G‘ofurjon MIRZAYEV: Sirdaryoning eshiklari jurnalistlar va blogerlar uchun hamisha ochiq

2020-01-06T12:44:18+05:006 January, 2020|Umumiy yangiliklar|

Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev ijtimoiy tarmoqlar orqali berilgan savollarga javob berdi. Bu haqda uza.uz sayti ma’lum qildi. Savollardan biri jurnalist va blogerlar faoliyatiga doir bo‘ldi.

Savol:

— Hokim sifatida viloyatdagi jurnalist va blogerlarga munosabatingiz qanday?

Javob:

— Viloyatdagi jurnalist va blogerlarga munosabatim hamisha do‘stona bo‘lib kelgan. Do‘st achitib gapiradi deganlaridek, jurnalistlarni va blogerlarni hamisha haqiqatgo‘yliklari, adolatparvarliklari uchun hurmat qilaman. Jurnalistlar tabiatan to‘g‘riso‘z va samimiy bo‘lishadi. Adolatparvar bo‘lmagan odam hech qachon jurnalist bo‘lolmaydi, so‘zning orqasidan non topib yeyaolmaydi, o‘z kasbini sharaflay olmaydi. Chunki, jurnalistika yolg‘onni yoqtirmaydi.

Viloyatimizdagi jurnalist va blogerlar bilan tez tez ko‘rishib turaman, nazarimdan chetda qolgan narsalarni ulardan bilib olaman. Ular bilan fikrlashaman, maslahatlashaman. Yaqinda Respublikamizning Markaziy nashrlarida, saytlarida, telegramm kanallarida, gazeta jurnallarida xizmat qiluvchi saksonga yaqin jurnalist va blogerlar viloyatimizning hamma tuman va shaharlarida bo‘lishdi. Ularning tashriflaridan juda xursand bo‘ldim. Ularning taklif va mulohazalari, samimiy tilaklari, menga juda ma’qul keldi. Sirdaryoning eshiklari jurnalistlar va blogerlar uchun hamisha ochiq.