Reklamadagi behayo sahnalar nega nazoratdan chetda qolyapti?

2020-01-06T08:14:18+05:006 January, 2020|Hafta maqolasi, Umumiy yangiliklar|

Ko‘pchilik ishdan qaytgach, oila davrasida, bir piyola choy ustida miriqib televizor ko‘rishni xushlaydi. Kimdir axborot dasturlari orqali so‘nggi yangiliklarni kuzatsa, yana birov kino hamda seriallar ishqibozi. Shunday vaqtda ko‘rsatuv yoki filьm o‘rtasida efirga uzatiladigan turli reklama roliklari esa anchagina noroziliklarga sabab bo‘lishi hech kimga sir emas. Buni ma’lum ma’noda bozor iqtisodiyoti sharoitida pul topishning o‘ziga xos usuli deyish mumkin. Lekin milliy mentalitetimizga zid, farzandlar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan holatlarni qanday izohlashga hayronsan kishi.

Masalan, turli gigienik vositalar reklamasini kuzatadigan bo‘lsak, ulardagi ochiqdan-ochiq sahnalar, aktyorlarning g‘arbona kiyinishi, ishlatilayotgan iboralarning sharqona odob-axloq me’yorlariga zid ekani yosh avlod tarbiyasiga befarq bo‘lmagan har qanday odamni o‘yga toldirishi aniq. Qolaversa, reklama uzatishning boshqa vositalarida ham hal etilishi kerak bo‘lgan muammolarimiz talaygina.

Aslida bugun yurtimizda reklama bozori qay tartibda nazorat qilinadi? Omma e’tiboriga havola etilayotgan mahsulotlar to‘g‘risidagi axborotlarga qo‘yiladigan talablar qanday? Ularni ishlab chiqarish va taqdim etishda iste’molchilarning xavfsizligi masalasiga qanchalik e’tibor qaratilyapti?

Cheklovlar xorijiy investorlarni jalb qilishga ta’sir ko‘rsatadimi?

— 2019 yil 11 sentyabrda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tarkibida Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tashkil etildi, — deydi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi Reklama faoliyatini nazorat qilish boshqarma boshlig‘i Dilshod Azimov. — Bu agentlik «Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish» va «Reklama to‘g‘risida»gi qonunlar nazoratini olib boruvchi, tekshirish huquqiga ega bo‘lgan davlat organi hisoblanadi. Asosiy vazifamiz, reklama bozorini tartibga solishdan iborat.

Yaqinda Toshkent va Samarqand shahrida narkotik moddalarning tashqi reklamasi chiqib ketdi. Norozilik shunchalar ko‘payib ketganidan u o‘sha kunning o‘zidayoq olib tashlandi. Gigienik vositalar reklamasi bo‘yicha esa shu vaqtgacha hech kim e’tiroz bildirmadi. Demak, ma’naviyatga zid holat yo‘q. Bizda bunday vositalarni reklama qilishga hech qanday taqiq qo‘yilmagan. Qolaversa, aktyor shunday ko‘rinishda chiqsin, mana bunday kiyinsin, degan qolipning o‘zi mavjud emas. Reklamalarni qandaydir cheklovlar asosida tayyorlash yurtimizga xorijiy investorlarni jalb etishga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Lekin ishlab chiqaruvchilarga biror mahsulot haqidagi ma’lumotni san’at darajasida, milliy mentalitetimizni hisobga olgan holda taqdim etishni tavsiya qilamiz. Biror reklamani ma’naviyatga zid, deb baholash uchun Ma’naviyat va ma’rifat markazi, «Nuroniy» jamg‘armasi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi, Xotin-qizlar qo‘mitasi kabi hamkor tashkilotlarning shu haqdagi xulosasini bilishimiz kerak. Ba’zan xorijiy telekanallardagi reklamani hech qanday o‘zgarishsiz efirga uzatish holatlari ham uchrab qoladi. Ularni ham o‘zimizga moslashtirib, noo‘rin sahnalarini qisqartirib berish maqsadga muvofiqligi ko‘p ta’kidlanadi.

Ikki oydan buyon o‘zgarish yo‘q

Xo‘sh, mazkur masalaga Ma’naviyat va ma’rifat markazining munosabati qanday? Qanday reklamalarni milliy mentalitetimizga zid deb topishadi? Bildirilgan e’tirozlar o‘zining ijobiy echimini topyaptimi?

— Markaz tomonidan doimiy ravishda reklamalarning milliy mentalitetimiz bilan nechog‘li uyg‘unligi tahlil etib boriladi, — deydi Ma’naviyat va ma’rifat markazi ilmiy-ekspertiza bo‘limi mutaxassisi Olmagul Yoqubova. — Oynai jahonni oilaning barcha a’zolari birgalikda ko‘rishi hisobga olinsa, efirga uzatilayotgan gigienik vositalarning ochiqdan-ochiq reklamasi, o‘zbekona qadriyatlarimizga mos bo‘lmagan xatti-harakatlar yoshlar tarbiyasiga o‘z salbiy ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmaydi. Ayniqsa, xususiy telekanallar orqali efirga uzatilayotgan shunday axloqqa zid ko‘rinishlar borasida juda ko‘p e’tirozlar bildirilgan.

