Kerakli nashr obunasi “majburiy” bo‘lishi lozim

2019-12-27T06:58:11+05:0027 December, 2019|Umumiy yangiliklar|

Hozir keskin o‘zgarishlar, yangilanishlar davrida yashayapmiz. Jurnalistlarga ommaviy axborot vositalarida kamchiliklarni oshkora aytish uchun erkinlik yaratildi. Davlat idoralari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatildi. Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xodimlari aholi huzuriga keladigan bo‘ldi.

Mamlakatimizda ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun imkoniyatlar yaratildi. Buning tarkibida yangi blogerlar yo‘nalishi paydo bo‘lib, ijtimoiy tarmoqlarda ular ham o‘z fikrlarini erkin aytadigan bo‘ldi. Ammo shu o‘rinda bir gapni aytish o‘rinli, deb o‘ylayman. Erkinlik – o‘zboshimchalik emas! Erkinlik – bu nima xohlasam qilaverishim mumkin, degani ham emas. Erkinlikning zamirida to‘g‘ri gapni ayta olish tamoyi­li yotadi. To‘g‘ri gapni ayta olmasdan, kimgadir ma’qul bo‘lish uchun boshqa sox­ta gaplar bilan birovning “obro‘sini ko‘tarish”ga harakat qilmaslik yoki qandaydir, jamiyatimizga to‘g‘ri kelmaydigan siyosatni yoqlab, chiqish qilib «ochko» olish kerak emas.

Endi cheklovlarga kelsak, hozir majburiy mehnat taqiqlandi, shuningdek, majburiy obuna ham. Ammo majburiy mehnat taqiqlangani, mehnat qilmasdan yashash degani emas va mos ravishda, majburiy obuna bekor qilingani obuna bo‘lmaslik degani ham emas. Ko‘pchilik obuna bo‘lish masalasi haqida gap ketganda, «Hamma narsa internetda bor-ku, gazeta nimaga kerak?» deydi. Haqiqatan ham internet yaxshi. Ammo internet gazeta yoki jurnal o‘rnini bosa olmaydi.

Shuning uchun har bir oilada, albatta, oilaning ehtiyojiga mos gazeta va jurnallar bo‘lishi kerak.

Maqola sarlavhasini bejiz «Kerakli nashr obunasi “majburiy” bo‘lishi lozim», deb yozmadim. Hozirgi zamonda har bir kishi yoshidan, kasbidan, e’tiqodidan qat’i nazar, axborotlarsiz yashashi qi­yin. Shunday ekan bu ehtiyojni o‘zi qondirishi kerak. Buni qanday qilib amalga oshirish har bir kishining o‘ziga havola. Internetdan odatda jamiyatda sodir bo‘layotgan hodisa va jarayonlar haqida axborotlarnigina olish mumkin. Ammo axborotlarning tahlili jurnalistlar va maqola mualliflari tomonidan yozilgan maqolalarda o‘z aksini topadi. Shu tufayli gazeta tezkorligi jihatidan internetdek bo‘la olmaydi va mos ravishda, internet ham jamiyatda sodir bo‘layotgan hodisa va jarayonlarning mazmun-mohiya­tini chuqur tahlil qilib, ochib berishi nuqtai nazaridan gazetaning o‘rnini bosa olmaydi. Shu jihatdan internetdan foydalanish bilan birga gazetalarga obuna bo‘lishni ham inkor qilmaslik kerak. Men aynan qaysidir bir gazetaga obuna bo‘lish haqida aytmayapman, ammo hammaning yo‘nalishiga mos gazetalar bor, kim qaysini ma’qul ko‘rsa, aynan shu gazeta yoki jurnalga obuna bo‘lishi mumkin.

Endi obunaning “majburiy”ligi masalasi haqida gapirmoqchiman. Bizni falon gazetaga, albatta obuna bo‘lish kerak, deb hech kim aytayotgan emas. Ammo bundan biz gazeta o‘qimasak ham bo‘laveradi, degan xulosaga kelmasligimiz lozim. Har bir odam o‘zining ehtiyojidan kelib chiqib tegishli gazetalarga obuna bo‘lishi maqsadga muvofiq.

Jamiyat ham katta organizm. Uni ham ma’lum me’yorda, sog‘lom holda ushlab turish lozim bo‘ladi. Uning ham “isitmasi” bor, “kasal” bo‘lib qolishi ham mumkin. Buni davolash uchun muolaja kerak bo‘ladi. Agar buni shifokorlikka qiyos qiladigan bo‘lsak, internet “tez yordam”ning xizmatini bajaradi, kasallik haqida tezkor xulosa chiqarish uchun tegishli axborotlarni beradi. Gazeta esa “ko‘p tarmoqli shifoxona”. Unda tizimli muolajalar olib boriladi va asta-sekinlik bilan jamiyatdagi kasalliklarni, illatlarni davolab, organizm­ni tozalaydi.

O‘zimdan misol. Men to‘rtta gazetani muntazam o‘qib bormasam, nimanidir yo‘qotgandek bo‘laveraman. Ma’naviy ehtiyojimda kamchilik sezaveraman.

Umuman, atrofdagi o‘zgarishlar haqidagi maqolalarni o‘qimasak, undan bexabar bo‘lsak, qanday qilib jamiyat bilan hamnafas bo‘lishimiz mumkin?

Mamayunus PARDAYEV,

SamISI professori.

Manba: «Zarafshon» gazetasi