Dabdaba… shu bilan tamom(mi?)

2020-01-06T05:51:54+05:006 January, 2020|Hafta maqolasi, Umumiy yangiliklar|

Oliy Majlis Senatining «To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risida»gi qarori kuchga kirdi.

Xo‘sh, mazkur qaror shu davrgacha turli «urf-odatlar» bilan boyib kelgan dabdababozlikning tub ildiziga bolta ura oladimi? Unga boy-u kambag‘al, amaldor-u ishchi birdek amal qiladimi? Qarorda barchaning manfaati hisobga olinganmi? U tadbirkordan tortib, to‘y egasigacha naf keltiradimi? Umuman, hujjat ijrosi yuzasidan joylarda qanday ishlar amalga oshirildi?
Biz shu kabi savollarga javob izlab, ayrim to‘yxonalarda bo‘ldik, jamoatchilik fikri bilan qiziqdik…

«Tadbirkorda ayb yo‘q, hamma ayb qarorda»

Aksariyat yurtdoshlarimiz qarorni ma’qullashmoqda. Ular BAXT ortiqcha hasham va dabdabalar bilan o‘lchanmasligini anglab yetmoqda. Misqollab yiqqan-terganini bir kunlik hoyu havasga emas, balki farzandlarining kelajagiga sarflasa, maqsadga muvofiqligini tushunmoqda. Lekin tanganing ikki tomoni bo‘lganidek, mazkur qaror ijrosidan xavotirga tushayotganlar ham yo‘q emas. Ular to‘y-hashamlarda odam soni qisqartirilishi oqibatida to‘yxonalarning narx-navosi oshib ketadi, deb o‘ylashmoqda.
Ushbu holatga oydinlik kiritish uchun bir nechta to‘yxona egalari bilan suhbatlashdik. Ular ham tejamkorlik tarafdori. Ammo narx masalasida hozircha bir to‘xtamga kelishgani yo‘q. Aksariyat to‘yxonalar yanvar oyi uchun buyurtma qabul qilmayapti. Kimdir kommunal to‘lovlarning qimmatligini aytsa, yana boshqasi davlatdan katta krediti borligini ma’lum qildi. Ayrim to‘yxona egalari esa yangi qaror tufayli narx-navo biroz ko‘tarilishini bildirishdi.
– To‘yxonamiz ishga tushganiga hali bir yil bo‘lmadi, – deydi poytaxtimizdagi nufuzli to‘yxonaning egasi. – Davlatdan katta kredit olib, ushbu to‘yxonani qurganmiz. Albatta, biz ham ortiqcha dabdababozlikka qarshimiz. Lekin odam soni cheklangani bilan narx-navo o‘zgarmaydi. Chunki, bitta to‘yda o‘sha-o‘sha gaz, o‘sha-o‘sha suv, o‘sha-o‘sha elektr toki ishlatamiz. Ishxonamizdagi yigirma nafardan ortiq xodimga oylik maosh berish kerak. Bundan tashqari, kommunal va kredit to‘lovlari bor. Mas’ullar men kabi tadbirkorlarning xarajatlarini ham inobatga olishi kerak. Masalan, kredit yoki kommunal to‘lovlarda qandaydir imtiyozlar joriy qilinishi lozim. Hech bir tadbirkor zarar uchun ishlamaydi. Qisqasi, yangi tizim bizga ham to‘y qilayotgan fuqaroga ham naf keltirishi kerak.
To‘y-hashamlar har bir hududda turlicha o‘tkaziladi. To‘yxonalarning narx-navosi ham poytaxtda boshqacha, viloyat va tumanlarda o‘zgacha. Masalan, azim kentda to‘yxonalarning narxi kishi boshiga taxminan 100-200 ming so‘m atrofida bo‘lsa, viloyat va tumanlarda bir kunlik to‘yning sarf-xarajati taxminan 6 million so‘mdan 15 milliongacha. Ularning odam sig‘imi ham turlicha – 400 nafardan 1000 nafargacha.
– Katta farzandimni uylantirish arafasidaman, – deydi parkentlik Sabriddin Kamolov. – Tumanimizdagi to‘yxonalarga bordim. Yangi qaror bo‘yicha 250 kishilik joy buyurtma qildim. Odam qancha kam bo‘lsa, to‘yxona shuncha arzon bo‘ladi, deb o‘ylagandim. Lekin chuchvarani xom sanagan ekanman. Bunday bo‘lib chiqmayapti. Odam soni cheklansa-yu, to‘yxonaning narx-navosi o‘sha-o‘sha bo‘lsa, bundan bizga nima naf? 250 nafar mehmonga ham, 500 nafariga ham birdek xarajat qiladigan bo‘lsak, odam sonini cheklashdan muddao nima? Axir, qarordan ko‘zlangan asosiy maqsad ortiqcha chiqim va isrofgarchilikning oldini olish emasmi?
Ko‘rinib turganidek, bu borada har ikki tomon ham haq. Tadbirkorga qandaydir imtiyoz berilsa, u jon-jon deb narx-navoni arzonlashtiradi. Odam soni qancha kam bo‘lsa, shuncha arzon bo‘lishini bilgan fuqaro esa albatta, to‘yga kam odam aytadi.