Shu bilan birga, 2019 yil davomida tashqi reklamalar borasida 8 marta monitoring o‘tkazildi. Aniqlangan salbiy holatlar bo‘yicha kerakli tavsiyalar ishlab chiqib, mutasaddi tashkilotga taqdim etilgan. Mana, yaqinda poytaxtimizning Yakkasaroy tumanidagi Usmon Nosir ko‘chasida joylashgan mebelь ishlab chiqaradigan korxonaning tashqi elektron reklamasidagi «Xotin eski bo‘lsa bo‘lsin, mebelь eski bo‘lmasin», degan iborasiga tanqidiy fikr bildirildi. Shunday keyin u o‘zgartirildi. Yana bir peshlavhada «Ya xochu. . . », deb yoniga bir ayolning karikatura ko‘rinishidagi surati chizilgan. Unga nisbatan bildirilgan e’tirozlar ikki oydan buyon o‘zgarishsiz qolmoqda. Iboralarning shu tarzda tag ma’no bilan berilishi axloqqa zid holat, albatta.

Ayniqsa, davlat tiliga nisbatan xorijiy tillardagi e’lonlar soni kundan-kunga ko‘payib boryapti. Nazarimizda, 1998 yilda qabul qilingan «Reklama to‘g‘risida»gi qonunni qayta ko‘rib chiqish zaruriyati tug‘ilmoqda. Unda reklamadagi yozuvlar davlat tilida yozilishi kerakligini belgilab qo‘yish maqsadga muvofiq.

Endi reklamalar faqat davlat tilida beriladimi?

Til — millatning o‘ziga xos xususiyatlarini ko‘rsatib beruvchi asosiy vosita sanaladi. Nazarimizda, reklama tayyorlashda ham shu jihat inobatga olinsa, yuqorida tilga olingan muammolarga biroz bo‘lsa-da, echim topilarmidi. . .

— Hozirgi vaqtda O‘zbekiston Respublikasida reklama ixtiyoriy tilda berilishi mumkin, — deydi D. Azimov. — Bu borada turli fikr-mulohazalar, e’tirozlar yuzaga kelgani sabab MDH davlatlari tajribasini ko‘rib chiqdik. O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, Gruziya, Rossiya Federatsiyasi, Ukraina va shu kabi boshqa ko‘plab mamlakatlarda barcha reklamalar davlat tilida berilar ekan. Shundan keyin biz ham «Davlat tili to‘g‘risida»gi qonundan kelib chiqib, reklamalar, asosan, o‘zbek tilida berilishi kerak, degan taklif bildirdik. Ammo reklama beruvchi o‘z xohishiga ko‘ra, parallel ravishda yana biror qo‘shimcha tilni tanlashi mumkin. Ingliz, qozoq, tojik va boshqa tillardagi ommaviy axborot vositalari esa reklamani o‘zi ro‘yxatdan o‘tgan tilda bersa bo‘ladi.

Yangi yildan qanday yangiliklar kutilmoqda?

— Xabaringiz bor, «Reklama to‘g‘risida»gi qonun 1998 yilda qabul qilingan, — deydi Dilshod Azimov. — Vaqt o‘tishi va axborot tarqatishning yangi vositalar paydo bo‘lishi bilan mazkur hujjatga ayrim o‘zgartirishlar kiritish ehtiyoji paydo bo‘ldi. Shu maqsadda uning yangi tahriri ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, 2020 yilda tashqi reklama joylashtiriladigan er maydoni auktsionda sotiladi. Turistlarning maroqli hordiq chiqarishini ta’minlash maqsadida reklama qo‘yilmaydigan tarixiy obidalar hududi ajratib olinadi.

Yangi qonun loyihasida odob-axloq me’yorlaridan chetga chiqmaslik bo‘yicha tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lgan takliflar ishlab chiqish ham nazarda tutilgan. Tanqidga sabab bo‘lgan reklamalarni saytimizga joylashtirib, iste’molchilarning munosabatini o‘rganamiz. E’tirozli jihatlar esa reklama beruvchiga tushuntiriladi. Qolaversa, yurtdoshlarimiz yangi tashkil etiladigan telegramm botdagi (saytda e’lon qilinadi) manzilimizga o‘z fikr va mulohazalarini yuborishi mumkin. Qonun buzilish holatlari bo‘yicha, albatta, chora ko‘riladi.

Shahnoza RAHIMXO‘JAEVA.

Manba: «Mahalla» gazetasi