Bloger nega 15 sutkaga qamaldi?

2020-01-08T08:22:44+05:008 January, 2020|Hafta maqolasi, Umumiy yangiliklar|

O‘tgan haftada ijtimoiy tarmoqlarda va ayrim xorijiy radiokanallarda Otabek Nuritdinov taxallusi bilan faoliyat yuritib kelgan andijonlik bloger Abdufatto Nuritdinovning 15 sutkaga qamalgani ko‘p bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.

Xo‘sh, A. Nuritdinov 15 sutkaga nega qamaldi? U nima ayb qilgan edi? Yo bu holat to‘g‘ri so‘zning to‘qmog‘i edimi?

Axir, Prezidentimiz ommaviy axborot vositalari xodimlarining erkin faoliyat yuritishi, fikr bildirishi, voqea va hodisalarga o‘z munosabatini bayon etishda shaffoflikni ta’minladi. Shu bilan birgalikda, blogerlik faoliyati qonunda belgilanganidek, jurnalistning ish yuritishidan farq qiladi. Blogerga jurnalist tekshiruvi o‘tkazish, korxona va tashkilotlardan hujjat talab qilish huquqi berilmagan. Shunga qaramay, qaerda nohaqlik bo‘lsa haqiqatni qaror toptirish uchun o‘z munosabatini ommaviy axborot vositalari orqali bildirishga haqli.

Huquq tartibot organlari O.Nuritdinovni aybdor topgan bo‘lsa, blogerning advokati va keng jamoatchilik uning harakatlarida amaldagi qonunchilikka xilof hech qanday harakat sodir etilmaganini ma’lum qilishmoqda.

Qo‘yilgan ayblov xulosasiga e’tibor qaratsak, tuhmat, haqorat va mayda bezorilikda ayblangan bloger ishi 2019 yilning 30 dekabrь kuni Andijon viloyati Ma’muriy sudi sudьyasi D. Xalilov raisligida ko‘rib chiqildi. Sud qaroriga asosan A.Nuritdinovga O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 40- va 41-moddalari bilan bazaviy hisoblash miqdorining 60 baravari miqdorida jarima jazosi, 183-moddasi bilan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangandan tashqari, sudning qaroriga asosan A.Nuritdinovni jazoni o‘tashda har bir kuni uchun 33 450 so‘m miqdorida, jami 501 750 so‘m qamoqda saqlash xarajatlari undirilishi belgilangan.

Albatta, qonun hamma uchun barobar. Sud qarori odillik mezonidir. Lekin…Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimiz qonunchiligida sudlarni libirallashtirish, nizoga borgan ikki tomonni yarashtirish choralarini ko‘rish allaqachon amaliyotga joriy etilgan. Axir kim xato qilmaydi deysiz, “Qars ikki qo‘ldan chiqadi”, degan gap ham bor, bu erda birgina bloger aybdormikin, balki shikoyatchi shaxslarda ham ayb bordir. Sud ajrimidagi guvohlar faqat blogerning ustidan shikoyat qilganlar ekan. O.Nuritdinovning advokati: «Sudьyadan birinchi bosqich sudining chiqargan ma’muriy qarorini bekor qilib, ishni harakatdan tugatib, A.Nuritdinovga nisbatan tuhmat bilan ariza yozganligi uchun shikoyatchilarga qonuniy chora ko‘rishni talab qildim. Buni asoslab ham berdim, mana shuncha guvohlar, inobatga olishmadi.

Bu erda protsessual qoidabuzarliklar juda ko‘p bo‘ldi. Birinchidan, sud majlisi ochiq deb e’lon qilindi, ochiq deb e’lon qilinishi bilan sudьya o‘zining kimligini, sud tarkibini tanishtirmasdan turib videokamerani kiritish bo‘yicha iltimosnomaning muhokamasiga o‘tib ketdi. Undan so‘ng men «ism-familiyangizni yozib qo‘yay», deganimdan keyin o‘zining shaxsi to‘g‘risida ma’lumot berdi. Protsessual qoidabuzarliklar juda ko‘p, bu qonun bo‘yicha qabul qilingan sud qarorining bekor bo‘lishiga yuz foizlik asos bo‘ladi”, degan gapi inobatga olinmagan.

Sudda keltirilgan dalillarda Asaka tumani hokimi E.Yakubov, Asaka tumanidagi 27-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori M.Isaqova va Andijon viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i F.Buzrukovlarning yozma shikoyat arizalari ko‘rsatilgan. Unda F.Buzrukovga nisbatan Abdufatto Nuritdinov 2019 yil 7 oktyabrь kuni: «Oxirgi paytlarda Andijon viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i F. Buzrukovdan shikoyatlar ko‘paymoqda, yaqin kunlarda ushbu oyog‘i erdan uzilgan amaldor haqida maqola chiqarib, erga tushirib qo‘yamiz, sen xalqni nazaringga ilmasang, xalq ham seni nazarga olmaydi, hech kimmasligingda, onang tengi ayollarga paxtada kishan solmoqchi bo‘lganding, tasavvur qilgin 33 million aholi bittadan tuflasa ham tupugiga cho‘kib o‘lasan, oynaga bir qaragin, yaxshilab e’tibor berib qaragin», deya yozgan o‘z profilida. Albatta, bunday qupol muomala milliy madaniyatimizga to‘g‘ri kelmaydi. Lekin blogerning kishan solish voqeasiga izoh berilmagan. Kishanlanishi kerak bo‘lgan ayolning fikri keltirilmagan.