Savdo-sanoat palatasi javobgar(mi?)

Yangi to‘y mavsumini tegishli tashkilotlardan tarkib topgan ishchi guruh nazorat qilishi kerak. Xo‘sh, bu borada ular qanday ishlarni amalga oshirdi?
– Qaror ishlab chiqilayotgan vaqtda bu masala bilan bog‘liq hamma jihatlar e’tiborga olingan, – deydi To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini muvofiqlashtirish bo‘yi­­cha Respublika komissiyasining ishchi guruhi bosh maslahatchisi Azizbek Turdiyev. – Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi, «Nuroniy» jamg‘armasi, Xotin-qizlar qo‘mitasi va yana bir qator mutasaddi tashkilotlar tomonidan Nizom qabul qilingan. Ushbu Nizomga binoan, har bir hudud o‘z salohiyatidan kelib chiqqan holda ichki nizom ishlab chiqadi va shu asosda ish ko‘radi. Xususan, odam soni qisqartirilishi munosabati bilan to‘yxonalarning narxi oshib ketishining oldini olish Savdo-sanoat palatasi zimmasiga yuklatilgan. Ular bu borada doimiy monitoring olib boradi.
Savdo-sanoat palatasining matbuot kotibi bilan bog‘landik. Ular bu borada qilingan ishlarni o‘rganib, so‘ng bizga qo‘ng‘iroq qilishini ma’lum qildi. Ammo na qo‘ng‘iroq, na ma’lumotdan darak bo‘ldi. Demak, hammasi tushunarli… Agar Savdo-sanoat palatasi o‘ziga tegishli vazifa bo‘yicha biror ish bajarayotgan bo‘lganida edi, matbuot kotibi qilingan ishlar xususida gapirib bergan bo‘lardi…

Jarimalarni kim undiradi?

Nizomda to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazish tartibini buzgan shaxsga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorida (taxminan 2 million 230 ming so‘m) jarima solinishi belgilangan.
To‘yxona, kafe va restoranlarning mansabdor shaxs­lari tomonidan talab­lar buzilganida esa bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravari miqdorida (taxminan 6 million 690 ming so‘m) jarima solinadi. Agar bu huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida tak­ror sodir etilsa – bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorida (taxminan 11 million 150 ming) jarima solishga sabab bo‘ladi.
Afsuski, ayrim mahalla raislari tartibni buzgan fuqarolar bilan qanday tartibda, kim tomonidan bayonnoma tuzilishi haqida zarur ma’lumotga ega emas. Demak, qaror yuzasidan joylardagi mahalla raislari va faollari bilan yetarlicha tushuntirish ishlari amalga oshirilmagan.

