«Ijtimoy-siyosiy gazetalarni sotmaymiz…»

2020-01-03T13:16:32+05:003 January, 2020|Hafta maqolasi, Umumiy yangiliklar|

Gazeta chop etish va sotishdan maqsad faqat foyda olish emas, janob mutasaddilar!

Bugun jamiyatda ommaviy axborot vositalarining ahamiyati haqida gapirish baayni kislorodning inson ong-shuuriga, qon tomirlariga foydasi xususida so‘z yuritish bilan barobar. Insoniyat o‘z tamadduni mobaynida yaratgan eng katta kashfiyot alifbo bo‘lsa, taraqqiyotni ta’minlashning, butun jamiyat va alohida olingan har bir insonning haq-huquqlarini, manfaatlarini himoya qilishning eng maqbul va uzoq sinovdan o‘tgan vositasi OAV bo‘lib qolaveradi. Axir bejiz butun dunyoda aynan matbuot “to‘rtinchi hokimiyat” sifatida e’tirof etilmagan!

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev O‘zbekis­ton Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida bu borada lo‘nda fikrlarni o‘rtaga tashladi:

“Ommaviy axborot vositalari qonuniylikni qaror toptirishda chinakam “jamiyat ko‘zgusi”ga aylanishi kerak. So‘z erkinligini ta’minlashga qaratilgan islohotlar o‘tgan uch yilda jamiyatimiz hayotida tub burilish yasadi.

Bugungi kunda xalqimiz orasida yurib, uni qiynayotgan ijtimoiy muammolarni ko‘rsatib berayotgan eng katta kuch — bu, mustaqil va xolis ommaviy axborot vositalaridir.

…Aslida, demokratik jamiyatda barcha davlat xizmatchilari ommaviy axborot vositalari bilan yaqin ijtimoiy hamkorlik qilishga o‘rganishi kerak”.

OAVning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyati xususidagi bu gaplardan orttirib biron nima de­yish qiyin, albatta.

Shubhasiz, har bir axborot vositasi o‘quvchisi bilan tirik. Tabiiyki, nashrlar o‘quvchilari va muxlislarining ko‘pligi ularning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlaydi. Ayni paytda bugungi axborot asrida ma’lumotlarning o‘quvchilarga tez yetib borishi katta ahamiyatga ega. Aslini olganda ham dunyoning u chekkasida ro‘y bergan voqea-hodisalar oniy lahzalar ichida sayyoramizning bu chekkasida aks-sado bermoqda.

Yurtimizda ommaviy axborot vositalarining o‘quvchilar qo‘liga vaqtida yetib borishi yuzasidan ancha ishlar amalga oshirildi, bu tizim faoliyati davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda, ularga turli imtiyoz va yengilliklar berilmoqda.

Ammo yaratilgan shart-sharoitlardan samarali foydalanish o‘rniga tizimda butun sa’y-harakatni nima qilib bo‘lsa ham o‘zini ortiqcha urintirmasdan pul topish niyatida bo‘lgan mutasaddilar hamon uchrab turishi kishini taajjubga soladi. Bunday “taka bo‘lsin, sut bersin” qabilida ishlayotgan rahbarlarning ayrim xurmacha qiliqlaridan yoqangizni ushlaysiz.

Gap shundaki, 2020 yil uchun sotuvga chiqariladigan gazetalarga shartnoma tuzilayotgan payt­da bir emas, bir yo‘la olti viloyat matbuot tarqatuvchi tashkilot rahbarlari 2020 yilda ijtimoiy-siyo­siy gazetalarni sotuvga chiqarmasliklarini ma’lum qilishdi! Qaysi viloyatlar deysizmi, marhamat, tanishing, bular: Samarqand, Navoiy, Toshkent, Jizzax, Sirdaryo, Qashqadaryo viloyatlari. Bahona ham tap-tayyor: bunday gazetalar ularga foyda keltirmas emish.

“Yo, piray!” demay ilojingiz yo‘q. Bular qachon birgalikda bunday qarorga kelib ulgurishdi ekan-a?!

Ularning fikricha, bugun mazkur muassasalar ko‘p miqdorda olayotgan “sariq matbuot” nashr­larigina jaraq-jaraq foyda keltirar ekan! Demak, mazkur muassasalar uchun pul bo‘lsa bas ekan-da?! Nashr nimaga xizmat qiladi, kimga xizmat qiladi — buning pul bandalari uchun bir chaqalik ahamiyati yo‘q!

