Pokistonlik muharrir O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida

2019-12-25T07:41:10+05:0025 December, 2019|Umumiy yangiliklar|

Pokiston Respublikasining 42 000 nusxada chop etiladigan “Ittihod” gazetasi bosh muharriri, 10 000 nusxada chiqadigan “Xalqaro tinchlik” jurnali muassisi Tohir Foruq O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga keldi. Uyushma jamoasi va binomizda joylashgan tahririyatlar – “Yoshlik”, “Jahon adabiyoti”, “Sharq yulduzi” – “Zvezda Vostoka” jurnallari tahririyatlari, “Ijod” jamoat fondi bilan tanishdi. Konferentsiya zali kirishida Zahiriddin Muhammad Boburning: “Alisherbek naziri yo‘q kishi edi. Turkiy til bila to she’r aytibturlar, hech kim oncha ko‘p va xo‘p aytqon emas” degan so‘zlarini ko‘rib: “Agar Bobur bo‘lmaganida, Pokiston degan davlat bo‘lmasdi!” deya davlat arbobini e’tirof etdi.

Mehmonni “Ijod” kitob do‘koni bilan tanishtirar ekanmiz, uyushma tomonidan Chingiz Aytmatov, Matyoqub Qo‘shjonov, Ozod Sharafiddinov, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Halima Xudoyberdieva, Tog‘ay Murodning saylanma kitoblari chop etilganini bilib: “Sizlar yaxshi ishlar qilayotgan ekansizlar. Bizda bunday imkoniyat yo‘q” dedi.

Tohir Foruq O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa’dulla Hakim bilan uchrashdi. Ular kelgusidagi adabiy, noshirlik, jurnalistik aloqalarni muhokama qilishdi. Tohir Foruq: “O‘zbekistonga ettinchi marta kelishim. Ta’tilga chiqsam ham, sayohatga chiqish ehtiyoji bo‘lsa ham faqat O‘zbekistonga kelaman. Ota-bobom ham O‘zbekistonga ko‘p kelishgan” dedi. Bunga javoban esa Sirojiddin Sayyid: “Uch marta kelgan mehmon begona sanalmaydi” deya mehmonga ehtirom ko‘rsatdi. Unga uyushma tomonidan Abdurahmon Jomiyning o‘zbek tilidagi “Muhabbat mahzani”, Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanining inglizcha tarjimasi, o‘zbek, ingliz, rus tillarida chop etilgan “Temuriylar tarixi davlat muzeyi” kitoblari sovg‘a qilindi.

Mehmon kelgusida O‘zbekistonda nashriyot ochish, o‘zbek tilidagi asarlarni urdu tiliga, urdu tilidagi asarlarni o‘zbek tiliga tarjima qilishda hissa qo‘shish niyati borligini bildirdi. Mehmonning O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga shu maqsadda kelgani uyushma jamoasini ham xursand qildi. Sirojiddin Sayyid uning bu niyatini amalga oshirishda hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi.

Fozil FARHOD, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi

Axborot xizmati rahbari