2019 yildagi faoliyat yakunlari va iqtiqboldagi rejalar muhokama etildi

2019-12-26T06:03:35+05:0026 December, 2019|Umumiy yangiliklar|

25 dekabr kuni Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi boshqaruvi yig‘ilishi o‘tkazildi.

Unda uyushmaning boshqaruv a’zolari va kengashlar raislari, hamkor tashkilotlar vakillari hamda jurnalistlar ishtirok etdi.

Yig‘ilishda uyushma tomonidan 2019 yilda amalsha oshirilgan ishlar hamda 2020 yil rejalari haqida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa’dulla Hakimovning axboroti tinglandi.

O‘tgan vaqt davomida uyushma a’zolarining moddiy va ma’naviy manfaatlarini, ijodiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga katta e’tibor qaratilgan. Mulkchilik shaklidan qat’iy nazar, gazeta-jurnallar, teleradiokanallar, nashriyotlar, axborot agentliklari va internet nashrlarida ishlayotgan jurnalistlarning, shuningdek, erkin ijodkorlarning ijodiy hamda mualliflik huquqlarini, sha’ni va qadr-qimmatini, qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga tegishli ijodiy-uslubiy yordam va ko‘mak berish, ijtimoiy-maishiy sharoitlarini yaxshilash, moddiy va ma’naviy rag‘batlantirishga ko‘maklashish borasida muayyan ishlar olib borildi. Bir qator tadbirlar, konferensiya va davra suhbatlari, seminar va treninglar, mediaturlar, mintaqaviy o‘quv tadbirlari o‘tkazildi.

— 2019 yil mamlakatimiz uchun sermazmun va voqealarga boy bo‘ldi, —dedi S.Hakimov. — Biz yil davomida shohid bo‘lgan ishlarni “yangilanish” degan so‘z bilan yaqqol ifoda etish mumkin. Yangilanayotgan O‘zbekiston, yangilanayotgan jamiyat, yangilanayotgan dunyoqarash, yangilanayotgan tafakkur. Yangi saylovlar. Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasida ta’kidlaganidek, “islohot – bu yangilanish, o‘zgarish degani. Islohotlar ijobiy natija berishi uchun, avvalo, odamlarimiz o‘zgarishi kerak. Inson o‘zgarsa, jamiyat o‘zgaradi”. Jurnalistlar ijodiy uyushmasi yil davomida o‘z faoliyatini ana shunday zamon talablari asosida tashkil etishga harakat qildi.

Jumladan “Oltin qalam”, “Yilning eng faol jurnalisti”, “Eng ulug‘, eng aziz” kabi tanlovlarini tashkil etish va g‘oliblarni munosib taqdirlash tadbirlarini yuыori saviyada o‘tkazishga jiddiy e’tibor qaratildi. Bu o‘rinda “Oltin qalam” milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovining nufuzi nafaqat mamlakat ichida, balki chet ellik jurnalistlar o‘rtasida ham tobora ortib borayotganini alohida ta’kidlash joiz. Bu yil tanlov 14-nchi marta o‘tkazildi.Unda 520 dan ortiq mahalliy va chet ellik jurnalist 7000 ga yaqin materiali bilan ishtirok etdi. Ular orasidan Bosh milliy mukofot sohibi va 12 ta asosiy mukofot egalari, shuningdek, to‘rtta rag‘batlantiruvchi sovrindorlar aniqlandi. Bosh milliy mukofotga ikki jamoa – Xalqaro press klub va “O‘zbekiston-24” telekanali sazovor bo‘ldi. O‘z faoliyatini ana shunday zamon talablari asosida tashkil etishga harakat qildi. Bu borada, birinchi navbatda, Respublika ijodkorlarini qo‘llab-quvvatlash “Ilhom” jamoat fondi va Respublika tovar-xom ashyo birjasining moliyaviy ko‘magi mustahkam zamin bo‘ldi.

