Ma’naviyat tilanchilariga eshiklar qulflanganmi?

2019-12-26T06:06:15+05:0026 December, 2019|Umumiy yangiliklar|

Kuni kecha “Ishonch” gazetasi qo‘ng‘iroq qilib, bizni mehmonga taklif qildi… Bilasiz, hozirgi OBUNA degan vabo butun mamlakatimiz bo‘y­lab izg‘ib yurgan bir paytda bunday bag‘rikeng­lik hammaning ham qo‘lidan ke­la­vermaydi…

Loqaydlik, qilayotgan ishingni qadrlamaslik va eng yomoni, sen taqdim etayotgan Ma’naviyatni tushunmaslik juda jonimdan o‘tib ketganmi, ko‘zlarim yoshlandi. Mehrga zor, muhabbatga muhtoj gazetam qarshisida hamisha o‘zimni aybdor hisoblayman! Turli shov-shuvlar, yolg‘on reklamalarga to‘la bozorgir gazeta chiqarolmaganim uchun o‘zimni noqulay his qilaman! Qani endi bizni tushunadigan odam bo‘lsa? O‘quvchilarimizga oddiygina qog‘oz emas, ma’naviyat taqdim etayotganimizni tushunadigan Inson topilsa? Kitob o‘qimagan insonga gazeta, jurnalning qizig‘i bormi? Ayniqsa, u rahbar bo‘lsa?! Ayniqsa, u ziyoli bo‘lsa?!

Bizning sho‘rimizning ko‘pligi aynan shu joyda emasmi? Gazetaning har sonini nashrga tayyorlayotgan payt titrayotgan so‘zlar oralab uchib yurar ekanmiz, Xalqimizga, Millatimizga yaxshi adabiy-badiiy, tafakkurni yuksaltiradigan material taqdim etish uchun xorijlik 38 nafar vakilimiz va 56 nafar tarjimonimiz bilan ko‘nglimizdan kechadigan tuyg‘ular o‘zimizga ayon… Bugun… ayni kunlarda yuragimiz biroz muzlagan! Diydalarimiz diydiragan ko‘yi atrofga alanglaymiz… Kimga aytsak ekan? Bizni eshitadiganlar bormi? Kimning eshigini taqillatib borsak bo‘ladi? Ma’naviyat tilanchilariga eshiklar qulflanganmi? Tafakkur Dunyosi qorong‘ulik ichida umr kechirayotgan ayni kunlarda Ma’naviyat, Ma’rifat haqida gapirsang, ko‘zlarini chetga olib qochadigan, ensalari qotayotganini yashirolmaydigan, ma’naviyatlari o‘tirgan o‘rnilaridan ancha pastligidan hijolat chekmaydigan bechora rahbarlarga achinishingniyam bilmaysan… Faqat… Kitob o‘qiganni qadrlaydigan, Millat va Ma’naviyat uchun jonini jabborga berib ter to‘kayotgan Prezidentimga qanot bo‘lgim keladi, tashakkur bildirgim keladi. Bu hol yana qancha davom etadi? Ziyoli rahbarlar o‘zlari nashriyotlarga kelib, kitob buyurtma qilmas ekanlar, o‘zlari istagan gazeta, jurnal eshigiga turib olib, obuna uchun jon kuydirmas ekanlar, bizlarning hali-beri o‘zgarishimiz qiyin, ma’naviyat inqirozi davom etaveradi. Nima demoqchi edim, ha, aytganday, rahmat Senga, “Ishonch”!

Xosiyat RUSTAMOVA,

“Kitob dunyosi” gazetasi Bosh muharriri.