Vazirlar Mahkamasi muassisligida “Yangi O‘zbekiston” gazetasi ta’sis etildi

2020-01-07T06:45:17+05:007 January, 2020|Umumiy yangiliklar|

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, “Pravda Vostoka” gazetasi tahririyati” davlat korxonasi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining taklifi bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi muassisligida “Yangi O‘zbekiston” gazetasi ta’sis etildi.

Qarorda keltirilishicha, nashr “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ijrosini ta’minlash, xalqimiz hamda xalqaro jamoatchilik tomonidan “Yangi O‘zbekiston”, deb e’tirof etilayotgan mamlakatimizdagi bunyodkorlik va yangilanishlarni asl mazmun mohiyati va ahamiyati haqida xolis xabarlarni aholining barcha qatlamlariga hamda jahonga tezkor va sifatli yetkazish, yurtimizning global axborot maydonidagi o‘rnini mustahkamlash, nufuzini yuksaltirish maqsadida tashkil etilmoqda.

Shuningdek, hujjatga muvofiq, “Pravda Vostoka” gazetasi tahririyati” davlat korxonasi nomi “Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati” deb o‘zgartiriladi hamda ikkala gazeta bitta tahririyatga birlashtiriladi.

“Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati” davlat korxonasi xodimlarining umumiy cheklangan soni 122 nafar, shu jumladan boshqaruv xodimlarining soni 15 nafardan iborat bo‘ladi.

Gazetalar bosh muharriri Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi. Bosh muharrirning birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlari bosh muharrir tomonidan Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.

Bosh muharrir maqomi mehnatga haq to‘lash, moddiy rag‘batlantirish, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish shart-sharoitlariga ko‘ra vazirning birinchi o‘rinbosari, uning birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlari vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi.

Tahririyat Toshkent shahar, Mirobod tumani, Matbuotchilar ko‘chasi, 32-uy manziliga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi.

Shuningdek, tahririyatning viloyatlardagi mintaqaviy muxbirlik punktlari tashkil etish uchun viloyat markazlaridan zarur shart-sharoitlar yaratiladi.

2020 yil 1 iyulga qadar foydalanuvchilar uchun qulay matn, audio va video axborot tarqatish, tarqatilayotgan axborotlarni tijorat yo‘li bilan yuklab olish imkoniyatlariga ega bo‘lgan Tahririyatning yangilangan axborot portali ishga tushiriladi.

Bundan tashqari tahririyat Vazirlar Mahkamasi qarorlari, farmoyishlari, vazirliklar va idoralarning normativ-huquqiy hujjatlari hamda rasmiy statistik to‘plamlari, shu jumladan ularning elektron shakllari majburiy ravishda yuboriluvchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritiladi.

Manba:O‘zA