Shavkat Mirziyoyev: 2020 yil yoshlarga oid davlat siyosatida tub burilish yili bo‘ladi

2019-12-27T10:57:34+05:0027 December, 2019|Umumiy yangiliklar|

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 dekabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabda yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Oxirgi yillarda o‘sib kelayotan avlodga oid davlat siyosatining huquqiy asoslari mustahkamlanib, Yoshlar masalalari bo‘yicha respublika idoralararo kengashi tuzildi.

O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tashkil etilib, 30 iyun Yoshlar kuni deb e’lon qilindi. Hozirda Ittifoqning 7 million 690 ming nafar a’zosi mavjud.

Joylarda 8 nafar yosh avlod vakillari hokim o‘rinbosari etib tayinlangan. Yaqinda bo‘lib o‘tgan saylovlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga 9 nafar yigit-qiz saylangan, mahalliy kengashlarda g‘alaba qozonganlarning qariyb 10 foizini yoshlar tashkil etadi.

– Yoshlar orasida “Men Sizning yoningizda turib, kamarbasta bo‘laman!” deb ko‘zi yonib turgan, bilimli, jasoratli yigit-qizlar borligiga ishonaman. Yetakchilikning, o‘z ortidan ergashtirishning eng to‘g‘ri yo‘li shaxsiy o‘rnak va namuna bo‘lishdir, – dedi Prezident.

Uchrashuvda yoshlar hayotidagi muammolar, dolzarb vazifalar muhokama qilindi.

Yurtimizda yosh rahbarlarni saralaydigan, ularning layoqatiga mos lavozimlarni taklif etadigan samarali mexanizm mavjud emasligi aytib o‘tildi.

Globallashuv sharoitidagi xavf-xatarlar va mafkuraviy xurujlar haqida so‘z borar ekan, Prezident ma’rifatparvar bobomiz Fitratning “Bu dunyo kurash maydonidir.

Sog‘lom tan, o‘tkir aql va yaxshi axloq bu maydon qurolidir”, degan so‘zlarini yodga oldi.

Yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilik, oilaviy ajrimlarning oldini olish bo‘yicha tegishli tashkilotlar rahbarlariga ko‘rsatmalar berildi.

Besh tashabbusning har bir yo‘nalishini tuman va shaharlarda tizimli amalga oshirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

O‘tgan yili mamlakatimizda buyuk alloma Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Yosh matematiklar xalqaro olimpiadasi muvaffaqiyatli o‘tkazilgan edi. Davlatimiz rahbari ushbu tajriba asosida fizika bo‘yicha Ahmad Farg‘oniy, kimyo fani bo‘yicha Abu Rayhon Beruniy, biologiya bo‘yicha Abu Ali ibn Sino, astronomiya bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek nomlaridagi xalqaro fan olimpiadalari tashkil etish taklifini ilgari surdi.

Yoshlar ittifoqi negizida Yoshlar ishlari agentligi tashkil etish tashabbusi yig‘ilganlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

O‘sib kelayotgan avlod auditoriyasiga yo‘naltirilgan tele- va radiokanallar, bosma nashrlarni birlashtirib, “Yoshlar media xoldingi” tashkil etish taklifi ham bildirildi.

– Yangi O‘zbekistonni, albatta, yoshlar bilan birga quramiz. 2020 yil yoshlarga oid davlat siyosatida tub burilish yili bo‘ladi, – deya ta’kidladi Prezident.

Ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda navqiron avlod vakillari o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Davlatimiz rahbari ularning takliflari bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Yig‘ilishni videokonferensiya orqali mamlakatimizning barcha hududlaridagi yoshlar kuzatib bordi.