Uyushma joriy yilda xalqaro tashkilotlar— YuNESKO, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazining filiali (RETsSA), YuSAIDning Sil kasalligiga qarshi kurash dasturi, DVV International (Germaniya), “Regional dialog” (Sloveniya) kabi xalqaro tashkilotlarning O‘zbekistondagi vakolatxonalari, AQSh, Turkiya, Rossiya Federatsiyasi va Xitoy Xalq Respublikasining elchixonalari, shuningdek, milliy hamkorlar – O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashi, Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Atom energetikasini rivojlantirish agentligi va «Rosatom» davlat korporatsiyasi ham o‘z nominatsiyalari bilan qatnashdilar. Nominatsiyalar g‘oliblarining aksariyati xorijiy mamlakatlarga ijodiy safar yo‘llanmasi bilan taqdirlanganlarini alohida ta’kidlash joiz. Bunday safarlar ularning chet ellardagi kasbdoshlari bilan tanishuvlari va tajriba almashuvlariga, zamonaviy bilim-ko‘nikmalari oshishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, anjumanda joriy yilning 17 iyul kuni O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining to‘rtinchi konferensiyasi bo‘lib o‘tgani qayd etildi. Konferensiyada yigirma yildan ortiq vaqtdan beri o‘z yechimini topmay kelayotgan uyushma a’zoligiga qabulni tiklash masalasi ijobiy hal etilgani, a’zolikka qabul qilish haqida nizom ishlab chiqildi va tasdiqlangani, konferensiyada yana bir muhim hujjat – “O‘zbekiston jurnalistlarining kasb etikasi kodeksi” qabul qilindi. Uning Jamoatchilik kengashi tashkil etilgani ta’kidlandi.

Joriy yilda 34 nafar jurnalist yuksak davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, 5 nafar jurnalistga Respublika “Faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi tomonidan “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni berilgan.

Shu yildan e’tiboran jurnalistlarni mamlakatning turli hududlarida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoni bilan yaqindan tanishtirish maqsadida tashkil etilgan Media-tur loyihasi mutasaddi yuqori tashkilotlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanganini alohida ta’kidlash joiz. Shunday media-tur Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlarida tashkil etildi. Bir misol, shu yil 2019 yil 1 avgust kuni Sirdaryo viloyatiga uyushtirilgan “Jurnalist va hayot” mavzuida bir kunlik media-turda respublika OAV dan 24 nafar jurnalist ishtirok etdi. Respublika nashrlarida 19 ta, veb-saytlarda 3 ta tahliliy maqola, fotoreportajlar e’lon qilindi, 3 ta teleko‘rsatuv namoyish etildi.

Jurnalistlarni ijtimoiy muhofaza qilish, rag‘batlantirish, ularning mehnat, turmush va dam olish sharoitlarini yaxshilash maqsadida 3 nafar jurnalistga (A.Abdumannopov, Sh.Jabborov, X.Ibrohimov) yashab turgan uy-joy sharoitlarini yaxshilash uchun Toshkent shahar hokimligiga xat qiritildi. Hududlarda 14 nafar jurnalistga viloyatlar hokimliklari tomonidan imtiyozli kredit asosida yangi uy-joylar berildi. 12 nafariga yer uchastkalari ajratildi.

Keksa, ko‘makka muhtoj jurnalistlarni ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan tadbirlar amalga oshirilib, bayramlar arafasida ularning har biriga 400 ming so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi. Bundan tashqari 43 nafar keksa faxriy jurnalistlarning yubiley tadbirlari uyushtirilgan.

Ilk bora yosh jurnalistlarning ijod namunalaridan iborat “Yosh yurakalar sadosi” to‘plami nashr etildi. Undan 44 nafar yosh jurnalistning OAVda chop etilgan eng sara materiallari o‘rin oldi. Kitob matbuot ahli, ayniqsa yoshlar tomonidan iliq kutib olindi.

2019 yilda uyushmaning xalqaro aloqalari yangi bosqichga ko‘tarildi. Uyushma raisi mart oyi oxirlarida Koreya Jurnalistlar assotsiatsiyasi taklifiga ko‘ra, Seulda o‘tkazilgan xalqaro anjumanda qatnashdi. Anjuman doirasida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi bilan Koreya Jurnalistlar assotsiatsiyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik kelishuvi imzolandi.

Huddi shunday kelishuv joriy yilning sentyabr oyida Xitoy tomoni taklifiga ko‘ra uyushma raisining bu mamlakatga tashrifi doirasida Umumxitoy Jurnalistlar assotsiatsiyasi bilan ham imzolandi .Bu har ikki mamlakat Jurnalistik tashkilotlari bilan do‘stona aloqalar yo‘lga qo‘yildi.