Shuningdek, fuqarolar M.Isaqova o‘zining shikoyatida bloger joriy yilning 18 oktyabrь kuni uning shaxsiyatini sharmanda qiluvchi uydirmalar tarqatib, u va uning jamoasini «korruptsion o‘choq», deb tuhmat va haqorat qilinganligini bildirgan.

Ammo, bloger ularni nega “korruptsion o‘choq”, degan? Bu gap nechog‘li haqiqat, yo yolg‘on? Bu ham ochiq qolgan. Ma’lum bo‘lishicha, aybdor O.Nuritdinov sudda o‘z aybini umuman tan olmagan.

Abdufatto Nuritdinov asli 1983 yilda Surxondaryo viloyati, Sariosiyo tumanida tug‘ilgan, hozirda Andijon viloyati Asaka shahri, Ibn Sino mahallasi, Shinam ko‘chasida yashaydi. Hech joyda ishlamaydi. Facebook’da Otabek Nuritdinov nomi ostida akkaunt yuritadi. U feysbukda Andijon viloyati ijtimoiy sohalaridagi kamchiliklar haqida yozib kelgan. Tizim rahbarlari haqida keskin fikrlar bildirib, xalq ta’limi, elektr tarmog‘i, issiq suv ta’minoti hamda yo‘l muammolari va shunga o‘xshash masalalarda kamchiliklarni ko‘rsatib, tanqidiy postlar qo‘yib, bloger sifatida tanilgan.

So‘nggi kunlarda u Jalaquduq tumanida yashovchi aholi vakillarining 22 dekabrь kuni o‘tkazilgan saylovlar natijasidan noroziligi ifodalangan videolavhalarni ulashgan.

O.Nuriddinov advokati arizasiga binoan 2019 yil 4 yanvarь kuni Andijon viloyat ma’muriy sudi kassatsiya instantsiyasida ko‘rib chiqilgan ochiq sud majlisida unga nisbatan chiqarilgan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi o‘zgarishsiz qoldirildi.

Respublika Oliy sudi matbuot xizmati rahbari Aziz Obidovning munosabat bildirishicha, sud ushbu ma’muriy ish materiallarini har tomonlama va to‘liq o‘rgangan holda A. Nuritdinovning kassatsiya tartibida berilgan shikoyatini rad qilib, qanoatlantirmasdan, Andijon viloyat ma’muriy sudi tomonidan 2019 yil 30 dekabrdagi unga nisbatan chiqarilgan qarorni o‘zgarishsiz qoldirish haqida qaror qabul qilinn.

Ijtimoiy tarmoqlarda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, jumladan, blogerning onasi Matlubaxon Qo‘rbonova:

—Otabekni 30 dekabrь kuni Asaka tuman moliya bo‘limiga, «Siz so‘ragan hujjatlar tayyor bo‘ldi», deb chaqirishgandi. U borsa, unga o‘sha erdagi xodimlardan biri: «Mana sen so‘ragan ma’lumotlar», deb betiga otibdi. Otabek, «Nima qilyapsizlar?» — desa moliya bo‘limidagilar janjal ko‘tarishgan. So‘ng Otabekni, mayda bezorilik, haqoratda ayblab, mashinaga solib, IIBga olib kirib ketishibdi. Menga bu haqda o‘sha erda bo‘lgan moliya xodimlaridan biri gapirib berdi…

Ochiq aytish zarur, aniq dalil va faktlarga ega bo‘lmasdan kimnidir yomonotliq qilish, tuhmat qilish, eng yomoni, har qanday holatda odob-axloq qoidalariga amal qilish o‘rniga do‘q-po‘pisa, dag‘dag‘a va haqoratli so‘zlar ishlatishga hech kimning haqqi yo‘q. Ha, shu jumladan, blogerning ham!

Bu oddiy haqiqatni bugun o‘zlarini bloger deb sanovchi ko‘plab yurtdoshlarimiz unutib qo‘yishayotgani bor gap. Nega shunday?

Ehtimol ularda, birinchi navbatda, huquqiy bilim, savod va ma’lumotning etishmayotganligidan emasmikin?

Ammo… bilim darajasi har tomonlama binoyidek blogerlar yo‘q emas.

Yusuf JO‘RAEV.

Tahririyatdan: Yuqoridagi kuzatuvimiz bilan biz qat’iy xulosa qilish fikridan yiroqmiz. Ha, garchi sud qaroriga ko‘ra bloger O.Nuritdinov aybli topilgan bo‘lsa-da, sudning ajrimi nechog‘li adolatli kechdi? Nega unda O.Nuritdinov o‘zini hamon aybsiz sanamoqda? Yoki jamiyatdagi ayrim kamchilik va muammolarni yoritib kelgani uchun o‘ch olindimi?… Hozir bir narsa deyish oson emas. Nima bo‘lganda ham so‘z erkinligi, ochiqlik siyosati mustahkamlanayotgan bir paytda yuqoridagi holat kishini o‘ylantiradi. Shu bois biz imkoni bo‘lsa, kelgusida bloger O.Nuritdinov bilan “Aslida nima bo‘lgan edi?” degan mavzuda suhbat uyushtirish niyatidamiz. Albatta, qarama-qarshi tomonlarning fikrlari ham e’tiborga olinadi.

Manba: «Hurriyat» gazetasi.