Qog‘ozdagi amalga ko‘chsa…

Belgilangan tartibga ko‘ra, to‘yxona, kafe va restoranlarda 50 nafar va undan ortiq shaxs ishtirokida to‘ylar, ­oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazish uchun fuqaro hamda to‘yxona, kafe, restoran rahbari o‘rtasida shartnoma tuziladi. Shartnomada taraflarning huquq va majburiyatlari, to‘lov, xarajatlari miqdori, tadbir ishtirokchilari soni, muddati hamda amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan boshqa talab­lar ko‘rsatiladi.
Bundan tashqari, tadbir o‘tkazayotgan shaxs bir hafta oldin qaysi to‘yxonada va necha nafar odamga to‘y qilayotgani haqida o‘zi yashayotgan mahalla idorasiga xabar berishi kerak. Mahalla qoshida tuzilgan maxsus komissiya vakillari ushbu to‘yda nazoratchi vakil sifatida ishtirok etadi. Agar yunusobodlik fuqaro Shayxontohur tumani hududida joylashgan to‘yxonada tadbirini o‘tkazadigan bo‘lsa, to‘yni nazorat qilish ham Yunusobod tumani fuqarosi yashaydigan mahalla qoshidagi komissiya zimmasiga tushadi.
Avvalo, qaror isrofgarchilik va dabdabadan xalos bo‘lish maqsadida ishlab chiqilgan ekan, uning ilovasida «dabdaba» va «isrofgarchilik» tushunchasi, ularning me’yor bilan chegarasi aniq ko‘rsatilishi kerak. Chunki kimdir uchun to‘yda 4-5 xil ovqat tortilishi me’yor bo‘lsa, kimdir buni 2 xil taomda deb biladi. Mayli, taom turini to‘y sohibi belgilasin, ammo uning me’yoriy soni ko‘rsatilishi kerak. Bu jihatlarni hamma har xil talqin qilishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim.
Darvoqe, shu o‘rinda qarordagi aholi va tadbirkorlar tomonidan ko‘plab e’tirozlarga uchrayotgan jihat – odam sonining cheklanishi xususida ikki og‘iz so‘z. To‘y-marosimlarda odam sonining kam bo‘lgani yaxshi, albatta. Ammo bu bilan to‘ylardagi dabdababozlikni to‘xtatishning mutlaqo iloji yo‘q. Chunki ayrimlar 250 nafar odam bilan ham istagancha isrofgarchilik (dasturxonga baliqning uvuldirig‘idan tortib «anqoning urug‘i»gacha qo‘yadiganlar bor) qilishi mumkin. Demak, bu borada shunday tizim yaratilsinki, mentalitetga yot g‘oyalarga yo‘g‘rilgan turli muhabbat hikoyalari-yu qaynona-kelin, kelin-kuyov duetlariga butunlay barham berilsin. To‘yxonalar shunday tizim asosida faoliyat yuritsinki, toki ularda ortiqcha ko‘ngilxushliklar qilishning aslo iloji bo‘lmasin.
Kortej masalasi. Nizomda kelin-kuyovning to‘yxonaga kelishi va ketishi bilan bog‘liq oilaviy tadbirlarda 3 tadan ko‘p yengil avtomashinadan yoki jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi bosh­­qa transport vositalaridan foydalanmaslik ta’kidlangan. Biroq keyingi xatboshida «pulli avtotransport xizmati litsenziyaga ega bo‘lmagan tashuvchilar tomonidan ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymaslik, to‘y egalarining shaxsiy avtomashinalaridan hamda homiylar yordamida jalb etilgan avtotransport vositalaridan foydalanilgan hollar bundan ­mustasno» deyiladi. Aynan shu band kelin-kuyov kortejining soni oshishiga sabab bo‘lishi mumkin. Chunki hozir har bir oilada bitta yoki ikkitadan avtomashina bo‘lib, to‘y egalariga bemalol qarindosh-­urug‘lar homiylik qilishi mumkin. Shu bois, homiylik yoki homiysiz asosda ham kelin-kuyov korteji soniga yanada aniqlik kiritilishi zarur.
Uchinchidan, to‘yxonasini bankdan kredit olib qurgan tadbirkorlar uchun ham qandaydir imtiyozlar berish masalasi ham ko‘rib chiqilishi kerak.
To‘rtinchidan, narxlar sun’iy oshirilishining oldini olish masalasi bilan ham qog‘oz yoki hisobot uchun ayrim joylardagina emas, jiddiy va muntazam, toki qaror ijrosiga to‘liq erishilgunicha mamlakat bo‘ylab shug‘ullanilishi lozim.
Beshinchidan, qarorda to‘y-marosimlarda ikki nafardan ortiq xonandaning (guruhning) xizmat ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yil­maydi, deyilgan. Bizningcha, asosiy e’tiborni shu san’atkorlarning to‘yga kelayotgan narxlarini arzonlashtirishga qaratsak, xalqimiz uchun ko‘proq foydali bo‘lardi. Masalan, shu kecha-kunduzda Toshkent shahrida bir mashhur san’atkor «birrov»ga 1000 AQSh dollaridan kamiga kelmaydi. Tabiiyki, bunday narxni o‘rtahol aholining cho‘ntagi ko‘tarmaydi.
Oltinchidan va eng asosiysi, mazkur qaror o‘rtahol va kambag‘al odamlarni ovutish uchungina xizmat qilmasin. Unga boy-u kambag‘al birdek amal qilsin. Eng avvalo, amaldorlar, mazkur qaror ustida bosh qotirgan mutasaddilarning o‘zlari ham ushbu tartib asosida to‘y-tomosha o‘tkazsin. So‘ng bunday to‘ylar OAVlarda targ‘ib qilinsinki, oddiy xalq ulardan andaza olsin. Zero, shu yo‘l bilangina kutilgan natijaga erishamiz. Aks holda, barcha urinishlarimiz bekor. Gapning lo‘ndasini aytganda, yangi tizim amaliyotda shunday toza va sof ishlasinki, dabdababozlik borasida yana qog‘oz qoralashga aslo hojat qolmasin.

G‘ulomjon MIRAHMEDOV,
Zebo NAMOZOVA.
Manba: «Ishonch» gazetasi.