Xususan, joriy yilning 8-13 oktyabr kunlari Koreya Jurnalistlar assotsiatsiyasi prezidenti boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizga tashrif buyurdi. Mehmonlar mamlakatimizning yetakchi OAV faoliyati bilan tanishdilar, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining mediamarkazida, “Xalq so‘zi” gazetasi tahririyatida uchrashuvlar o‘tkazildi.

2020 yilda ham Uyushma va uning hududiy bo‘limlari faoliyatini yanada takomillashtirish rejalashtirilmmoqda. Yil davomida OAV sohasini rivojlantirish, qonunchilik asoslarini mustahkamlash, ularning moddiy texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha takliflar tayyorlash, ularni tegishli tashkilotlarga taqdim etish ishlari davom ettiriladi.

“Oltin qalam” milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovining nufuzi nafaqat mamlakat ichida, balki chet ellik jurnalistlar o‘rtasida nufuzini oshrish maqsadida “Chet ellik jurnalistning O‘zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun” beriladigan rag‘batlantiruvchi mukofot tanlovga nominatsiya sifatida kiritilmoqda. Yangi yildan boshlab mazkur nominatsiya bo‘yicha ham uchta o‘rin g‘oliblari taqdirlanadi.

Yil davomida oltita viloyatga mediatur (markaziy ommaviy axborot vositalari vakillarining hududlarga safarini) tashkil etish ko‘zda tutilyapti. Viloyatlarda to‘rtta mintaqaviy konferensiya o‘tkaziladi.

“O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi yo‘llanmasi bilan” rukni ostida materiallar tayyorlash uchun hududlarga xizmat safari bilan yuborish ishlari davom ettiriladi.

Ta’kidlash joiz, 2020 yilda Uyushmamiz tomonidan mamlakat taraqqiyotini belgilaydigan tub islohotlar mazmun-mohiyatini ochib beradigan, zamonaviy qahramonlar obrazi aks ettirilgan badiiy publitsistik asar va to‘plamlarni nashr etish rejalashtirilmoqda. Xususan, “Yosh yuraklar sadosi” seriyasi ostida, “Islohotlar jurnalistlar nigohida” nomli to‘plamlar chop etish belgilangan. Shuningdek, “O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi yo‘llanmasi bilan” rukni ostida OAVda e’lon qilingan materiallarni to‘plam holida, “O‘zbek jurnalistikasi xrestomatiyasi”ni nashr etish ko‘zda tutilmoqda.

Uyushma muassisligidagi “Hurriyat” gazetasining moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratiladi. Shuningdek, Milliy matbuot markazi faoliyatini yanada takomillashtirish, moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash chora-tadbirlari ko‘riladi.

Xitoy, Rossiya, Janubiy Koreya jurnalistlar uyushmalari bilan hamkorlik memorandumlari imzolashga erishgan. 2020 yilda yurtimiz OAV larida faoliyat olib borayotgan besh nafar faol va iste’dodli jurnalistlarni Janubiy Koreyaga malaka oshirish, tajriba almashish uchun yuborish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, Rossiya va xitoylik taniqli jurnalistlarni O‘zbekistonga ijodiy safarini uyushtirish ko‘zda tutilmoqda. Yirik xalqaro mediatuzilmalar va taniqli OAVlar faoliyati bilan tanishuv, ular bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘yish, Polsha, Mongoliya, Turkiya, shuningdek, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston kabi Markaziy Osiyo davlatlari Jurnalistlar uyushmalari bilan hamkorlik memorandumlarini imzolash ham 2020 yilgi asosiy ish rejamizga kiritilmoqda. yosh jurnalistlarining yilda bir marta o‘tkaziladigan “Umid uchqunlari” seminari ilk tadbirini tashkil etish, Markaziy Osiyo davlatlari media tuzilmalari “I-xalqaro forumini” o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda.

Yig‘ilishda uyushma faoliyatiga doir masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar, taklif va tavsiyalar bidirildi.

Jobir XO‘JAQULOV