. Ammo muhimi, odamlarda har qanday fikrga ishonish, ergashib ketaverish kerak emas, degan tushuncha shakllanmoqda.

Ahamiyatli jihati, ommaviy axborot vositalarida chop etilgan tanqidiy maqolalarga munosabat bildirish tajribasi qayta shakllandi. Bugun qaysi boshqarma, tashkilot axborot xizmati rahbari bilan gaplashmang, «har kuni bitta tanqid bor-a. Tepadan buyruq kelyapti bizga, uning har biriga munosabat bildirishimiz kerak. Axir bu qancha vaqtimizni olyapti», deb nolib qo‘yishadi. Munosabat bildirish ularning asosiy vazifasi ekanligini hali axborot xizmati vakillari yanayam yaxshiroq tushunib oladi, degan umiddamiz.

Yaqinda Prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan OAVda e’lon qilingan tanqidiy chiqishlarga munosabatlarning raqamli jadvali e’lon qilindi. Aytish kerakki, raqamlarda, ya’nikim, munosabatlarda ijobiy tomonga siljish bor, hatto bir necha oy avvalgi holat bilan taqqoslanganda jiddiy tafovutlar mavjud. Bu quvonarli, albatta.

Faoliyatimiz davomida ham bu holatni sezib turibmiz. Yaqinda Zarnews.uz saytida viloyatdagi tug‘ruqxonalarda elektr energiyasi bilan bog‘liq muammoni e’lon qilganimizda, besh daqiqadayoq tegishli vazirlikning munosabati berilgani ham shu islohotlarning natijasi bo‘lsa ajabmas. Bunday misollar son-sanoqsiz. Nafaqat ommaviy axborot vositalari, hatto ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan kichik chiqishlargacha munosabat bildirilayotir. Ehtimol, bu munosabatlarning barchasi ham yetarli darajada emasdir. Ammo muhimi ular bor va bo‘lishi davom etmoqda. Shuning o‘zi ham katta marra. Yanayam asosiysi, keyingi marralar uchun yo‘l to‘silgani yo‘q.

Gulruh MO‘MINOVA.

Manba: «Zarafshon» gazetasi.