Axir qaysi bir tepasiga “Matbuot” deb yozib qo‘yilgan do‘konga bormang, peshtaxtada yarim yalan­g‘och qizlarning surati bosilgan, qandaydir mafioz-pafiozlarning axloqsiz sarguzashtlari bitilgan, “yulduz” san’atkorlarning qo‘ydi-chiqdisi ezibichki qilingan nashrlar peshtaxtada qatorlashib turadi! Ularning ortida saqich! Yana… Mayli, bu yog‘ini aytmay qo‘ya qolaylik…

Biron markaziy gazetani so‘rasangiz (vaholanki, ko‘p hollarda markaziy gazetalar matbuot do‘konlariga atigi bir-ikki donadan beriladi!), sotuvchi izlashga ham erinib, “yo‘q” deb qo‘yaveradi. Darvoqe, ko‘p hollarda markaziy nashrlar bunday tashkilotlar omborxonasida taxi buzilmay yotishi, so‘ng, ma’lum muddat o‘tgach, shunday taxi buzilmasdan, “sotilmadi” degan bahona bilan ortga qaytarilishi ham bor gap.

Mana, sizlarga bor haqiqat, muhtaram mutasaddilar? Shu yurt­da yashab, shu elning non-tuzini yeb, yana o‘quvchilarni ma’naviyatimizga, mafkuramizga xizmat qiladigan nashrlardan ham mahrum etasizmi? Gazeta o‘qimagan odam, jurnal o‘qimagan odam ertaga qanday qilib kitob o‘qiydi? Sizlar xalq manfaati uchun xizmat qilasizlarmi yoki “ommaviy madaniyat”ga? Axir bu “ommaviy madaniyat” deganlari faqatgina xorijdan kirib kelmaydi, ko‘p hollarda shundaygina yonimizda yaratiladi, so‘ng bo‘yab-bejab ommaga yetkaziladi. Aksariyat hollarda sizlarning vositachiligingizda. Sizlar orqali. Zero, arzon va yolg‘on narsaning xaridori ko‘p bo‘ladi…

Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha ulug‘vor ishlarning asl mohiyati Vatanimizni yanada yuksaltirishga, xal­qimizni yaratuvchiliklarga, bun­yodkorliklarga undovchi milliy g‘oya yaratishga qaratilgan. Milliy g‘oya esa siyosiy qarashlar, siyosiy kuchlar, siyosiy fikrlarning turli munosabatlari orqali yuzaga keladi. Bas, shunday ekan, xal­qimizni siyosiy munosabatlarning shakl­lanishidan, milliy g‘oyamizning yuzaga kelish jarayonidan ajratishga bo‘lgan bu urinishni yuqoridagi oltita viloyat ommaviy axborot vositalari tarqatuvchi tashkilot mutasaddilari qanday tushunishar ekan?!

Vaqt o‘tadi. Bugun siz markaziy nashrlardan voz kechib, olomonbop nashrlarni sotishdan topgan million-million so‘mingiz ertaga bizga nima keltiradi, qay shaklda, qay mohiyatda qaytadi? Shu tariqa Sizlar ham “omma­viy madaniyat”ning ijrochilariga aylanib qolmayapsizlarmi, janob mutasaddilar?

Yuqorida Prezidentimizning ommaviy axborot vositalari haqidagi fikrini bejizga keltirmadik. Mamlakatimiz rahbarining shu fikrlaridan birini yana bir bor eslatsak: “Demokratik jamiyatda barcha davlat xizmatchilari ommaviy axborot vositalari bilan yaqin ijtimoiy hamkorlik qilishga o‘rganishi kerak”.

Demak, yuqoridagi oltita viloyat matbuot tarqatuvchi, sotuvchi tashkilotlari rahbarlarining maslaklaridan kelib chiqib aytish mumkinki, ular yo respublikamiz Prezidentining bu boradagi fikrlarini e’tirof etishmaydi, yo mamlakatimizning demokratik taraqqiyot yo‘lini tan olishmaydi, yoki “siyosiy savodxonliklari” nihoyatda oshib ketgan. Zero, bunday mutasaddilarni ommaviy axborot vositalarining jonkuyarlari emas, “zamonaviy kushandalari”, deyish mumkin.

Ha, sizlarning bahonalaringiz hamisha tayyor, chindan ham pul kerak. Ammo puldan ulug‘ narsalar ham bor. Bu Vatanga muhabbat, uning ham buguni, ham ertangi kuni haqida qayg‘urish, chin e’tiqod, ona xalqni sevish… Bas, shunday ekan, o‘z vazifamizga, burchimizga, kelajak oldidagi mas’uliyatimizga jiddiylik bilan qaraylik. Yoki sizlar boshqacha fikrdamisizlar?..

Tahririyat.

Manba: «Adolat» gazetasi.